13:07 / 03.06.2017
32664

Eng yaxshi himoya eng yaxshi hujumga qarshi. Final haqida barcha qiziqarli ma'lumotlar

Yevropa chempionlar ligasining bu mavsumdagi hal qiluvchi uchrashuvi bugun bo‘lib o‘tadi. Uzoq davom etgan yevromavsumning eng muhim uchrashuvda «Real» va «Yuventus» bosh sovrin uchun kurash olib boradi. Tribuna.Uz yilning eng muhis uchrashuviga batafsil to‘xtaladi.

«Yuventus» - «Real» (3 iyun, 23:45, UzReport, Match TV, Match! Futbol 1)

Bu «Real»ning musobaqa finallaridagi 15-ishtiroki bo‘lsa, «Yuventus» to‘qqizinchi marta bosh sovrin uchun hal qiluvchi uchrashuvda ishtirok etadi. Bu safargi final Kardiffdagi «Millennium» stadionida bo‘lib o‘tadi. Stadion o‘z bag‘riga 74 500 nafar muxlisni sig‘dira oladi. Uchrashuvni germaniyalik Feliks Brix boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

Finalgacha bosib o‘tilgan yo‘l

«Yuventus» guruh bosqichida birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan holda, 14 ochko to‘plab birinchi o‘rinni egallagandi. «Sevilya», «Lion» va «Dinamo» Zagrebga qarshi kechgan uchrashuvlarda jamoa faqat ikki durang qayd etgan. 1/8 finalda turinliklarga «Portu» raqiblik qildi va ikkala uchrashuvda ham Allegri shogirdlarining qo‘li baland kelgan —1:0, 2:0, umumiy 3:0. «Yuventus»ning chorak finaldagi raqibi «Barselon» bo‘lgandi. Nimchorak final qahramonlariga qarshi uchrashuvda turinliklar o‘z uyida 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, mehmonda bu ustunlikni saqlab qolishgandi 0:0. «Monako»ga qarshi yarim final uchrashuvlarida esa mehmonda 2:0 hisobida g‘alaba qozongan jamoa, o‘z uyida 2:1 hisobidagi ustunlik bilan finalga yo‘llanma olgandi.

«Real» esa o‘z guruhida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishni uddalay olmagandi. Dortmundning «Borussiya» klubidan keyin ikkinchi o‘rin bilan 1/8 finalga chiqqan madridliklar Italiyaning «Napoli» klubini ikki o‘yinda ham bir xil 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalda favoritlardan biri «Bavariya»ga qarshi maydonga tushgandi. Mehmon jamoalari 2:1 hisobida g‘alaba qozongan o‘yinlarda qo‘shimcha bo‘limlar belgilangan va hakamlarning qo‘pol xatolari bilan yodda qolgan mojaroli o‘yinda «Real» kerakli (4:2) natijaga erishib yarim finalga yo‘llanma olgandi. Yarim finalda «Atletiko»ni uyda 3:0 hisobida yenggan madridliklar mehmonda 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishganiga qaramasdan, ikki o‘yindagi ustunlik evaziga 15-bor final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

O‘zaro uchrashuvlar tarixi

Ikki jamoa shu kunga qadar YeChL doirasida 18 marotaba ro‘baro‘ kelishgan. Natijalar bo‘yicha ko‘rsatkichda mutlaqo tenglik kuzatilgan. 8 marta «Yuventus», 8 marta «Real» uchrashuvlarda g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikki uchrashuvda g‘olib nomi aniqlanmagan.  Ikki jamoa ishtirokidagi so‘nggi yetti uchrashuvda «Real»faqat bir martagina (2013-2014 mavsum guruh bosqichi uchrashuvi) g‘alaba qozongan.

Jamoalarning finaldagi yagona to‘qnashuvi 1998 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Predrag Miyatovichning yagona goli «Real»ga YeChLdagi ilk bosh sovrinni (ikkala musobaqani qo‘shsa yettinchi bosh sovrin) keltirgandi. Ammo shunday keyin «Real»ning «Yuventus»ga qarshi o‘yinlarda omadi yurishmaydi. Jamoalar o‘sha finaldan so‘ng hal qiluvchi pley-off bosqchida uch marta to‘qnash kelgan bo‘lsa, uchchala holatda ham «Yuventus» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, keyingi bosqichga yo‘llanma olgan.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— «Real» Yevropa chempionlar ligasi tashkil etilganidan buyon ketma-ket ikki marta bosh sovrinni qo‘lga kiritgan ilk jamoaga aylanishi mumkin;
— «Yuventus» so‘nggi to‘rtta YeChL finallarining barchasida mag‘lubiyatga uchragan, jumladan «Real»ga qarshi o‘yinda ham;
— «Yuventus» YeChLning o‘tgan 12 uchrashuvining birortasida mag‘lubiyatga uchramadi (9 g‘alaba va 3 durang). Agar jamoa finalda ham yutqazmasa 2007/2008 yilgi mavsumda «Manchester Yunayted» qayd etgan natijani takrorlab, g‘oliblikni qo‘lga kiritishi mumkin;
— «Real» va «Yuventus» yangi formatdagi YeChL tashkil etilganidan buyon oltinchi marta finalga yetib kelishdi va bu borada rekordchi «Milan»ga tenglashib olishdi;
— «Real» o‘zi ishtirok etgan barcha beshta finalda g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan;
—«Yuventus» ishtirok etgan beshta finalning faqat bittasida g‘alaba qozona olgan;
— Umuman olganda «Yuventus» YeChL va YeChK finallarida eng ko‘p mag‘lubiyatga uchragan jamoa sanaladi. Sakkizta finalda qatnashgan turinliklar, ularning oltitasida imkoniyatni boy berishgan;
— «Real» YeChL va YeChK finallarida jami bo‘lib 14 marta ishtirok etgan bo‘lib, ularning 11tasida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Uch marta mag‘lubiyatga uchragan. So‘nggi marta jamoa finalni 1981 yilda «Liverpul»ga qarshi uchrashuvda boy bergan;
— «Real» bosh sovrinni himoya qilish uchun finalda ishtirok etayotgan beshinchi jamoa sanaladi. Bungacha to‘rttala amaldagi g‘olib ham finalda imkoniyatni boy bergan;
— So‘nggi marta (YeChL va YeChKni qo‘shib hisoblaganda) «Milan» ketma-ket ikki marta (1989, 1990 yillar) Yevropa klublarining eng nufuzli musobaqasida g‘alaba qozongan;

Yo‘qotishlar
Finalning yana ahamiyatli tomoni, unda ikki jamoaning deyarli barcha yetakchilari o‘ynay olishi bo‘lmoqda. To‘g‘ri «Yuventus» tarkibida maydonga tusha olmaydigan futbolchilar bor. Sturaro belidan, Marko Pyatsa tizzasidan olgan jarohati sabab, maydonga tusha olmaydi. Ruganining o‘yinda ishtiroki ham so‘roq ostida qolmoqda. Biroq agar futbolchilar sog‘ bo‘lishganida ham finalda hattoki zaxiradan maydonga tushishiga ham ishonch yo‘g‘idi.

«Real» tarkibida esa bunday yo‘qotishlar final kuniga kelib qolmagan. Garet Beyl jarohatidan tuzalib safga qaytgan. Uning jismoniy holati bu uchrashuvni dastlabki daqiqalardan boshlashga yo‘l qo‘ymasligi mumkin, xolos. Varan va Pepe ham maydonga tushishga shay bo‘lib turishibdi.

Taxminiy tarkiblar
Yuqorida aytganimizdek «Yuventus» asosiy tarkibida hech qanday yo‘qotishlar yo‘q va Yevropa maydonlarida jamoaga muvaffaqiyat keltirgan tarkib uchrashuvda qatnashishi kutilmoqda. Allegri kechuvda otlarni almashtirmasa kerak. «Real»da esa Garet Beylning jismoniy holati inobatga olinib, Isko o‘yinni asosiy tarkibda boshlashi kutilmoqda. Ammo Zidan Kardiff finalida yagona mezbon Beylni zaxiradan bo‘lsada, maydonga tushirishiga hech kim shubha qilmayotgan bo‘lsa kerak.

«Yuventus»: Buffon, Bartsali, Bonuchchi, Kellini, Aleks Sandro, Xedira, Pyanich, Dani Alvesh, Dibala, Mandjukich, Higuain.
«Real Madrid»: Navas, Karvaxal, Ramos, Varan, Marselo, Modrich, Kazemiro, Kroos, Isko, Benzema, Ronaldu.

Mavzuga oid
Top