15:55 / 17.06.2017
100635

Ziyoratgohdan tijoratgohga aylangan “Hazrati Dovud”

O‘zbekiston o‘zining boy madaniy merosi, ma'naviy qadriyatlari, fan va ta'lim sohasidagi ulkan yutuqlari bilan insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Mustaqillik yillarida ushbu madaniy meros obektlarini asrab-avaylash, milliy an'ana va qadriyatlarni davom ettirish uchun davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xo‘sh, joylarda ushbu imkoniyatlardan to‘laqonli, oqilona foydalana olayapmizmi, degan savolga javob izlab, O‘zbekiston “Adolat” SDP deputatlik guruhi viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi bilan hamkorlikda Samarqand viloyati, Nurobod tumani, Oqsoy qishlog‘ida joylashgan “Hazrati Dovud” ziyoratgohiga yo‘l oldi. O‘zbekiston «Adolat» SDP Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati, Samarqand viloyat iste'molchilar huquqini himoya qilish jamiyati birlashmasi raisi Inobat Hasanova mazkur tashrif davomida olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. 

“Ziyoratgoh tog‘li hududda joylashganligi sababli, ziyoratchilarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida «Oqsoy» qishlog‘iga kirishda avtomobillarning saqlash joyi tashkil etilgan bo‘lib, tashrif kuni avtoturargohlarning yuqori qismida 150 ta va pastki qismida esa 300 tadan ziyod mashina turganligi, har bir avtomashina uchun 2000 dan 5000 so‘mgacha pul olayotganligining guvohi bo‘ldik. Mazkur avtoturargohlar “Hazrati Dovud” ziyoratgohi rahbari F.Davronovga tegishli ekanligi va uning aka-ukalari boshqarishi ma'lum bo‘ldi. Bundan tashqari, avtoturargohdan ziyoratgohgacha bo‘lgan masofaga fuqarolarni tashish uchun “Oqsoy trans biznes” MChJga tegishli bo‘lgan 28 ta “Damas” rusumli avtomashinalar har bir fuqarodan 1500 so‘mdan, qo‘l yuklari uchun ham 500 so‘mdan mablag‘ olayotgani fuqarolarning haqli e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. Bu e'tirozga oydinlik kiritish maqsadida avtoturargohdan ziyoratgohgacha bo‘lgan masofani o‘rganib chiqdik. Ziyoratgohgacha bo‘lgan masofa bor yo‘g‘i 1700 metr ekanligi aniq bo‘ldi. Ushbu masofa uchun “Oqsoy trans biznes” MChJ tomonidan belgilangan kunlik to‘lov esa bitta “Damas” mashinasi haydovchisiga 28000 so‘m qilib belgilangan.

Haydovchilardan birini suhbatga jalb etdik. Haydovchi F.Doniyev ertalab soat 10-00 gacha olti marta ziyoratgohga yo‘lovchi tashiganini bildirdi. Demak, bu haydovchining olti marotaba maskanga borib qaytib kelishi mablag‘i hisoblanganda shu kuni faqat soat 10-00 gacha ishlagan mablag‘i 126.000 so‘m bo‘lganligi ishchi guruhi tomonidan hisoblab chiqildi. Shu birgina hisob-kitobning o‘zi ham “Oqsoy trans biznes” MChJ tomonidan kunlik to‘lovning noto‘g‘ri qo‘yilganligini isbotlaydi. Chunki bu haydovchi kechgacha yana 15-20 martagacha qatnashi mumkin. “Damas” haydovchisi kunlik to‘lovidan tashqari hech qayerga mablag‘ to‘lamasligini bildirdi. Lisenziya talablari nazoratini esa O‘zbekiston avtomobil va daryo transport agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi olib boradi.

Ishchi guruhi a'zolari bilan yo‘limizda davom etib, ziyoratgoh tomon ildamladik. Ziyoratgohning asosiy kirish darvozasiga yetgach, katta yoshdagilardan 1000 so‘m, talabalardan 800 so‘m, bolalardan 500 so‘m, chet ellik sayyohlardan esa 5 AQSh dollari miqdorida chipta sotilayapti. Ziyoratgoh Samarqand viloyat davlat birlashgan tarixiy me'moriy va badiiy muzey qo‘riqxonasiga tegishli bo‘lib, juda katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Ziyoratchilarning dam olishlari, ziyorat qilishlari uchun muayyan sharoitlar yaratilgan. Lekin shu bilan birgalikda, tog‘ tepasidagi masjid va g‘or ichidagi ahvol sanitariya gigiyena talablariga javob bermasligi ma'lum bo‘ldi.

Ziyoratgohning kirish joyida K.Sharipov ismli shaxs Qur'on oyatlaridan tilovat qilayotganligi, fuqarolar tilovatni tinglaganidan so‘ng xayr-ehson uchun pul chiqarib qutiga tashlashlari, shundan so‘ng ziyoratgohga o‘tishlari tashkil etilganligi ma'lum bo‘ldi. Ishchi guruhi a'zosi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyat vakili Z.Eshonqulov K.Sharipov bilan suhbatlashganida Qur'ondan bilimi yo‘qligi va tilovatdan tushayotgan pullarni o‘zlashtirayotganligi aniqlandi.

Ishchi guruh a'zolari g‘or ichiga kirganida o‘zini ekskursavod (GID) deb tanishtirgan Z.Isrofilov ziyoratgohning tarixi, uning kelib chiqishi to‘g‘risida ziyoratchilarga tushuntirish o‘rniga, g‘or ichida Qur'on tilovat qilib, ushbu tilovati uchun pul yig‘ayotganligining guvohi bo‘ldik.

Shu bilan bir qatorda ishchi guruhi a'zolari ziyoratgoh hududidagi barcha xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarni birma-bir sanab chiqishdi. Jumladan, ziyoratgohda 12 ta oshxona, 3 ta somsaxona, 11 ta do‘kon va 53 ta peshtaxtada noqonuniy savdo qiluvchilar, toqqa chiqish yo‘laklari va tepa qismida chamasi 100 dan ortiq do‘kon va peshtaxtada savdo qiluvchilar, 7 ta xojatxona faoliyat yuritayotganligi aniqlandi. Shulardan birortasida ham kassa apparati yo‘q, to‘lov terminali o‘rnatmasdan, bankdan hisob-raqam ochmasdan, bankga naqd pul topshirmasdan faoliyatini amalga oshirib kelayotganligi ma'lum bo‘ldi. 

Bu haqda shu hududga biriktirilgan tuman soliq idorasi xodimi G‘.Bo‘tayev “Buncha joyni bir o‘zim boshqara olmayman”, deyishdan nariga o‘tmadi. Shulardan qariyb 80 foiz savdo shoxobchasi davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik qilish bilan shug‘ullanmoqda. Davlat ruyxatidan o‘tgan ayrim tadbirkorlar hujjatida esa faqatgina ovqat tayyorlash vakolati berilgan, xolos. Biroq shunga qaramay ushbu tadbirkorlar 20-30ta chorpoyani fuqarolarga ijaraga berib, mo‘may daromad ko‘rish bilan shug‘ullanishmoqda.

Fuqarolarning ma'lumot berishlaricha dam olish joylarida har bir fuqarodan 5000 dan 15000 so‘mgacha ijara haqi olinmoqda. Oshxonalarda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Mol, qo‘y so‘yiladigan qushxonalar sanitariya gigiyena talablariga umuman javob bermaydi. Har bir so‘yilgan jonliqdan bir kilogramdan go‘sht xizmat haqi uchun olib qolinmoqda. Qo‘y va parrandalar veterinariya ko‘rigidan o‘tkazilmaganligi ma'lum bo‘ldi. Hatto qo‘y va parrandalardan chiqadigan ikkilamchi mahsulotlarni saqlash, qon va boshqa chiqindilarni yuvish va tozalash ishlariga ham mutlaqo ahamiyat berilmagan.

Maskanda odam nihoyatda gavjum. Bu yerga bir kunda kamida 10 ming odam tashrif buyurar ekan. Lekin fuqarolar tepalikka chiqish va tushishda yiqilib tushib jarohat olishi, yurak xastaliklari, qon bosimi ko‘tarilishi holatlari tez-tez sodir bo‘lib, tez yordam xizmatidan foydalana olmayotganidan shikoyat qilishdi va shifoxonalarga yetkazilishida juda katta qiyinchiliklarga duch kelayotganligini aytishdi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, “Hazrati Dovud” ziyoratgohida nafaqat samarqandliklar, balki respublikamizning barcha viloyatlaridan ziyoratchilar tashrif buyuradilar. Xorijiy mehmonlarning, yurtimizning qadimiy qadamjolariga qiziquvchan sayyohlarimizning tashriflarini inobatga oladigan bo‘lsak, yuqoridagi qo‘shtirnoq ichidagi “tadbirkorlar” faoliyatiga chek qo‘yishning vaqti kelmadimikan, degan haqli savol tug‘iladi.

Zero, har bir mamlakatning erishgan yutuqlari, dunyo hamjamiyatidagi tutgan o‘rni uning boy tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari, qutlug‘ qadamjolari bilan chambarchas bog‘liq. Shunday ekan, yurtimizdagi har bir qarich yerni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, kelajak avlodimizga yetkazish burchimiz ekanligini unutmasligimiz kerak.

Top