O‘zbekistondan 220 mln so‘mlik gilamlarni olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxslar aniqlandi
Yaqinda “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari madaniy boyliklarning noqonuniy olib chiqilishiga doir bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
“Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozga otlangan fuqarolar M.Tuxliyeva 2 dona va uning hamrohi K.Bartin esa 3 dona gilamlarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmasdan hamda Madaniyat vazirligi tomonidan tegishli sertifikatlar olmasdan turib, olib chiqishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Badiiy ekspertiza boshqarmasining tegishli xulosasiga ko‘ra, qo‘lda to‘qilgan ushbu nodir gilamlar madaniy boyliklar toifasiga kiradi va ularning umumiy qiymati taxminan 220 million so‘mni tashkil qilar ekan.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi tegishli qismlariga asosan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Endilikda ushbu gilamlar O‘zbekiston Davlat San'at muzeyi fondidan joy oladi.
Surxondaryo viloyati “Boldir” chegara bojxona posti xodimlari esa respublika orqali Rossiya Federatsiyasiga ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi G.Safarning qing‘ir qilmishlarini fosh etishdi. Ushbu shaxs 12 dona qadimiy tangalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tishda maqsadida, ko‘ylagi orasiga qadab qo‘ygan ekan. Ammo, nazorat-rentgen apparati orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazish chog‘ida “qimmatbaho” ko‘ylak fosh etildi.
Surxondaryo viloyati badiiy ekspertiza bo‘limining xulosasiga ko‘ra qoidabuzar ayoldan daliliy ashyo sifatida olingan 12 dona qadimiy tangalar XVIII-XIX asrlarga oid bo‘lib, ularning umumiy qiymati 22 mln. so‘mga baholandi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 227 (21) moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan G.Safarning tangalari sud qaroriga asosan, Surxondaryo viloyati arxeologiya muzeyi fondiga topshirildi.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketilishi mumkin emas.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi hodimlari ellik yil va undan ham oldinroq yaratilgan tarixiy boyliklarning yashirincha olib chiqilishiga doir qonunbuzarlik holatini fosh etishdi.
“G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksi orqali respublikadan chiqib ketayotgan fuqaro U.Abdikarimovaning qo‘l yuklari nazorat-rentgen apparati yordamida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ushbu ayol ham yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan tarixiy buyumlarni yashirincha olib chiqib ketayotganligi aniqlandi.
Turli yillarda chop etilgan pochta markalari, otkritka, rasm, konvert va fotosuratlar, pul va tangalar, yog‘och haykalcha va qo‘l soati. Xullas, yashirin ravishda olib chiqishga urinilgan bu ayoshlarning soni 200 dan oshadi.
Qo‘ng‘ir ayiq — respublika faunasining noyob turlaridan biri. O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan ushbu jonivorni ovlash esa qat'iyan man etilgan.
“G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksidan aniqlangan yana bir qonunbuzarlik holatida esa brokenerlar qo‘lida qurbon bo‘lgan qo‘ng‘ir ayiq terisining yashirincha olib chiqilishiga chek qo‘yildi.
Qo‘shni davlat fuqarosi G.Bekov yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, qiymati 8 mln .so‘mlik 1 dona qo‘ng‘ir ayiq terisini yashirincha olib chiqishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.
Hozirda “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksida aniqlangan mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Ta'kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bojxonachilar tomonidan aniqlangan 38 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida 7,5 ming donadan ortiq noyob tarixiy va madaniy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.
Mavzuga oid
11:24 / 06.11.2024
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
21:29 / 27.09.2024
Chilonzorda “dom” qurmoqchi bo‘lgan firma mansabdorlari tergovga tortildi
18:26 / 16.09.2024