Jahon | 07:31 / 04.07.2017
17093
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada tojiklar o‘z yurtdoshlariga 26 yil o‘tib vataniga qaytishida yordam berdilar

Foto: Sputnik

Rossiyadagi loqayd bo‘lmagan tojiklar o‘z yurtdoshlari Izzatga 26 yil Rossiyada yashaganidan keyin vataniga qaytishida yordam berdilar. Izzatning vataniga qaytishi haqidagi voqeani Moskvada yashovchi videobloger Parviz Ibragimov so‘zlab berdi.

Uning YouTube’dagi "Fond tadjika" nomli kanali tojikistonliklarning Rossiyadagi hayotlariga bag‘ishlangan. Parviz bir necha oy avval ko‘chada juldurvaqa kiyimdagi erkakni payqab qoladi.  

"Biz uni Moskva ko‘chalaridan birida uchratdik. U tojik ekanligini bilganimizdan keyin Tojikistonga qaytishni istashi haqida so‘radik. Biz shu tariqa uni uyiga jo‘natishga qaror qildik", deb so‘zlab bermoqda Ibragimov.

Tojikistonning Izzat ismli fuqarosi 26 yil avval Rossiyaga ko‘chib o‘tib, rus ayoliga uylangan, biroq bir necha yil o‘tib u ajrashgach, ko‘chada qolib ketgan.

Erkak uyiga yetib olish uchun aviachiptaga pulni tojik muhojirlari yig‘ib berishgan, zarur hujjatlarni Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi tayyorlagan. Iyun oxirida Izzat shuncha yillik darbadarlikdan so‘ng Dushanbega – yaqinlari yoniga uchib ketdi.   

"Izzat hozirda Tojikistonda. Biz uning opa-singillaridan uni shifoxonaga olib borib, davolatishni so‘radik, chunki u kasalmand", deb so‘zlarini davom ettirdi Parviz va yaqin kelajakda do‘stlari bilan yana bir necha yurtdoshlariga Tojikistonga qaytishlarida yordam bermoqchiligini qo‘shimcha qilib qo‘ydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid