Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yil boshidan beri bojxona xizmati organlari tomonidan 1396 dona taqiqlangan adabiyotlar ushlab qolindi
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017 yilning I yarim yilligi uchun “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga muvofiq ommaviy axborot vositalari uchun “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida bojxona organlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda jurnalistlarga mavzu yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi Ishlar boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi F.Safarbayev axborot berdi.
Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategisi to‘g‘risida” 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida bojxona organlariga ham bir qator vazifa va topshiriqlar yuklangan.
Shulardan dastlabkisi, Davlat bojxona qo‘mitasi va bir qator idoralarga joriy yilning I choragida «Yagona oyna» idoralararo axborot tizimini to‘liq joriy qilish yuklatilgan bo‘lib, uning ijrosi doirasida 2017 yilning 1 fevralidan boshlab, mazkur tizim www.sw.customs.uz manzilida ishga tushirildi.
“Yagona oyna” tizimi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan eksport va import tovarlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun bojxona organiga taqdim etilishi lozim bo‘lgan barcha 20 dan ortiq ruxsatnoma sertifikatlari va xulosalarini yig‘ish jarayonini tezlashtirish va bu ishlarga sarflanadigan vaqtni qisqartirish bilan mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.
“Yagona oyna” axborot tizimining ahamiyati shundaki, ilgari tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishlarida, ya'ni tashqi savdo shartnomasini tuzishdan boshlab, tovarlarni jo‘natgunga yoki qabul qilgunga qadar tegishli ruxsatnomalar olish uchun bir nechta davlat organlariga murojaat qilishlari va xar bir idora uchun alohida hujjatlar to‘plamini tayyorlab taqdim etishlariga to‘g‘ri kelar edi. Bu esa muayyan darajada ortiqcha vaqt sarflanishiga va moliyaviy xarajatlarning ko‘payishiga olib kelar edi.
Bu kabi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatiga tatbiq qilingan axborot tizimlarining umumiy sonida hozirda 36 tani tashkil qiladi. Shundan 22 tasi davlat axborot tizimi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, qolganlari ichki idoraviy axborot tizimlari hisoblanadi.
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga qulay sharoitlar yaratish, ular bilan ishlashda inson aralashuvi omili va salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida interaktiv elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Tadbirkorlik sub'yektlariga bojxona rasmiylashtiruviga doir bir qator yengillik va qulayliklar yaratish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bojxona.uz veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlar portali orqali hozirda 22 turdagi elektron xizmatlar amaliyotga joriy etilgan.
Ular orasida eng ommalashgan elektron xizmat turi bu – tovarlarni elektron deklaratsiyalash xizmati bo‘lib, to‘rt yildan oshdiki tadbirkorlar ushbu xizmat orqali tovar va transport vositalariga oid hujjatlar hamda hisobotlarni bojxona organlariga masofadan turib elektron taqdim etish va rasmiylashtirish imkoniyatidan foydalanib kelishmoqda. So‘nggi 2 yil davomida bojxona organlarida rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalarining 99,9% elektron tarzda amalga oshirilgan.
Davlat dasturi doirasida jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan ham topshiriqlar berilgan bo‘lib, bojxona tartibotidagi ushbu yangilik ilk bora 2016 yilda bojxona qonunchiligida – O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Bojxona kodeksida o‘z ifodasini topgan edi.
Mazkur kodeksning 162-moddasiga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash maqsadida bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joylarida ikki yo‘lakli tizim qo‘llanilishi mumkin.
Ikki yo‘lakli tizimning qo‘llanilishi bojxona operatsiyalarini bajarish uchun notijorat maqsadlardagi tovarlarni deklaratsiyalash shakli sifatida «yashil» yoki «qizil» yo‘lakning bojxona chegarasi orqali o‘tayotgan jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda tanlanishini nazarda tutadi. Jismoniy shaxsning «yashil» yo‘lak orqali o‘tishi bojxona maqsadlari uchun ushbu shaxsda yozma ravishda deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan tovarlar yo‘qligini bojxona organiga ma'lum qilish deb qaraladi.
«Qizil» yo‘lak kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning yozma shaklda deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan qo‘l yuki va kuzatib borilayotgan bagajidagi tovarlarini, shuningdek deklaratsiyalanishi jismoniy shaxsning ixtiyoriga ko‘ra amalga oshiriladigan tovarlarni bojxona chegarasidan olib o‘tishi uchun mo‘ljallangan joy hisoblanadi.
Bojxona chegarasidan o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizim qo‘llanilishining talablari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Hozirda ushbu topshiriq ijrosidan kelib chiqib, jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimini amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rish maqsadida belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritildi.
Davdat dasturida diniy ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish bo‘yicha tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan ham qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan 37 ta holatda 218 dona ekstremistik va aqidaparastlik ruhidagi, 21 ta holatda 230 dona boshqa diniy hamda 12 ta holatda 1396 dona taqiqlangan adabiyotlar, 2 ta holatda 4 dona diniy mazmundagi broshyuralar, 260 ta holatda 7996 dona diniy mazmundagi audio, video mahsulotlar ushlab qolindi.
Shu bilan birga, chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan fuqarolar tomonidan shaxsiy buyumlari va qo‘l yuklari orasida turli diniy ekstremizm, terrorizm, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi va pornografik mazmundagi materiallarning olib o‘tilishiga oid holatlar yuzasidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda “Ko‘ngildagi qora dog‘lar”, “Yomonning ming bir qilig‘i”, “Qimmatga tushgan qiziqish” nomli maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlanib, markaziy telekanalar orqali efirga uzatildi.
Davlat dasturining mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, bojxona organlarida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni va qonunosti hujjatlar ijrosi bo‘yicha asosiy e'tibor jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, qonuniy hal etish va asoslangan javob xatlari yuborish bilan cheklanib qolmasdan, ularni kelib chiqish sabablarini o‘rganish (ayniqsa takroriy va dublikat murojaatlarni) hamda bunday hollarning oldini olishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparati va hududiy boshqarmalarda jismoniy va yuridik shaxslarni rahbariyat va boshqarma (bo‘lim, guruh) boshliqlari tomonidan har kuni qabul qilish tashkil etilgan. Shuningdek, qo‘mitaning Hay'at va hududiy boshqarmalarning Kengash yig‘ilishlarida murojaatlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari hamda kelgusidagi vazifalar tanqidiy muhokama qilinmoqda.
Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparati boshqarmalari mutasaddi xodimlarining hududiy boshqarmalarda aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2017 yilning o‘tgan davrida 62 ta uchrashuvlar o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi ta'minlandi. Uchrashuvlarda asosiy e'tibor muammoli masalalarni o‘rganish, ularning yechimini topishda amaliy yordam ko‘rsatish, amaldagi yangi qabul qilingan normativ-huquqiy xujjatlar mazmun-mohiyatini tushuntirish ko‘zda tutildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni yanada yaxshilash maqsadida joriy yilning 1 aprel kunidan boshlab Internet tarmog‘ida Davlat bojxona qo‘mitasi Raisining virtual qabulxonasi - http://online.customs.uz/ manzilida ishga tushirildi.
Joriy yil boshidan buyon Davlat bojxona qo‘mitasiga kelib tushgan 995 ta murojaatlarning barchasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Ularning 313 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezdiyentining virtual qabulxonasi orqali, 211 tasi esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan. Murojaatlarning 275 tasi yozma va 196 tasi esa og‘azki tarzda yo‘llangan.
Murojaatlarning asosiy qismini xizmat qayta tiklash, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi masalalari, bojxona to‘lovlaridan ozod qilish va imtiyozlar qo‘llashga doir murojaatlar tashkil qilgan.
Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan atroflicha javoblar olishdi.
Mavzuga oid
13:30 / 16.06.2026
Toshkentda maktab o‘quvchilari ishtirokidagi jinoiy guruh ushlandi
21:34 / 13.06.2026
Andijonda oltinlarni turli nayranglar orqali olib kirishga uringan shaxslar to‘xtatib qolindi
09:50 / 12.06.2026
Ichki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
20:25 / 10.06.2026