07:42 / 06.06.2017
5902

AQSh Senati Tel-Avivdagi elchixonani Al-Qudsga ko‘chirish haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi

Foto: RIA Novosti

AQSh Senati 5 iyun kuni AQShning Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan Al-Qudsga ko‘chirish hamda arab-isroil mojarosini «ikki davlat» tamoyili asosida tartibga solishga chaqiruvchi rezolyuyatsiyani qabul qildi.

Hujjat uchun 100 senatordan aksariyati ovoz berdi.

«Al-Qudsning qayta birlashganligining 50 yilligi» deb nomlangan ushbu rezolyutsiyaga ta'rifda qayd etilishicha, hujjat «amerikaliklarning azaliy ikki partiyali siyosatini tasdiqlab, Al-Qudsning doimiy maqomi tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan masala sifatida qolishi»ni bildiradi.

Hujjat, shuningdek, 1995 yilda qabul qilingan va AQSh elchixonasini Al-Qudsga ko‘chirishni nazarda tutgan qonun me'yorlarini ham tasdiqlaydi.

Senatning rezolyutsiyasi majburiy xarakterga ega emas, biroq AQShning oliy qonunchilik organining qo‘yilgan masalaga pozitsiyasini oydinlashtiradi.

1967 yilgi Olti kunlik urushda Isroil g‘alaba qozonishi natijasida sharqiy Al-Quds ustidan nazoratni qo‘lga kiritadi, so‘ngra uni O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilidan qonuniy ajratib, birlashgan Al-Quds ustidan o‘z suverenitetini e'lon qiladi. Falastinliklar bu qarorni tan olishmaydi va shaharni o‘z poytaxtlari deb hisoblashadi. 

Kongress 1995 yilda AQShning Tel-Avivdagi elchixonasini Al-Qudsga ko‘chirish haqida qonun qabul qiladi, biroq shahar maqomi bahsli bo‘lganligi sababli prezidentlar har yarim yilda bu qarorni amalga oshirishni keyinga surish haqida hujjat imzolab kelishadi.

Iyun oyida AQSh prezidenti Donald Tramp garchi ilgariroq AQSh elchixonasini Al-Qudsga ko‘chirish istagi haqida bayon qilgan bo‘lsa-da, elchixonani yana yarim yil Tel-Avivda saqlashga qaror qilganini e'lon qilgan. 

Arab-isroil mojarosini «ikki davlat» tamoyili asosida tartibga solish rejasiga AQShning avvalgi ma'muriyatlari tomonidan og‘ishmay amal qilib kelingan. Biroq Tramp hokimiyat tepasiga kelgach, u bu tamoyilga sodiq qolmasligini aytib o‘tgan edi. Tramp may oyida Al-Quds va Bayt Lahmga qilgan tashrifi chog‘ida isroilliklar va falastinliklar tinchlik sulhi haqida kelishib olishlariga ishonishini ta'kidlab, ularga bu borada yordam berishni va'da qilgan edi. U har ikki tomonning mojaroni tartibga solish bo‘yicha majburiyatlari borasida roziligini olganini ham aytib o‘tgan. Biroq prezident tinchlik tashabbusini konkretlashtirishdan ustalik bilan qochib qolgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, BMT AQShning elchixonasini Al-Qudsga ko‘chirishni keyingi surish haqidagi so‘nggi qaroriga «oqilona» deb ta'rif bergan edi.

Top