Jahon | 09:58 / 28.06.2017
9089
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyada minglab shimoliy koreyaliklar majburan ishlatilishlarini ma'lum qildi

Rossiya hukumati odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha yetarlicha sa'y-harakatlarni amalga oshirmayapti, mamlakat hududida esa Shimoliy Koreya fuqarolari mehnat lagerlari faoliyat yuritadi. Bu haqda AQSh davlat departamentining 27 iyunda chop etilgan odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha hisobotida aytilgan.

"Rossiya hukumati Shimoliy Koreya bilan ikki tomonlama kelishuvlar muddatini uzaytirdi. Bu kelishuvlarga ko‘ra, Rossiyada Shimoliy Koreya mehnat lagerlari faoliyat yuritadi, ularda minglab shimoliy koreyaliklar majburan ishlatiladilar", deb aytilgan hujjatda.

Hisobotda aytilishicha, Shimoliy Koreya har yili Rossiyaga o‘zining 20 mingga yaqin fuqarosini ishlashga yuboradi. Bundan tashqari, Rossiyada ishlovchi 30 ming shimoliy koreyalik zo‘ravonlik bilan mehnat qilishga majburlanadi. 

Davlat departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, ulardan ko‘pchiligi kuniga 20 soatdan ishlashga majburlar, ularning maoshlari esa Shimoliy Koreya hukumatiga jo‘natiladi va Pxenyan shu tariqa yiliga yuzlab million dollarlar topadi.

Davlat departamenti qatorasiga beshinchi yil Rossiyani hukumatining sa'y-harakatlari AQShning odam savdosiga qarshi kurashish qonunchiligi standartlariga umuman javob bermaydigan davlatlar qatoriga qo‘shib keladi.
 
"Rossiya hukumati odam savdosiga qarshi kurashishning minimal standartlarini ham bajarmaydi va bu yo‘nalishda sezilarli qadamlarni amalga oshirmaydi", deyilgan hujjatda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid