O‘zbekiston | 23:33 / 07.06.2017
17840
5 daqiqa o‘qiladi

Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan hamkorlik haqida

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi ustuvor yo‘nalishlariga mos holda, kadrlar tayyorlashning ma'no-mazmunini tubdan yangilash, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi  “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari  to‘g‘risida”gi PQ-2909-son Qarori qabul qilingan.  

Undagi ustuvor vazifalar sifatida quyidagilar belgilangan:

- har bir oliy ta'lim muassasasini jahonning yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish;

- o‘quv jarayoniga xalqaro ta'lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini keng joriy qilish;
- o‘quv-pedagogik faoliyatga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta'lim muassasalaridan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlarni faol jalb qilish;
- magistrant, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlarning stajirovka o‘tashlarini, professor-o‘qituvchilarni malakasini oshirishni xorijiy ta'lim va ilmiy muassasalarda tashkil qilish vazifalari.

Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimida samarali xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida bugungi kunda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bosh ilmiy-metodik markaz hamda Tayanch oliy ta'lim muassasalari huzuridagi markazlar tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda 7 iyun kuni Milliy matbuot markazida jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma'lum qilindi.

Jumladan, Janubiy Koreya, Germaniya, Fransiya, AQSh, Yaponiya, Ispaniya kabi  jami 17 ta rivojlangan xorijiy mamlakatlarning 75 ta oliy ta'lim muassasalaridan jalb etilgan 102 nafar xorijiy mutaxassislar ishtirokida ilg‘or xorijiy tajribalar asosida oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha  yangi o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqildi  va xorijiy mutaxassislarning ekspertizasidan o‘tkazildi.

Oliy ta'lim tizimi pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Markazlariga Janubiy Koreya, Italiya, Yaponiya, AQSh, Fransiya, Ispaniya kabi davlatlardan jami 16 nafar xorijiy mutaxassislar ekspert-konsultant sifatida biriktirildi.

AQSh, Rossiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Avstriya, Portugaliya va boshqa davlatlardan jami 170 nafar xorijiy mutaxassislar qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida dars mashg‘ulotlari olib bordi. Bu borada O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi, YevropaKomissiyasining O‘zbekistondagi Erasmus Milliy ofisi bilan hamkorlik  o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.

Shu bilan birga, 2017-2018 o‘quv yilida hamkor xorijiy ilmiy-ta'lim muassasalaridan oliy ta'lim muassasalari, qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari o‘quv jarayoniga jalb etilishi rejalashtirilgan 350 nafar xorijiy mutaxassislar, o‘qituvchi va olimlar bilan kelishuvga erishildi.

Har yili davlat byudjyeti hisobidan 760 nafar professor-o‘qituvchilarni xorijiy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlarda malakasini oshirish, stajirovkadan o‘tkazish, bitiruvchilarni doktorantura (PhD) va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitishni tashkil qilish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda nomzodlarni  ingliz tili bo‘yicha tayyorgarligini takomillashtirish maqsadida o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Ilg‘or xorijiy tajribalar va zamonaviy yondoshuvlar asosida oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining o‘qitish shakllari va uslublarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 avgustdagi 242–sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari to‘g‘risidagi Nizom”ga tegishli qo‘shimchalar kiritildi va Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 27 fevraldagi 103-sonli qarori bilan tasdiqlandi. 

Endilikda kurslardan birinchi marotaba o‘ta olmagan tinglovchilarning kurslarni  takroran o‘zlashtirishi bir yilgacha muddatda asosiy ishdan ajralmagan holda kurslarning o‘quv dasturlarini mustaqil ravishda yoki masofaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalanish orqali o‘zlashtirish asosida amalga oshirilishi joriy etildi. Masofadan o‘qitish kurslarining  on-layn va off-layn texnologiyalariga asoslangan dasturiy platformasi, o‘quv-metodik resurslari yaratishda ham ilg‘or xorijiy tajribalardan  keng foydalanildi. Hozirda  839 nafar tinglovchi  o‘zining ish joyidan, uydan turib masofaviy kurslarda tahsil olmoqda. Ular uchun har hafta on-layn ma'ruzalar tashkil qilinmoqda.

Bu ham bugungi kunda oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini kasbiy rivojlantirish va sifat darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning ifodasidir.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid