Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gulnora Karimovaning Shveytsariyada musodara qilingan 43,5 mln dollar aktivlari tibbiyotga yo‘naltirildi
Mablag‘lar O‘zbekistondagi “Har bir ona va bola yashaydi hamda rivojlanadi: O‘zbekistondagi perinatal markazlarda onalar va bolalar o‘limini qisqartirish” loyihasiga sarflandi.
O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi doirasida “Ishonch” jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilgan ilk sog‘liqni saqlash dasturi yakunlandi. Loyiha doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish uchun 43,5 million AQSh dollari yo‘naltirildi, deb xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Eslatib o‘tamiz, “Ishonch” jamg‘armasi O‘zbekiston va Shveytsariya hukumatlari o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, birinchi prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning noqonuniy aktivlarni O‘zbekiston aholisi manfaatlari yo‘lida shaffof va hisobdorlik tamoyillari asosida sarflashni nazarda tutadi.
Xabarga ko‘ra, 2023 yil sentabr oyida boshlangan “Har bir ona va bola yashaydi hamda rivojlanadi: O‘zbekistondagi perinatal markazlarda onalar va bolalar o‘limini qisqartirish” loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Mazkur dastur “Ishonch” jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan ilk loyiha bo‘lib, UNICEF, UNFPA hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamkorligida amalga oshirildi. Loyiha doirasida 43,5 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish, perinatal xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirildi.
Dastur doirasida respublika bo‘ylab 231 ta perinatal muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Xususan, qariyb 31 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ evaziga inkubatorlar, sun’iy nafas oldirish apparatlari, anesteziya tizimlari va boshqa zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qilinib, hududlardagi perinatal markazlarga yetkazib berildi.

Shuningdek, 80 mingdan ortiq tibbiyot xodimi zamonaviy perinatal yordam, murakkab homiladorlik holatlarini boshqarish, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash hamda laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha malaka oshirdi.
Loyiha doirasida onalik va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 49 ta klinik protokol ishlab chiqildi yoki yangilandi.

Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy o‘z nutqida noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarish va ulardan shaffof hamda hisobdorlik tamoyillari asosida foydalanish Shveytsariya uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, “Ishonch” jamg‘armasi O‘zbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan yaqin hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, qaytarilgan mablag‘larning aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilayotganining yorqin namunasidir.

Ta’kidlanishicha, “Ishonch” jamg‘armasi O‘zbekiston va Shveytsariya hukumatlari o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, qaytarilgan aktivlardan O‘zbekiston xalqi manfaatlari yo‘lida shaffoflik, hisobdorlik va samaradorlik tamoyillari asosida foydalanishni ta’minlaydi. Jamg‘arma milliy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti agentliklari tomonidan amalga oshiriladigan dasturlarni moliyalashtiradi hamda O‘zbekiston, Shveytsariya, BMT va fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat boshqaruv mexanizmi orqali nazorat qilinadi.

Qayd qilinishicha, kelgusida “Ishonch” jamg‘armasi doirasida amalga oshiriladigan dasturlar orqali sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish, aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirish hamda O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
Mavzuga oid
09:45 / 23.06.2026
Shveytsariyadagi muzokaralardan so‘ng Eron nefti uchun yo‘l ochildi
08:55 / 20.06.2026
OAV: Uitkoff Eron bilan muzokaralar uchun Shveytsariyaga yo‘l oldi
20:20 / 14.06.2026
Shveytsariyada referendum: mamlakat aholisi sonini cheklash taklifi rad etildi
16:40 / 12.06.2026