Sport | 21:24 / 05.12.2020
26417
6 daqiqa o‘qiladi

“Neftchi” o‘z aybi bilan shunday qiyin holatga tushib qoldi” - Xayrulla Hamidov Farg‘onadagi o‘yinga munosabat bildirdi

 Ushbu haftada futbol bo‘yicha O‘zbekiston Proligasida hal qiluvchi o‘yin bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyatining “Neftchi” va “Turon” klublari o‘zaro kuch sinashdi. Kun.uz va Tribuna.uz bu voqeani atroflicha yoritdi. O‘yin tugashi bilan sodir bo‘lgan voqealar mediamaydonda, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Farg‘onadagi janjalni hatto xorij OAVlari ham yoritdi.

Kun.Munosabat. rukni muallifi Bobur Akmalov ham haftaning shov-shuvli voqeasiga e’tibor qaratdi. Xo‘sh, o‘yindan so‘ng nosportcha xatti-harakatlarni amalga oshirgan “Neftchi” futbolchilari va klubning boshqa a’zolariga qanday chora ko‘rilishi lozim? Shu va o‘yin atrofidagi boshqa holatlarga sharhlovchi Xayrulla Hamidov o‘z munosabatini bildirdi.

“O‘yin kutilganidek qiziqarli kechdi. Men aynan shunday o‘yin kutgandim. “Neftchi” o‘z aybi bilan shunday qiyin holatga tushib qoldi. Bir tur avval ochko yo‘qotgan jamoa mana shu taxlit jazolandi. Ikki o‘yinda durang uchun o‘ynagan jamoa ikki mag‘lubiyatga haqli bo‘ladi. “Turon” birinchi davradan so‘ng 3-o‘rinda edi. Jamoa 2-o‘ringa ilinib qolishnigina o‘ylayotgandi. Klub faqat va faqat g‘alaba uchun o‘ynadi. “Neftchi” esa durang qayd etsa ham chempion bo‘lardi.

Ikki jamoaga ham homiylar tomonidan va’dalar berilgan bo‘lsa kerak ijobiy natija uchun. Xullas, hamma voqealar shunga olib keldi. Janjalga sabab bo‘lgan vaziyatlar: ikki marta bo‘sh darvozaga gol urilmagani, ustun, amalga oshirilmagan penalti... Qo‘l bilan o‘ynalgan, deb gumon qilingan vaziyatda esa to‘p qo‘lga tegmagandi.

Men futbolimizdagi muammolar va noxolisliklar shu kuni bor-bo‘yi bilan yuzaga chiqdi, sabr kosasiga so‘nggi tomchi bo‘ldi, degan fikrga qo‘shilmagan bo‘lardim. Bu birgina o‘yin voqeasi, faqat shu o‘yingagina taalluqli. Boshqa voqealarni bunga bog‘lamayman. “Neftchi” viloyatning bosh jamoasi. Bunday jamoa yaqindagina asos solingan jamoadan (“Turon” klubiga 3 yil avval asos solingan) mag‘lub bo‘lishi og‘ir botdi. Boz ustiga, o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida shu voqea sodir bo‘lyapti. “Neftchi” 2-taymda ham yaxshi o‘ynagan bo‘lardi, agar ilk taymda gol o‘tkazib yuborganida. Murabbiy Abdusamad Do‘rmonov jamoani 2-taymga yaxshi olib chiqa olishini avvalgi 3 o‘yinda ham ko‘rgandim.

Jamoaga jazo qanday bo‘lishi kerak? Bu o‘yindagi mojaro o‘tish o‘yiniga ta’sir qilmasligi kerak (PFL reglamentiga ko‘ra Proligada 2-o‘rinni olgan jamoa Superligada 13-o‘rinni egallagan jamoa bilan o‘tish o‘yinida ishtirok etadi). Balki ma’lum vaqt stadionga muxlislar kirishi taqiqlanar, balki ayrim o‘yinlar boshqa stadionda o‘tar, ammo jamoa “pulka”da o‘ynashi kerak. Hatto, boring ana, “Neftchi”ni o‘tish o‘yinidan mosuvo qilishsa, uning o‘rniga 3-o‘rindagi “Dinamo” (Samarqand) Superligada oxirgidan bitta oldingi o‘rinni olgan “Andijon” bilan o‘ynashi lozim. Ya’ni “Andijon”ning bunday ishtirokini shunchaki qoldirib bo‘lmaydi, jamoa yil davomida yomon o‘yin ko‘rsatib ham bu tariqa Superligada qolishi joiz emas. Agar loyiq bo‘lsa, o‘tish o‘yinida loyiqligini isbotlasin.

Futbolchilarning qilmishlariga kelsak: ko‘chada ham shunday bezorilik qilganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi, demak ular ham o‘zlariga yarashasini olishi kerak. Futbolchilar janjalni boshlamaganida, muxlislar maydonga yugurib tushmasdilar. Aynan futbolchilarning xatti-harakatlari muxlislarda ham “demak, bir gap bor”, degan fikr paydo qilgan bo‘lishi ehtimol. Men muxlislarni ayblamagan bo‘lardim. Sizu bizda takroriy lavhalarni ko‘rish imkoni bor, ammo muxlislar uchun bunday imkoniyat yo‘q, ular ham to‘p qo‘lga tegdi, deb o‘ylagan, bunga ishongan bo‘lishi, hakam atayin “Turon”ga yon bosdi, degan fikrga kelgan bo‘lishi mumkin-ku, to‘g‘rimi?

90-daqiqada sharh davomida aytdim: hakamlar tezgina maydondan chiqib ketishlari kerak, deya. Chunki o‘yin oxirida penalti belgilanmagan vaziyatda harorat ko‘tarildi, dahanaki jang bo‘ldi, qisqasi, nimadir bo‘lishini sezish qiyin emasdi.

Bir tomonda vaziyatga real baho va adekvat jazo berilishi, boshqa tomonda muxlislarni stadionlardan bezdirmaslik masalasi turibdi va aynan bu voqeada oltin o‘rtaliqni topish qiyin. Ertaga “Andijon” va “Neftchi” o‘rtasidagi o‘yin ham katta muammo bo‘lishi mumkin. Mana shu janjaldan keyin bu o‘yinni neytral maydonda o‘tkazib yuborsa bo‘ladi. Balki bu o‘yinni poytaxtda, muxlislarni stadionga kiritmay o‘tkazish ma’qul bo‘lar jazo tariqasida. Ammo muxlislarsiz futbol biroz g‘aribroq. Bu holat muxlislarni futboldan bezdirmaydi. Kelasi mavsum hammasi unut bo‘ladi va ular yana stadionlarga qaytadilar.

Mavzuga oid

E`lonlar