Jamiyat | 21:13 / 19.06.2017
23834
2 daqiqa o‘qiladi

Umra ziyoratchilari kvotasi oshirildi

Foto: religions.uz

O‘zbekistonda 2018 yildan kichik haj safari – umraga boruvchi ziyoratchilar kvotasi 6 ming kishidan 10 ming kishigacha oshiriladi. Bu haqdagi qaror Vazirlar Mahkamasi tomondan qabul qilindi. 

Hujjatda ta'kidlanishicha, bu qaror islom dinidagi eng muqaddas qadamjolarga borishni istovchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish uchun qaratilgan. 

Hujjatda haj va umra safarlarini tashkillashtirishda bir qator yangiliklar va imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Misol uchun, "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasiga ziyoratchilar uchun aviachiptalar narxini arzonlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish topshirilgan. Doimiy yashash joyini o‘zgartirganlar uchun haj va umraga borish uchun navbat saqlanib qoladi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va musulmonlar idorasiga hukumat idoralari bilan birgalikda joylarda haj va umrani amalga oshirishni istovchilar ro‘yxatini shakllantirishda xolislik va ijtimoiy adolat tamoyillariga hamda hajni tashkillashtirish bo‘yicha o‘rnatilgan qoidalarga qat'iy amal qilishni ta'minlash topshirildi.

Musulmonlar idorasi saytida 2 oy ichida haj va umra ziyoratchilari onlayn-navbati yagona tizimi joriy qilinishi kerak.

Ziyoratchilarning tibbiy tashxisdan o‘tishlari bo‘yicha barcha bosqichlar Toshkent, Nukus va O‘zbekiston viloyatlari ma'muriy markazlaridagi biror joyda bepul asosda  markazlashtirilgan holda tashkil etiladi. 

2017 yilda O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga boruvchi ziyoratchilarning soni 2016 yilga nisbatan 20 foizga, ya'ni 13,2 ming kishigacha oshirilgan. Jumladan, haj uchun kvota 1,4 barobarga – 7200 kishigacha oshirilgan, umraga boruvchilar esa 6 ming kishiligicha saqlanib qolgan (5350 kishi bahorda va 650 kishi yozda).      

Mavzuga oid