Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqandda matbaachilar va jurnalistlar kasb bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi
Samarqand viloyat hokimligi majlislar zalida 27 iyun — matbaa va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi barcha matbuot nashrlarining rahbarlari, yetakchi muxbirlari, televideniye jurnalistlari, internet jurnalistikasi vakillari, matbaa korxonalari rahbarlari, shuningdek, faxriy jurnalistlar hamda viloyat jamoatchiligining vakillari taklif etildi.
Yig‘ilishni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Turobjon Jo‘rayev kirish so‘zlari bilan ochdi va o‘z tabrik nutqini so‘zladi. Viloyat hokimi o‘z nutqida matbuot va matbaachilik sohasida erishayotgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar haqida gapirib, bundan buyon shaxsan o‘zi, o‘rinbosarlari, viloyatdagi tashkilot rahbarlari, shahar va tuman hokimlari har chorakda jurnalistlar bilan uchrashishi va muloqot o‘tkazishini ta'kidladi.
T.Jo‘rayev «Samarkandskiy vestnik» gazetasi ijodiy jamoasini bir asrlik yubileyi va «Gulobod tongi» gazetasi jamoasini 60 yillik yubileyi bilan tabrikladi.
Viloyat hokimi «Nurobod» gazetasi muharriri Gulshan Shermatova «Yilning eng faol jurnalisti» respublika tanlovida sovrindor bo‘lganini alohida ta'kidlab, G.Shermatova va uning ijodiy jamoasini ushbu yutuq bilan qizg‘in tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shundan so‘ng T.Jo‘rayev 11 nafar jurnalist va matbaachilarga viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘asini, 8 nafar «Eng faol jurnalist» tanlovi g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘asini topshirdi.

«Samarkandskiy vestnik» gazetasi tahririyatiga viloyat hokimi tabrigi bitilgan tabriknoma va kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.


O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Farmon Toshev ham so‘zga chiqib, yig‘ilgan hamkasblarini kasb bayrami bilan qutladi va 9 nafar jurnalistga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Respublika boshqaruvi raisining faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘asini topshirdi.


Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunlangach, 100 ga yaqin jurnalist va matbaachilar Xo‘ja Ahror Valiy ziyoratgohida bo‘lishdi.

Shundan so‘ng jurnalistlar jamoasi Samarqand tumani markazi Gulobod shaharchasida «Gulobod tongi» gazetasi tahririyatining yangi qurib foydalanishga topshirilgan binosining ochilish marosimida qatnashdilar.

Bayramona bezatilgan bino oldida jurnalistlar karnay-surnaylar bilan qarshi olindi. Keksa jurnalistlar tomonidan bino oldiga tutilgan alvon lenta qirqilib, bino ramziy ochib berilgach, so‘zga chiqqanlar 60 yillik yubileyini qarshilayotgan, biryo‘la ikki til — ham o‘zbek, ham tojik tillarida chop etilayotgan gazeta jamoasini qo‘shaloq bayram bilan tabriklab, ularga ijodiy zafarlar tilashdi. Shuningdek, ushbu binoning qurib foydalanishga topshirilishda beminnat yordam ko‘rsatgan Samarqand tuman hokimligiga, tahririyatga shuncha yildan beri o‘z bag‘ridan joy berib kelgan tuman soliq inspeksiyasi jamoasiga ham tashakkurlar izhor etildi.


«Gulobod ovozi» tahririyatiga ko‘p yillik mehnati singgan keksa jurnalistlarga to‘n yopildi.
Jurnalistlar tahririyatning xonalari bilan tanishishdi. Ayniqsa, binoning birinchi qavatidan o‘rin olgan «Gulobod kitob olami» kitoblar do‘koni ham faoliyatini boshlagani hammada iliq taassurot qoldirdi. Shu yerda «Samarqand kitob olami» gazetasining bayramga atab chiqarilgan nishona soni ham mehmonlarga tarqatildi.

Shundan so‘ng tadbirda qatnashayotgan jurnalistlarning barchasi «Samarqand» restoranida yozilgan dasturxon atrofida yig‘ilishdi.
So‘zga chiqqan Samarqand shahar hokimi V.Rahimov ham faol nashrlar va televideniye bosh tahririyatlariga shahar hokimligining faxriy yorliqlarini topshirdi.

Samarqandlik xushovoz san'atkorlar tomonidan yangragan sho‘x qo‘shiqlar va raqqosalarning raqslar yig‘ilganlarga bayram kayfiyati ulashishdi.
Shuhrat Shokirjonov
Kun.uz muxbiri, Samarqand.
Fotosuratlar muallifi: Baxtiyor Mustanov
Mavzuga oid
23:04 / 13.06.2026
Samarqandda Rossiyada ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun test markazi ochiladi
10:50 / 12.06.2026
Samarqandning olis tumanlariga investitsiyalar jalb etiladi
17:46 / 10.06.2026
Samarqand tumanlari qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi
17:45 / 05.06.2026