O‘zbekiston | 02:05 / 20.06.2017
38111
7 daqiqa o‘qiladi

Ilg‘or kelishuvlarsiz Mirziyoyev Bishkek va Dushanbega davlat tashrifi bilan borishga shoshilmaydi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishganidan so‘ng, birinchi navbatda, eng yaqin qo‘shnilar — Turkmaniston va Qozog‘istonga, so‘ngra strategik hamkorlari — Rossiya va Xitoyga tashrif buyurib, tashqi siyosiy aloqalarni faol o‘rnatmoqda. Ekspertlarning baholashicha, O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan munosabatlari ham sezilarli darajada yaxshilangan, biroq O‘zbekiston prezidenti xorijdagi yirik sammitlar doirasidagina ularning yetakchilari bilan uchrashish bilan kifoyalanib, hozircha bu respublikalarga tashrif buyurishga shoshilmayapti, deb yozadi «Sodrujyestvo» matbuot-klubi.

Mustaqil ekspert Baxtiyor Ergashev

Toshkentlik mustaqil ekspert Baxtiyor Ergashevning fikricha, O‘zbekiston rahbariyatining dastlabki tashqi siyosiy odimlariga mamlakatlar orasidagi kuchsiz iqtisodiy aloqalar, shuningdek, Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlari oldidan noaniq siyosiy vaziyat o‘z ta'sirini o‘tkazmasdan qolmagan.

— Fikrimcha, bunga sabab bir nechta. Birinchidan, va bu asosiysi — O‘zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan qo‘shni mamlakatlar bilan yanada intensiv iqtisodiy va siyosiy munosabatlar o‘rnatishga bo‘lgan siyosati o‘ta pragmatik. Bu hol O‘zbekiston siyosati uchun ham xarakterli hisoblanadi. O‘zbekiston uchun Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya va Xitoy yo‘nalishida harakatlarni faollashtirish — o‘zaro tovar aylanmasini ko‘paytirish, O‘zbekistonni tezkor sanoatlashtirish siyosati doirasida turli sohalarda muhim investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish masalalarini hal qilish demakdir.

Ikkinchidan, bu transport-kommunikatsiya sohasida mintaqa mamlakatlari hamkorligini intensivlashtirish, ishlab chiqaruvchilarimiz uchun transport xarajatlarini pasaytirish, tranzit darajasini oshirish va h.k.larni nazarda tutadi. Va bu yo‘nalishda ma'lum bir siljish ko‘zga tashlanmoqda.

Ya'ni, bu masalalar shu mamlakatlar bilangina birgalikda yechilishi mumkin edi va ular O‘zbekiston prezidentining tashrifi davomida yechildi ham.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Turkmaniston va Qozog‘iston bilan o‘zaro munosabatlaridagi ma'lum murakkabliklar hisobga olinsa, so‘nggi yillarda birgalikdagi harakatlar va o‘zaro hamkorlik masalalarida ma'lum bir ijobiy trend ko‘zga tashlana boshlangandi.

Masalan, 2011 yildan boshlab O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarda iliqlashish, ayniqsa transport-kommunikatsiya sohasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish davri boshlandi. O‘sha davrda O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston prezidenti o‘rtasidagi uchrashuvlar, o‘shanda imzolangan kelishuvlar eng muhim parametr hisoblanadi. Xususan, «O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon» transport yo‘lagini shakllantirishni olaylik. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarda ham, ayniqsa 2012 yilda strategik sheriklik haqidagi Shartnoma imzolangach, shunday trend ko‘zga tashlanib turuvdi.

Bundan tashqari, ikki muhim jihatni alohida qayd etmoq joiz:

1. O‘zbekiston Turkmaniston va Qozog‘iston bilan birgalikda Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan davlatlar hisoblanadi va ularning mintaqada suvni bo‘lishish va undan foydalanish masalalaridagi qarashlari mushtarak. Bu esa juda muhim.

2. Davlatlar o‘rtasida hali nolinchi yillardayoq davlat chegaralarini delimitizatsiya va demarkatsiya qilish masalalari to‘liq hal qilib bo‘lingan (ma'lum bir uchastkalardagi kichik tavofutlar hisobga olinmasa).

Tojikiston va Qirg‘izistonga to‘xtalsak, bu masalalarda vaziyat butunlay teskari. Jiddiy ziddiyatlar hamon saqlanib turibdi. Ayniqsa, suv-energetika masalalarida. Mintaqaning asosiy ikki daryosi quyi qismida joylashgan davlatlar fikrini hisobga olmasdan, suvdan foydalanish va ulkan gidrotexnik obektlarni barpo etish masalalari — davlatlararo munosabatlarda jiddiy taranglik omili bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegaralaridagi delimitizatsiya va demarkatsiya masalalari hanuzgacha tartibga solinmagan, bu ham davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga rahna solib turibdi.

Eng asosiysi — O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan o‘zaro savdo hajmi bo‘lib turibdi va u O‘zbekiston prezidentining ushbu davlatlarga davlat tashrifi bilan borishi masalalarini tezlashtirish uchun ahamiyatli ma'no kasb etmayapti.

Boz ustiga, Qirg‘izistonga nisbatan shu yilning kuzida bo‘lib o‘tishi mo‘ljallanayotgan prezidentlik saylovlari omilini ham hisobga olish zarur. Qirg‘iziston Respublikasi ichki siyosiy hayotining o‘ziga xos xususiyati shundayki, bugun erishilgan kelishuvlar kuzda saylovda g‘olib chiqqanlar tomonidan amalga oshirilmasligi ham mumkin.

Ko‘rinib turibdiki, rasmiy Toshkent, Bishkek va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlarda bir qator jiddiy qarama-qarshiliklar saqlanmoqda.

Hozir esa chegaralar, suvdan foydalanish va suvni bo‘lishish kabi nozik masalalarda o‘zaro maqbul yechimlarni topish borasida (ko‘pincha, barchaga e'lon qilinmayotgan) birgalikda jiddiy ishlar olib borilmoqda. Bugunga kelib chegaralarni delimitizatsiya qilish, suvni bo‘lishish borasida birgalikdagi ikki tomonlama komissiyalar ishi faollashgani ko‘zga tashlanmoqda, o‘zaro savdo hajmining o‘sish dinamikasida ham ma'lum bir ijobiy o‘zgarishlarni kuzatishimiz mumkin.

Davlat tashriflari esa shunchaki xo‘jako‘rsinga amalga oshirilmaydi. Agar savdo-iqtisodiy hamkorlik, chegara va suv borasida o‘zaro sezilarli masalalar bo‘yicha jiddiy, ko‘pincha, keskin olg‘a siljituvchi kelishuvlarga erishilmas ekan — O‘zbekiston so‘nggi chorak asr mobaynida shakllangan, asosi pragmatizm va iqtisodiy yuksalish bo‘lgan siyosiy uslubidan kelib chiqib, davlat tashriflarini tashkillashtirish masalalarini tezlashtirmaydi.

O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatidagi ustuvorliklari allaqachon belgilab olingan va ravshan. Ana shundan kelib chiqish kerak.

Yevgeniy Pogrebnyak tayyorladi.

Mavzuga oid