Jamiyat | 17:04 / 05.07.2017
23214
5 daqiqa o‘qiladi

Shirin gaz servis - aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlashda kelajak sari qadam

Jimjimador so‘zlardan qochib, shuni aytish mumkinki, bugungi kun tadbirkoridan jamiyatning umidi katta. Xususiy sektor vakillarining ishbilarmonlik va yangi g‘oyalar bilan aholi farovonligini oshirish uchun bel bog‘laydigan davrda yashamoqdamiz. 

Ma'lumki, aholi va yuridik shaxslarni suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyoji yildan-yilga oshib bormoqda. Andijon viloyati, Asaka tumanidagi “Axtachi” sanoat hududida ish boshlagan Shirin gaz servis jamiyati aynan ana shunday ezgu maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan korxonalardan biridir. Jamiyat o‘tgan yilning dekabr oyida aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash ishlari bo‘yicha GTS (gaz to‘ldirish stansiyasi)ga maxsus litsenziyaga ega bo‘ldi va shu yilning fevral oyida ish boshladi. 

Endi gaz to‘ldirish stansiyasining qanday faoliyatni amalga oshirishiga to‘xtalib o‘tsak. Maskan ish boshlashi bilan ASGTSh (avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi) hamda davlat korxonalari bilan suyultirilgan gazni saqlash va ta'minlash bo‘yicha shartnomalarga asosan sifatli xizmat ko‘rsatishga kirishdi. May oyidan esa “Vodiygazta'minot” unitar korxonasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan Andijon viloyati aholisini suyultirilgan gaz bilan ta'minlashga xizmat qilib kelmoqda.

Shirin gaz servis rahbarlari Zafarxo‘ja Rahimov va Muqaddas Rahimovalar bilan stansiyadagi hozirgi zamon talabi darajasida tashkil qilingan ish jarayoni bilan tanishdik. Darhaqiqat, maskan faoliyati zamonaviy texnologik qurilmalarda, texnika xavfsizligi yuqori himoyalangan holda olib boriladi. Temir yo‘l orqali vagonlarda keltirilgan suyultirilgan gaz mazkur stansiya orqali avtogazosisternalar yordamida viloyatning Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa va Izboskan gaz to‘ldirish shoxobchalariga yetkazilib, maishiy gaz ballonlariga to‘ldirib beriladi.

 

- Gaz to‘ldirish stansiyamizda 550 metr kub suyultirilgan gazni saqlash inshootlari mavjud bo‘lib, 4 ta so‘ngi texnologik rusumdagi kolonka gaz ballonlarini suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish imkoniyatiga ega, - deydi jamiyat rahbari Zafarxo‘ja Rahimov. – Suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish jarayoni avtomatlashgan tizim orqali nazorat qilingan holda olib borilib, har bir ma'lumotning to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompyuter markaziga kelib tushishi stansiyadagi har bir harakat va aniq hisob-kitoblarni ma'lumotlar bazasi orqali kuzatib borish imkonini bermoqda.

Zafarxo‘ja Rahimov mazkur sohada 22 yillik ish tajribasiga ega bo‘lib, Qo‘qon neft o‘quv yurtini, so‘ng Toshkent texnika universitetini tamomlab, neft va gaz mutaxassisi maqomiga ega bo‘lgan. Ko‘p yillik faoliyat davomida erishilgan tajriba mutaxassisda aholini hozirgi kunda eng zarur va arzon yoqilg‘i bo‘lgan suyultirilgan gaz bilan ta'minlashning istiqbolli tizimini joriy etish bo‘yicha yangi innovatsion loyihalar yaratishiga zamin yaratibdi. 

“Gaz to‘ldirish stansiyamizda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, aholiga zamon talabiga mos sifatli xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bizga iste'molchilar bo‘lgan aholining gaz ballonlarini to‘ldirish vazifasi yuklansa, aholi kompyuter tizimi orqali o‘zlarida mavjud gaz ballonlarini suyultirilgan gaz bilan to‘ldirishni hech qanday ovoragarchiliklarsiz ish joyida yoki yo‘lda ketayotib onlayn buyurtma orqali amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Jamiyatimizda mavjud servis xizmati vakillari xonadonga borib, gaz ballonlarini sifatli tarzda to‘ldirib beradi. Gaz ballonlarini onlayn texnik nazorati esa alohida mavzu. Yaratilgan avtomatik kompyuter tizimi orqali xonadonda bosim ostida ishlab turgan propan idishini onlayn rejimida nazorat kilishimiz mumkin bo‘ladi. Bu esa xavfni (bosim ko‘tarilishi va gazni sizib chiqishi) kabi noxush holatlar ro‘y berganida tizim orqali gazni avtomatik tarzda o‘chirish imkonini beradi. Zamon shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda mana shunday yangiliklarni amalda tadbiq qilish vaqti kelgani uchun ushbu loyihani ishlab chiqdik”, - deydi jamiyat rahbari.

Darhaqiqat, har bir sohada yangilikka intilish, servis xizmatlarini axborot-kommunikatsiya qulayliklaridan foydalanib, onlayn tarzda olib borish bugungi kun talabi. Korxonada ayni paytda 20 nafar kishi ish joyi bilan ta'minlangan. Yuqoridagi loyihalar tez kunlar ichida amalga oshiriladigan bo‘lsa maskanda yana 100 nafardan ziyod aholi doimiy ish joyiga ega bo‘ladi.

Yurtimizda yangilikka intiluvchan, kelajak sari dadil qadam tashlayotgan korxonalar ko‘payishini juda istar edik. 

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon
 

Reklama huquqi asosida

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid