Jahon | 17:36
888
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda migrantlar uchun markaz tashkil etishi mumkin - OAV 

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari guruhi Ruanda va O‘zbekistonda boshpana berish rad etilgan migrantlarni joylashtirish markazini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Foto: AP

Politico nashrining uch nafar yevropalik diplomatga tayanib xabar berishicha, ushbu reja Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlarda qolish huquqi rad etilgan migrantlarning ishini ko‘rib chiqish uchun «qaytish markazi» tashkil etish vakolatini beruvchi qonun qabul qilingandan so‘ng paydo bo‘ldi.

Joriy oyda Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatning yarmidan ko‘pi bunday markazlarni tashkil etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishga chaqirdi.

Daniya, Avstriya, Gretsiya, Germaniya va Niderlandiya rad etilgan boshpana izlovchilarning arizalarini Yevropa Ittifoqidan tashqarida ko‘rib chiqish tashabbusini ilgari surdi.

«Maqsadimiz - 2026 yilda ushbu tuzilmalarni tashkil etish bo‘yicha birinchi kelishuvlarni tuzish, toki ular 2027 yildan boshlab faoliyat ko‘rsata boshlasin», dedi Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis qonun qabul qilinishi arafasida.

Boshqa ikki yevropalik diplomatning ta’kidlashicha, ushbu markazlarni qabul qiladigan mamlakatlar hali aniqlanmagan va siyosiy va diplomatik jarayon endi boshlanishi kerak.

Bu rejalar Yevropa hukumatlarining migratsiyani boshqarishni qit’adan tashqariga ko‘chirish bo‘yicha bir qator urinishlaridan so‘ng paydo bo‘ldi. Britaniyaning Ruanda bo‘yicha rejalari o‘tgan yili ko‘p yillik huquqiy va siyosiy kurashlardan so‘ng bekor qilindi, Italiyaning Albaniyadagi migrantlar markazi qarori bir necha bor sudga berildi.

Ta’kidlanishicha, garchi hukumatlar Ruanda va O‘zbekistonni ko‘rib chiqayotgan bo‘lsa-da va bu Yevropa Ittifoqi darajasida tasdiqlangan bo‘lsa-da, aniq kelishuvlarni tuzish hali ham alohida hukumatlarning vakolati bo‘lib qoladi.

Yevropa Ittifoqi o‘zining Global Gateway dasturi doirasida Ruandaga yuzlab million yevro yo‘naltirdi va 2023 yilda 900 million yevro sarmoya kiritishini e’lon qildi. Shuningdek, blok O‘zbekistonga 119 mln yevro miqdorida grant mablag‘lari ajratdi

Yopiq eshiklar ortida muzokaralar olib borilayotgan yana bir davlat Uganda, dedi yevropalik amaldor. Blokka geografik jihatdan yaqin bo‘lgan Misr va Liviya kabi davlatlar odamlarni noqonuniy tashish xavfi borasidagi xavotirlar tufayli chiqarib tashlandi, dedi rasmiy.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron avvalroq Yevropa Ittifoqining boshpana berish rad etilgan migrantlar uchun uchinchi mamlakatlarda «qaytish markazi» tashkil etish qaroriga qarshi chiqqan edi.

O‘tgan hafta Yevropa parlamenti Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga boshpana berish rad etilgan migrantlarni uchinchi mamlakatlardagi maxsus markazga yuborish imkonini beruvchi yangi migratsiya qoidalariga ovoz berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid