Sport | 16:13 / 21.06.2017
110420
7 daqiqa o‘qiladi

Xayrulla Hamidov: “Ogohlantirishsiz chalingan qo‘ng‘iroq”

Qo‘ng‘iroq chalindi.

To‘qqiz yil oldin maktabga qadam qo‘ygan bolakay bu yil tugatdi. Litsey yo kollejga taraddud ko‘rmoqda.

2008 yili ilk bora Oltin to‘pni olgan Krishtianu 2009 yili Madridga keldi va hammasi shundan boshlandi. Messi ham tinchgina o‘tirgandi, “Barselona” o‘z qasrini birovlarni aralashtirmasdan qurmoqqa kirishgan pallalar edi. Ispaniya osmonida birdan momaqaldiroq guldiradi. MYuda qip-qizarib pishgan Ronalduga oq libos kiydirilayotgan lahzalar... Hali u qanday kurashga, qanday jang maydoniga kirib kelganini o‘sha paytda bilmasdi. Hech kim bilmasdi. Hash-pash deguncha, to‘qqiz yil o‘tibdi shu hodisaga.

Hozir men ikki yulduzning o‘ziga xos jihatlarini sanab o‘tirmoqchi emasman. Mensiz ham barcha biladi bu gaplarni. Oltin to‘pni to‘qqiz yildan beri bo‘lishib kelayotgani esa, futbolga qiziqmaydiganlarga ham ma'lum. Hozir gap umuman boshqa masalada. Ronaldu “Real”dan ketmoqda degan xabarning qanday qarshi olinganida. Boshida hazil ma'nosida, so‘ng jiddiy ohangda tarqalgan xabarlar borgan sari odamni o‘ylantirib qo‘ymoqda.

Krish “Real”dan ketish - ketmasligi noma'lum. Biroq shu qisqa vaqt ichida bizga boshqa narsa ma'lum bo‘lib qoldi – futbol hali tayyor emas ekan bu ayriliqqa. Hatto Messi azaliy raqobatchisining Madriddan ketishiga xayrixoh emas ekan, eshityapsizmi, Qirol Leo ham! U o‘z sayyoradoshisiz yerliklar ichida nima qilaman, degan ma'noda “qolishiga ko‘ndirib ko‘raman”, deb intervyu berdi. Muxlislar Ispaniya sudini o‘sha ordona qolgur puldan voz kechishini istab petitsiya uyushtirishyapti, demak muxlislar olami ham hali tayyor emas ekanlar.

O‘sha Maktab biz bilan xayrlashmoqchi. Bu maktabning biz o‘qigan dargohdan farqi shundaki, u oldindan xayrlashish qo‘ng‘irog‘ini chalmadi. Kutilmaganda e'lon qildi. Shunisi yomon bo‘ldi. Tayyorlanib ham olmagandik bu ayriliqqa.

2009 yilga dovur davom etib kelgan avlod butkul boshqa maktabda o‘qigan. U davr maktabida “birinchi “paxan”likka kechadigan kurashlar ko‘pgina yulduzlar o‘rtasida kechardi. Zidan, Ronaldo, Ronaldino, Rivaldo, Badjo va yana shu darajadagi o‘nlab yulduzlar kurashini ko‘rardik. U maktabni ikkiga bo‘lib qo‘yishning iloji yo‘q edi. Hov anovi Boburga Shevchenko yoqsa, Shomahmud Del Peroning zarbalaridan sarmast edi. Shuhrat Ronaldino libosini kiyib yursa, ukasi Asadga Raulning yettiligi yarashib turardi. Umrida Oltin to‘p olmagan yulduzlar ham el ardog‘ida edi. Shu paytgacha hech kim Bekhemni, Raulni yo Del Peroni nima uchun “Frans futbol” taqdirlamagan deb xafa ham bo‘lmasdi, chunki u paytning o‘lchovlari to‘g‘ri edi. Aniqrog‘i, u davrning o‘n yillab bir xil darajada yovvoyi o‘yin ko‘rsatadigan qo‘shdahosi yo‘q edi. Ehtimol shuning uchun ham shuhratu shon hammaga yetarli edi. Bizni mana shunaqa samimiy yoshlik siylagandi, bilsangiz.

Hozirgi avlodga qiyin bo‘ldi. Butun maktabga ikkita libos tarqatib chiqildi. Majburiy. Yarmi – “Barsa”ning 10-raqami, yarmi – “Real”ning 7-raqami. Tamom. Beyl, Neymar, Suares, Azar deb yozilgan liboslarning xaridorlarini kunduz chiroq yoqib-da topib ko‘ring-chi! Nari borsa, bu maykalarni “Messi” va “Ronaldu” libosini olganlarga qaytim sifatida beradigan bo‘lishdi. Bundoq tarafkashlik vujudga kelgach, barcha muomala, munosabat shu mezon bo‘yicha o‘lchanadigan bo‘ldi. Messichi va ronalduchi degan toifa ajralib chiqdi futboldan.

O‘g‘lim bilan futbol haqida ko‘p gaplashaman. U mendan yoshligimizni so‘raganida, hozirgi o‘lchov va tushuncha bilan savol yo‘llaydi: “Siz Badjoni yaxshi ko‘raman deganingizda, o‘rtoqlaringizni jahli chiqib ketarmidi?” Yo‘q, bolam, bizda unaqa tushuncha bo‘lmagan, deymanu, uning bu holatni tushuna olmayotganini ko‘rib indamay qo‘ya qolaman. Uning fikricha, muxlis degani yo uyog‘lik, yo buyog‘lik bo‘lishi kerak. Uchinchi yo‘l yo‘q.

Messi va Ronaldu futbolni, uning tushunchalarini shu tahlit o‘zgartirib yuborishdi. Kaka “oxirgi yerlikman” deganida ham jon bor. Bu ikki o‘g‘lonning ishi oldingi yerliklarning ishiga o‘xshamadi. Ular bir-birlaridan kuch olib, shu energiyani bir-biridan o‘zish uchun ishlatishdi. Dahshat! To‘qqiz yil. Haqiqiy maktab...

Hozir ana shu kurash tugashi mumkin. So‘nggi qo‘ng‘iroqqa qo‘l uzatildi. Chalinishi mumkin. Bunday paytda nima qilish yo nima deyish kerak?

Menimcha, Messi Ronalduga ajoyib to‘qnashuvni vujudga keltirib bergani uchun rahmat aytishi kerak.

Ronaldu ham Messiga – Xudo bergan iqtidorini yuz foizga namoyish etib bergani uchun tashakkurnoma yo‘llashi shart.

Ikkalasi birgalashib qiladigan ish – boshqa barcha o‘yinchilarga minnatdorchilik bildirmoq, ki ularga xalaqit bermaganlari uchun, aniqrog‘i xalaqit bera olmaganlari uchun.

Maktab davri qiziqarli o‘tganini yillar o‘tib, keyin bilamiz odatda. Bularniki ham shunaqa. Hozir sezilmas, ammo sal keyin... Xuddi hindlarning tushunchasini o‘zgartirgan PiKey o‘z sayyorasiga ketayotgandagi, kuzatib qo‘ygan qizning holatiga tushib qolsak kerak hali, bilmadim. Mazkur davrning jonli guvohlari tariqasida bugungi avlod ham aynan shu ikki yulduzdan rozi bo‘lib, qo‘l siltab qo‘yishsin. Chunki bittasining kurashdan chiqib ketishi ikkinchisini ham o‘zi bilan olib ketayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.

Qo‘ng‘iroq chalindi. Dars tugadi!!!”

Shularni o‘ylab o‘tiribmanu, xayolimga dabdurustdan maktab 11 yillik bo‘lgani esimga tushib qoldi. Balkim “litsey”ga ketmay turarsan. Roni?!

Mavzuga oid