Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Prezidenti: "Bundan keyin sudyalar faoliyatiga birinchi navbatda xalq baho beradi!"
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni mamlakatdagi sud organlarining adolatli faoliyatini ta'minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqida "Axborot" dasturida xabar berildi.
Unda qo‘lga kiritilgan natijalar bilan kifoyalanibgina qolmasdan, soha rivojiga tanqidiy yondashish, hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan bir-biridan muhim va dolzarb vazifalarni samarali hal qilish yo‘llari va mexanizmlari haqida bildirilgan aniq takliflar, amaliy tashabbuslar asosida sud idoralari, sudyalar faoliyatini butunlay yangicha asosda tashkil etish lozimligiga alohida e'tibor qaratildi.
Keyingi paytda mamlakatimiz fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasiga bo‘layotgan murojaatlarning katta qismi aynan sud idoralari va sudyalar faoliyati bilan bog‘liq ekani, bu yo‘nalishda muammolar mavjudligidan dalolat beradi, deyildi yig‘ilishda.
Shavkat Mirziyoyev adolat tamoyillariga nechog‘lik amal qilinayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
"Asosiy maqsadimiz - fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini qat'iy mustahkamlash, sudni tom ma'noda adolat qo‘rg‘oniga aylantirishdan iboratdir", - dedi davlatimiz rahbari.
"Fuqarolar adolatni qaror toptirish umidida oylab, yillab sarson-sargardon bo‘lib, Prezidentga murojaat qilmoqda. Shuning o‘zi sudlar faoliyatiga xalq tomonidan berilayotgan xolisona baho emasmi?! Bunday holatlarga qat'iy chek qo‘yish vaqti keldi! Sudyalar Oliy kengashi sudyalar faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvga barham berish, aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini ta'minlash yuzasida bir oy muddatda taklif kiritsin! Bir odam aralashdimi, unga jazo muqarrar! Qanday og‘ir bo‘lmasin, shu qarorni qabul qilamiz", - deya ta'kidladi davlat rahbari.
Majlisda adolat va ma'naviyat tushunchalarning o‘zaro chambarchas bog‘liq ekaniga alohida urg‘u berildi. Sudyalar va yurist kadrlarni tayyorlashda shu jihatga ham e'tibor qaratish zamon talabi ekani ta'kidlandi. Aynan ma'naviy fazilatlarning yetishmasligi tufayli ba'zi sudyalar o‘rtasida qonunga zid harakatlar sodir etish holatlarining uchrashi qayd qilindi, adolatsiz qarorlar qattiq tanqid qilindi.
“2017 yilning olti oyi davomida yetti nafar sudya jinoyatga qo‘l urgan. Andijon ho‘jalik sudining o‘rinbosari katta miqdordagi pora bilan qo‘lga tushdi. Odamlar sudlarga ishonmayapti. Sirdaryo, Andijon, Toshkent viloyati va shahri sudyalari tomonidan ham qonunbuzarliklar sodir etilgan. Sudyalar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan ta'magirlik holatlarini kechirib bo‘lmaydi” dedi jumladan prezidentimiz.
Oliy Sud kengashi oldiga bunday kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda ilgari surilgan muhim bir fikr - har bir sudya tomonidan aholi bilan joylarda bir oyda kamida bir marta ochiq muloqotlar tashkil etish haqidagi taklif majlis ishtirokchilari tomonidan to‘liq ma'qullandi. Shuningdek sudya lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan sud xodimlari o‘z faoliyati yuzasidan xalq deputatlari mahalliy kengashlarida axborot berishi bilan bog‘liq amaliyotni yo‘lga qo‘yish vaqti kelgani uqtirib o‘tildi. "Bundan keyin sudyalar faoliyatiga birinchi navbatda xalq baho beradi", - dedi davlat rahbari.
Mavzuga oid
11:08 / 12.11.2025
Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi - Prezident farmoni
15:17 / 03.11.2025
Strategik tuzilmalar yangilandi: prezident huzurida yangi kengash va agentlik
18:54 / 08.09.2025
«Yangi avlod» maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi
13:16 / 06.09.2025