Jamiyat | 17:16 / 10.06.2017
13554
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada o‘qishga kiritish uchun pul talab qilgan kollej direktori ushlandi

Ibrohim Sodiqov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Bag‘dod tumanidagi pedagogika kollej direktori lavozimida, Z.Umarova esa mazkur kollejda uning o‘rinbosari bo‘lib ishlab, nafaqaga chiqqan, tuman hokimligi tadbirkor ayollar uyushmasida jamoatchilik asosida rais vazifasida ishlab kelayotgan edi. Topayotganiga qanoat qilmagan bu kimsalarni nafsi buzuqlik bir jinoyat yo‘lida birlashtirdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Kollejda ochilgan ikkinchi mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga hujjat qabul qilish jarayoni boshlangach, hamtovoqlar bu jarayondan foydalanish payiga tushib qolishdi. Oldindan tuzilgan jinoiy rejaga asosan Zamira Umarova “mijoz” topish uchun harakatni boshladi. Fuqaro Ruxsora Ziyodullayeva ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga kirishi uchun qizi va kelinlarining hujjatlarini topshirganidan xabar topib, uni avrashga kirishdi. O‘qishga kirish masalasini kollej direktori orqali, o‘z navbatida direktor “yuqori”dagi mansabdorlar orqali hal qilib berishini aytib, qizi va kelinlarining har biri uchun 100 AQSh dollaridan bersa, barchasi “besh” bo‘lishiga ishontiradi.

Uning talabidan taajjubga tushgan R.Ziyodullayeva huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, tamagirlarga nisbatan tegishli chora ko‘rishni so‘radi. Uning arizasiga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda kollej direktori va uning sobiq o‘rinbosari 300 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tuman sudi tomonidan sudlanuvchilarga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid