Jamiyat | 17:25 / 09.06.2017
11872
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada 8 ta MChJ tashkil etib, qing‘ir ishlar bilan shug‘ullangan “ishbilarmon” yigit jazolandi

Yaypanlik o‘ttiz uch yoshga kirgan Hakimjon Xolxo‘jayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tuman va shaharlarda tanish-bilishlari rahbarligida bir emas, sakkizta MChJ tashkil etib, ularni norasmiy tarzda boshqarib keladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi. 

Hisob-kitobda, ish boshqarishda no‘noq bo‘lgan MChJlar rasmiy rahbarlarining aksariyati muayyan miqdorda maosh olib turganlari evaziga rasmiy hujjatlarga ko‘r-ko‘rona imzo chekib beraverishgan. Barcha ishlarni norasmiy rahbar H.Xolxo‘jayevning o‘zi boshqarib, foydani o‘z bilganicha tasarruf etavergan. Ko‘p miqdorda olingan daromadlarni soliq to‘lovlaridan yashirgan, naqd pul muomalasiga oid qonunchilik talablarini muttasil buzib kelgan “Sanjar plast invest”, “Nodir imkon fayz”, “Farg‘ona kabel”, “Vodiy super kabel”, “Gold platinum vire”, “Sulton plast invest” MChJlarning norasmiy rahbari 2014 yilning iyul oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar, sentabr oyida O‘zbekiston tuman sudlari tomonidan axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan edi. Bu shaxs bundan tegishli xulosa chiqarmay, jinoiy qilmishlarini davom ettiravergan ekan. Nazorat qiluvchi organlar ruxsatnomasiga asosan Toshloq tuman soliq inspeksiyasi tomonidan tumanda ro‘yxatdan o‘tgan “Qo‘qon elektro loyiha” mas'uliyati cheklangan jamiyatida 2014 yil dekabr oyidan 2016 yil mart oyiga qadar vaqt mobaynida soliq qonunchiligiga rioya etilishi bo‘yicha tekshirish o‘tkazilgan. Aniqlanishicha, DSIga ushbu davrda jami 4 mlrd. 858 ming so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib sotilgani, 5 foiz stavkada 242 mln. 900 ming so‘m yagona soliq hisoblangani xususida hisobotlar taqdim etilgan. Jamiyatga xizmat ko‘rsatuvchi bank filialidan olingan hisob raqamidan ko‘chirmalar va MChJ rahbarlarining tushuntirishlariga ko‘ra, 2015 yildagi jami tovar aylanmasi 10 mlrd. 137 mln. so‘mni tashkil etgan, bunga nisbatan esa yagona soliq miqdori 263 mln. 964 ming so‘mga kam hisoblanib, taqdim etilgan ekan.

Bundan tashqari, H.Xolxo‘jayev o‘zining norasmiy rahbarligidagi Qo‘qon shahrida ochilgan “Farg‘ona kabel klass” MChJdan 2015 yil mobaynida pul o‘tkazish yo‘li bilan xarid qilingan 2 mlrd. 212 mln. so‘mlik granulani naqd pulga sotib yuborgani, amalga oshirilgan tovar aylanmasini DSIga topshirilgan hisobotlarga kiritmaganligi natijasida 156 mln. 47 ming so‘m yagona soliq byudjyetga to‘lashdan yashirilgani ma'lum bo‘ldi.

Sud majlisida H.Xolxo‘jayevning aybli hujjatli dalillar, guvohlarning ko‘rsatmalari bilan to‘kis isbotini topdi va unga tegishli jazo tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid