Jahon | 09:07 / 07.07.2017
5374
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadagi toshqinda olti kishi halok bo‘ldi

Foto: AFP 2017 / Jiji Press / Stringer

Yaponiyaning janubi-g‘arbidagi Fukuoka va Oita prefekturalarida yuz bergan toshqin oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, 19 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda Kiodo agentligi xabar bermoqda.

Oita, Fukuoka va Kumamoto prefekturalarida 96 ming kishini ko‘chirish rejimi saqlanib turibdi. Hukumat Kitakyusyu shahridan 23 ming kishini havo orqali ko‘chirishni buyurgan.

Halok bo‘lgan olti nafar kishining uch nafari Asakura shahridan. Aynan mana shu shahar 6 iyul kuni butunlay suv ostida qolgan edi. Suv ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidan yuqorilagan. Suv toshqini shaharga loy, chiqindi, daraxt bo‘laklarini olib kelib tashlagan. Shahardagi yo‘llar ko‘rinmay qolgan.

Fukuoka prefekturasining uchta tumanida 700 nafar kishiga yordam ko‘rsatilgan. Qishloqlarning yo‘llari suvga to‘lgani bois, gumanitar yordam ko‘rsatish imkoni bo‘lmayapti. Hatto noqulay ob-havo sharoiti sabab yordamni vertolyot orqali amalga oshirish imkoniyati mavjud emas. Voqea joyida mudofaa vazirligi, politsiya va yong‘in xavfsizligi xizmatining 7,5 ming xodimi ishlamoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid