Jamiyat | 23:04 / 04.07.2017
18436
3 daqiqa o‘qiladi

Shifoxona yonida qurilgan tungi klub masalasiga hokimiyat aks-sado berdi

Kun.uz sayti orqali “Shifoxona yonida qurilgan tungi klub o‘z “ishini ko‘rsatishni boshladi” nomli maqola taqdim etilgan edi. Unda Farg‘ona viloyatining Furqat tumanidagi shifoxona yonginasida tungi klub ochilgani, bu klub hududda istiqomat qilayotgan fuqarolar, shuningdek, shifoxonada davolanayotgan bemorlarga xalaqit berayotgani aytib o‘tilgandi.

Muammo yuzasidan yana bir bor Furqat tumani hokimligiga murojat qilganimizda, tuman hokimi o‘rinbosari Bahrom Abdullayev mazkur manzilni o‘rgandi. Kuzatuvlar jarayonida Nozimjon Sotvoldiyevga tegishli bo‘lgan tungi klub noqonuniy tarzda faoliyat ko‘rsatayotgani, faoliyat olib borishga daxldor hech qanday hujjatlar yo‘qligiga aniqlandi Shu kuni Bahrom Abdullayev aholi vakillari bilan suhbatlashganida hududdagi fuqarolar chindan ham bu klub ularning farzandlariga yomon ta'sir ko‘rsatishi, mast holdagi kimsalar dastidan kechalari manzilda yurishga qo‘rqib qolganlarini aytishdi. Furqat tumani hokimligi hamda tuman IIB xodimlari tomonidan noqonuniy ishlayotgan tungi klub faoliyati to‘xtatildi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Nega aholi kun.uz saytiga murojaat qilganidan so‘ng ko‘pdan beri ularni qiynayotgan muammo hal etildi? Nega fuqarolar ariza bilan hokimlik vakillariga murojaat qilishganida bu narsalarga bee'tibor qaraldi? Yana bir savol: jurnalistlar ko‘magi bilan berkitilgan tungi klub ikki kun o‘tganidan so‘ng o‘z faoliyatini boshlamaydimi? Yaqin kunlarda tumandagi tungi klub o‘rniga farzandlar tarbiyasiga xizmat qiluvchi, ularga ziyo ulashuvchi kutubxona hamda kitob savdolari yo‘lga qo‘yilgani, shu manzildagi shifoxonada davolanayotgan bemorlar ham kitoblardan xarid qilib, turli o‘ylar o‘rniga, hayotda yaxshi niyat qilish kerakligi, oldinga qadam bosish haqida o‘ylashayotgani, buning uchun tuman hokimligiga rahmat aytilgani bitilgan samimiy maktub keladi, degan umiddamiz.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid