Jamiyat | 10:22 / 07.07.2017
4757
2 daqiqa o‘qiladi

Ford Meksikadagi zavodini qurmaslik uchun tovon to‘laydi

Foto: © Ford

Meksikaning San-Luis-Potosi shtati hukumati xabar qilishicha, Amerikaning Ford avtomobilsozlik kompaniyasi avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodni qurishdan bosh tortgani uchun 65 million dollar (1,2 milliard pesoga yaqin) tovon puli to‘laydi. 

Avtokompaniya yil boshidayoq San-Luis-Potosidagi zavodini qurish uchun 1,6 mlrd dollar sarmoya kiritmasligini ma'lum qilgan edi. Buning o‘rniga kompaniya o‘zining Michigandagi ishlab chiqarish quvvatini rivojlantirish uchun 4 yilda 700 mln dollar sarmoya kiritishga qaror qilgan. 

Shtat gubernatori Xuan Manuel Karrerasning so‘zlariga ko‘ra, Ford bilan olib borilgan muzokaralar sekin va qiyin kechgan, biroq natijada tomonlar xalqaro sudlarga murojaat qilmasdan kelishuvga erishgan. 

Shunday qilib, San-Luis-Potosi amalga oshmay qolgan loyihaning birinchi bosqichida o‘zining 500 million peso (27 million dollarga yaqin) miqdoridagi xarajatining o‘rnini to‘ldiradi.

"Ford bilan kelishuvning yopilishidan tushgan mablag‘lar shtatdagi avtomobil harakatini yaxshilash uchun "Xuares" yo‘l bog‘lamasini qurishga sarflanadi", – deb yozgan shtat gubernatori Twitter sahifasida.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid