Jahon | 20:44 / 07.06.2017
17903
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Tehrondagi teraktlarda Saudiya Arabistonini ayblamoqda

Foto: Reuters

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Saudiya Arabistonini Tehronda sodir etilgan teraktlarga aloqadorlikda aybladi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda

"Bu AQSh prezidenti va terrorchilikni qo‘llab-quvvatlovchi jaholatparast yetakchilarning (Saudiya Arabistoni) uchrashuvidan bor-yo‘g‘i bir haftadan keyin yuz berdi. Bu teraktlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olganining o‘zi ular bu vahshiy hujumlarga aloqador ekanliklarini  isbotlaydi", deb aytildi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi rahbari o‘rinbosari general Xusayn Salomiy bayonotida.

Salomiyning aytishicha, Eron Tehrondagi hujum uchun "terrorchilar hamda ular bilan aloqador bo‘lgan va ularni qo‘llab-quvvatlovchilardan" o‘ch oladi.

7 iyun ertalab ikki guruh terrorchilar bir vaqtda Eron parlamenti binosiga va imom Homeyniy maqbarasiga hujum uyushtirishgan. Uch jangari maqbara hududiga kirgan, ulardan biri o‘zini portlatgan, biri qo‘riqchilar tomondan o‘ldirilgan va yana biri qo‘lga olingan.  

Ayollar kiyimida bo‘lgan yana 4 kishi parlament binosiga hujum qilgan, ular xavfsizlik kuchlari tomondan yo‘q qilingan. Teraktlar oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi, 42 kishi yaralandi. Ushbu hujumlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi.

Mavzuga oid