O‘zbekiston | 21:46 / 13.06.2017
22117
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: "Sud xalqparvar bo‘lmaguncha tizim takomillashtirilaveradi"

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni mamlakatdagi sud organlarining adolatli faoliyatini ta'minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqida "Axborot" dasturida xabar berildi. 

Ma'lumki, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan. Mazkur Strategiyani amalga oshirish maqsadida bevosita Prezident tashabbusi bilan Konstitutsiyamizning yettita moddasiga sud-huquq sohasidagi islohotlar bilan bog‘liq prinsipial o‘zgarishlar kiritilgan. 

Sudyalikka nomzodlarni tayyorlash va lavozimga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining yangi organi - O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashining tashkil etilgani bu yo‘nalishdagi islohotlar izchil davom etayotganining tasdig‘i sifatida baholandi. 

"O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashini tashkil etish o‘zidan o‘zi bo‘lgani yo‘q. Oldingidek nomiga 4 ta yoki 10 ta odam o‘tirib, "u bo‘ladi, bu bo‘lmaydi" degan gaplar ketmaydi endi. Shu tarzda ishlab ko‘ramiz. Agar bu ham oqlanmasa, undan-da qattiq choralar ko‘rishga majburmiz. Kerak bo‘lsa, Konstitutsiyani o‘zgartiramiz, to sud xalqparvar bo‘lmaguncha baribir oxirgacha yetkazamiz. Sudning ostonasidan qadam qo‘ygan xalqimiz davlatga do‘st bo‘lib chiqishi kerak. Qabul qilingan hukmning adolatli ekaniga ishonishi kerak. Bu sizlarning vazifangiz! Lekin ko‘p joyda shunday emasligini inobatga olib, mana shu Sudyalar Oliy kengashini tashkil etdik", - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid