Jamiyat | 09:12 / 04.07.2017
5330
10 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqining loyihasi yordamga muhtoj bo‘lgan odamlarning to‘laqonli hayotga qaytishlariga yordam beradi

«Odatiy, to‘laqonli hayotga qaytish» - ushbu so‘zlar hayotning haqiqiy qadrini bilganlar uchun beqiyos ahamiyatga egadir. Ushbu so‘zlar  hamma vaqt ham «narigi dunyo»dan tibbiyot yordamida qaytganlikni bildirmaydi, albatta. Bu yo‘l achchiq xatolar, xafagarchiliklar, yolg‘izlik, azoblardan – insonning o‘zligiga, o‘zining yangi «Men»iga, yangi hayotga va umidga qaytishining anchayin mushkul va uzoq yo‘li bo‘lishi mumkin. Bunday holatda Toshkentdagi Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida yordamga tayyorlar.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi  2016 yilda Nodavlat-notijorat tashkiloti bo‘lgan «INTILISH» Respublika axborot-ta'lim markazi qoshida, DVV International (Germaniya) halqaro tashkiloti bilan hamkorlikda «Uyga to‘laqonli hayot sari yo‘l» loyihasi doirasida tashkil etilgan. Ushbu loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan Germaniyaning iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish Federal vazirligi bilan hamkorlikda moliyalashtiriladi. Ozodlikdan mahrum etish joylaridan qaytgan insonlar, sil kasali  bilan kasallanganlar, OIV (OITS) bilan yashayotganlar hamda giyohvandlikka chalinganlar loyihaning asosiy maqsadli guruhi bo‘ldilar. Markazning faoliyati bunday odamlarga yo‘qotilgan ijtimoiy foydali aloqalarni tiklash, yangi kasbga o‘rganish yoki kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, o‘zlariga ishonishlariga erishish va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishda rag‘batni shakllantirishda yordam ko‘rsatishga qaratilgan. Eng muhimi – bunday odamlarga nisbatan jamiyatda mavjud bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishga intilishdan iborat.

Markazga murojaat etuvchilardan har birining (bu yerda ularga xizmat ko‘rsatilishi tufayli ularni “mijoz” deb atashadi)  «...gacha» va «...dan keyin» bo‘lgan o‘ziga yarasha mushkil o‘tmishi va qismati va demakki, o‘zlarining muammoli masalalar doirasi borki, ularning keyingi hayoti ushbu muammolarni qanday hal etilishiga bog‘liqdir. Odatda mijozlarda bunday muammolar talaygina bo‘lib, ular shaxsiy hujjatlarni tiklash, hamda ishga joylashishga bo‘lgan fuqarolik huquqidan foydalanish, tibbiy xizmatlar olish, yangi kasbga o‘rganishdan tortib, to oilaga, oldingi muloqot muhitiga qaytish va h.k.-ga o‘xshagan ruhiy qiyinchiliklarni qamrab oladi. Shuning uchun ham ushbu vazifalar majmuasi Markaz ish boshlaganidan beri kungillilik, tekin va sir saqlagan holda bir qator davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan hamkorlik va ijtimoiy sherikchilik asosida birgalikda hal etiladi. Bunday tashkilotlar qatoriga Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar Ijtimoiy moslashuv markazi va Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash markazi, shuningdek Ichki ishlar bo‘limlari, tibbiyot muassasalari va qator xalqaro tashkilotlar kiradi.

  Dastlabki natijalar

- Bugungi kungacha 240 nafar inson bizning Markazimiz mijozlari bo‘ldilar va ulardan 57 nafari ayollardir – deydi Nodavlat-notijorat tashkiloti bo‘lgan «INTILISH» Respublika axborot-ta'lim markazi direktori Tatyana Nikitina. -Markaz o‘zbek va rus tillarida xizmat ko‘rsatadi. Ijtimoiy qo‘llab quvvatlash usullariga muvofiq, har bir mijoz uchun shaxsiy reja shakllantiriladi. Uning asosida inson uchun bugungi kunda dolzarb bo‘lgan hamda uning normal hayotga ko‘nikishi va o‘z hayoti uchun mas'uliyatga ega bo‘lishiga yordam beradigan muammolarni hal etamiz. Tajribaning ko‘rsatishicha, ozodlikdan mahrum qilish joylaridan chiqqan insonlar uchun eng avvalo, ishga joylashish birinchi darajadagi muammo bo‘lib hisoblanadi. Zero, ishga joylashish ularga o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a'zosi sifatida his etishlariga imkoniyat beradi. Ular ayrim paytda ish topa olmaydilar, yoki ularning oldingi kasblariga bugungi kunga kelib talab yo‘qotgan bo‘ladi. Shuning uchun ham biz mijozlarimizni Toshkent shahar hokimligi qoshidagi band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash markaziga yuboramiz.

Mijozlar bugungi kunda kasbiy ta'lim va qayta tayyorlash kurslariga kelib qo‘yidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kasblarni o‘zlashtirishlari mumkin: shaxsiy kompyuterlarni ta'mirlash, ayollar kiyimini tikish, massaj, gaz va elektr payvandlovchisi, sartaroshlik ishi, kompyuter savodxonligi, ish yuritish va boshqalar. Loyiha muvofiqlashtiruvchilarining qayd etishlaricha, shaxsiy kompyuterlarni ta'mirlash va sartaroshlik ishi bugungi kunda eng ko‘p talabga ega bo‘lgan kasblardir.

 -Kasbiy ta'lim kurslarini tamomlagandan keyin Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi davlat andozasidagi sertifikat beradiki, bu mijozlarimizni ish bilan ta'minlanishlari imkoniyatlarini oshiradi, deydi Tatyana Nikitina. – Shuningdek, biz ish bilan ta'minlashga ham ko‘maklashishga harakat qilamiz. Masalan, yaqinda Sergeli tumanida bo‘lib o‘tgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida bizning Markazimiz mijozlari ham qatnashdilar. Markazning ijtimoiy xodimi Rano Ismoilovaning aytishicha, garchi boshida mijozlar o‘z hayotlaridagi bunday o‘zgarishlarga tayyor bo‘lmasalarda, kasbga ega bo‘lgach,  ular  Markazning ko‘magisiz ham o‘zlari ishga joylashayotganlari quvonarli holdir.

- Bizning vazifamiz birinchi navbatda mijoz bilan aloqa bog‘lashdan iborat, deydi Rano Ismoilova. – Aloqani esa, har doim xam birinchi martasidayoq o‘rnatib bo‘lmaydi. Ozodlikdan mahrum qilish joylaridan hozirgina chiqib katta hayajonni boshidan kechirgan insonlar bilan aloqa o‘rnatish nisbatan qiyinroq bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi bizning Markazimizda taklif etiladigan yordamlar imkoniyatlarini tasavvurlariga sig‘dirmay o‘zlarini chekkada tutadilar. Ular hattoki shaxsiy hujjatlarda, boshpanada, jazoni o‘tash davrida buzilgan oilalariga qaytishda va h.k-larda muammolar mavjud bo‘lsada barcha muammolarini o‘zlari hal qila olishlarini aytadilar.  Biz ularni  psixolog mutaxassisning mashg‘ulotlariga qatnashish kerakligiga ko‘ndirgan   taqdirimizda, bu odatda mijozlarimizning keyinchalik ijtimoiy hayotga ko‘nikishlariga yordam beradi. Ayrim holatlarda biz bo‘lajak mijozlarimizning ota-onalaridan yordam so‘raymiz. Dastlab ota-onalarga farzandlari «normal hayotga qaytishida» bizning Markazimizda olishlari mumkin bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida gapirib beramiz. Biz tomonimizdan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarda yosh bo‘yicha chegaralar yo‘q. Qamoqdan ozod etilgan pensiya yoshiga yaqinlashgan insonlarga, masalan, biz pensiyani rasmiylashtirishga yordam beramiz va h.k. Bizning mijozlarimiz ko‘rsatilayotgan xizmatlarimizni tanishlariga so‘zlab berib, ularni ham Markazimizga olib kelish holatlari ham bor, albatta.  Mijozlarimiz bilan olib borgan ishlarimiz davomida ular o‘rtasida «retsediv» holatlari bo‘lmaganligi hozirgi kunda Markazimiz mutaxassislari guruhi umumiy faoliyatining asosiy yutug‘i, deb hisoblayman. Bu yerga kelgan barcha mijozlarimiz kasbga ega bo‘lishga, mustaqil tarzda hayotda o‘z o‘rinlarini topishga intilib o‘zlariga bo‘lgan ishonchlarini orttirmoqdalar. .

Ta'kidlab o‘tilgan kasbiy tayyorgarlik bilan bir qatorda muhtoj insonlarning boshqa guruhi – sil kasaliga  chalinganlar, OIV (OITS) bilan yashayotganlar va narkotik moddalarni iste'mol qiluvchilar ham Markazning xizmati bilan qamrab olingan. Markaz mutaxassislarining ta'kidlashlaricha, bunday insonlarning barchasiga va ularning oilalariga ham psixologik yordam ko‘rsatish muhimdir.

-Psixologik ko‘nikishning to‘liq kursini o‘tgan va kasbiy ta'lim olgan mijozlar yoki oyda bir marotaba Markazga kelishadi, yoki qo‘ng‘iroq qilib hozirgi vaqtda nima bilan band ekanliklarini gapirib beradilar, - deydi Tatyana Nikitina suhbat davomida. - Ya'ni, Markaz mutaxassilari tomonidan mijozlarning keyingi hayoti monitoring qilib boriladi. Hattoki bir necha muddatdan keyin ham bizning mijozlarimizda muayyan xizmatlarimizdan foydalanish, psixologik yoki yuridik maslahat olish imkoniyatlari saqlanib qoladi.  Ushbu Markazda ijtimoiy reabilitatsiya qilish muddatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, u odatda 1,5 oydan – 3 oygacha davom etadi. Bu muddat davomida bizga murojaat qilgan inson tanlangan kasbiga qarab kasbiy ta'lim kurslariga qatnashadi, shuningdek psixolog mashg‘ulotlariga boradi, huquqshunos yordamida huquqiy masalalarni hal etadi, zaruratga qarab tibbiy ko‘rikka qaytadan yo‘llanma oladi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash Markazi faoliyati haqidagi qo‘shimcha ma'lumotni «INTILISH» NNT saytidan olish mumkin.

Rimma SABIRDJANOVA

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid