17:16 / 02.06.2017
8092

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Rossiya mehnat federal xizmati delegatsiyasi bilan uchrashdi

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Aziz Abduhakimov Rossiya Federatsiyasining bandlik va mehnat federal xizmati rahbari o‘rinbosari Mixail Ivankov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning joriy yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga qilgan rasmiy safari vaqtida ikki davlat va hukumatlar o‘rtasida bir qator kelishuv va shartnomalar, xususan Rossiya Federatsiyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Rossiya Federatsiyasi hukumati o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada vaqtinchalik mehnat qilishga uyushgan holda jalb etish bo‘yicha kelishuv imzolanganligini bildirdi.
 
Tomonlar mazkur Kelishuvni imzolash ikki davlat o‘rtasida ishchi kuchining ko‘chish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish va xuquqiy jihatdan tartibga solish, mehnatkash migrantlarning xuquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlash ko‘p vaqtdan beri mavjud bo‘lgan zaruriyatdan kelib chiqqanligini bildirishdi. Kelishuvda migratsiya sohasida xalqaro tan olingan prinsiplar belgilanganligini alohida qayd etishdi.  
 
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasining bandlik va mehnat federal xizmati rahbari o‘rinbosari Mixail Ivankov iliq kutib olganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi va Federal xizmat Rossiya Federatsiyasining vakolatli organlaridan biri bo‘lib, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi Kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha mas'ul ekanligini bildirdi.

Uchrashuv davomida ikki muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni davom ettirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani va mehnat migrantlarining xuquq va manfaatlarini himoya qilishning ishonchli mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, bandlik va mehnat munosabatlari sohasida o‘zaro tajriba almashish, ikki davlatning mehnat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish va boshqa masalalarni muhokama qilishdi.

Rossiya Federatsiyasining bandlik va mehnat federal xizmati bandlik va mehnat sohasida nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi ijro hokimiyatining federal organi hisoblanadi. Federal xizmat shuningdek, ish beruvchilarning mehnat qonunchligi va boshqa normativ-xuquqiy aktlar talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi, chet eldan ishchilarni jalb qilish va Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi chet el ishchilarining kvotasini shakllantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, xorijiy davlat boshqaruvi organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
 
Rossiya Federatsiyasining bandlik va mehnat federal xizmati delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasida 2017 yil 31 maydan 3 iyun kuniga qadar bo‘ladi. Federal xizmati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasida, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida uchrashuv, Toshkent va Samarqand shaharlaridagi kasb-hunarga o‘qitish markazlariga tashrif buyurish, «MAN Auto-Uzbekistan» qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishish belgilangan.

Top