22:50 / 07.07.2017
147748

Markaziy bank valyutani tartibga solish borasida rasmiy bayonot berdi

7 iyul kuni Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan "Senat olti oyda: sarhisob va tahlil" mavzuidagi ochiq muloqotda senatorlar, ko‘plab soha mataxassislari, ekspertlar birinchi yarim yillik bo‘yicha hisobot berishdi va jurnalistlar hamda aholini qiziqtirgan savollarga javob qaytarishdi. Tadbirda qatnashgan "Kun.uz" muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Markaziy bank departament direktor o‘rinbosari Bobur Abubakirov valyutani tartibga solish, uning erkin kursi haqida quyidagilarni ma'lum qildi. 

"Valyutani tartibga solish, valyutaning erkin kursi haqida gapiradigan bo‘lsak, hammangizga ma'lum, joriy yilning 7 fevralida davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi to‘g‘risidagi farmon bilan tasdiqlangan davlat dasturining 119-bandiga asosan, valyutani tartibga solish, valyuta kursi ilg‘or bozor mexanizmlarini joriy qilish topshirig‘i berilgan. 

Hozirgi kunda bu masala bo‘yicha Markaziy bank, hukumat va davlatning iqtisodiy blokidagi vazirlik va idoralar bilan tegishli tartibda ishlar amalga oshirilmoqda, tahlil qilinmoqda. O‘ylaymanki, tez kunlarda bu yo‘nalishda yaxshi yengilliklar seziladi", - dedi B.Abubakirov.

Bu borada Markaziy Bank departament direktor o‘rinbosari Azimov Zafar Abdumajidovich ham so‘zga chiqib quyidagilarni ma'lum qildi:

"Markaziy bank boshqaruvi tomonidan, davlatimiz rahbari tomonidan bank tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida qayta moliyalashtirish stavkasini 9 foizdan yillik 14 foizga ko‘tarish bo‘yicha qaror qabul qildi. Mazkur qarordan maqsad - mamlakatda inflyatsiya darajasi o‘sishining oldini olish, inflyatsion xatarlarni cheklash,    iste'mol bozoridagi narxlarning o‘sib borishini oldini olish.

Markaziy bank boshqaruvi doimiy ravishda mamlakat iste'mol bozoridagi narxlar barqarorligini kuzatib boradi, tahlil qiladi. Agar ushbu tahlil natijalari narxlarning barqarorligini ko‘rsatsa hamda inflyatsion xatarlarning pasayganini ko‘rsatsa, Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasini qaytadan ko‘rib chiqadi va uni pasaytiradi. 

Valyuta kursini shakllantirishning erkin bozor rejimiga o‘tmoqchi ekanmiz, qayta moliyalashtirish stavkasi albatta oshishi kerak edi, bu ham asosiy zaminlardan biri", - deydi Markaziy bank vakili.

Moderator Sherzod Qudratxo‘jayev bunga qo‘shimcha ravishda ko‘p mamlakatlar bunday davrni boshdan kechirganini ta'kidlagan holatda, O‘zbekistonning ushbu sinovlardan munosib o‘tishiga umid bildirdi.  "Buning uchun iqtisodiyotimiz salohiyati, tadbirkorlarimiz kuchi va aholimizning tushunchasi ham yetarli", - dedi u.

Top