Jahon | 20:10 / 07.07.2017
7208
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda jangarilar harbiylarga hujum qildi, o‘nlab qurbonlar bor

Misrning Sinay yarim orolida jangarilar hukumat harbiylariga hujum uyushtirishdi. Sky News Arabia telekanali mamlakat xavfsizlik kuchlaridagi manbasiga asoslangan holda xabar berishicha, hujum oqibatida 23 harbiy halok bo‘lgan va 33 kishi jarohatlangan.

Shu bilan birgalikda qurolli to‘qnashuv vaqtida 40 nafardan ortiq jangari yo‘q qilingan.

AFP ma'lumotiga ko‘ra, hujum G‘azo sektori bilan chegaradosh Rafa shahridan janubdagi yo‘l o‘tkazish punktida amalga oshirilgan.

Misr armiyasining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida o‘ldirilgan jangarilarning suratlari joylashtirilgan - ular misr harbiylari kabi kiyingan bo‘lgan.

Harbiylar orasidagi qurbonlar soni ko‘pligi jangarilar minalashtirilgan avtomobillar orqali hujum qilgani bilan izohlanmoqda.

Jangarilar ta'qib etilgan va ularning kamida 6ta avtomobili yo‘q qilingan. Mamlakat shimolida jangarilarga qarshi amaliyot davom etmoqda, amaliyotga aviatsiya kuchlari jalb etilgan.

Hozircha ushbu hujum uchun javobgarlikni hech bir tashkilot o‘z zimmasiga olmadi.

Misrning shimoliy qismida bir necha yillardan buyon ekstremistik kuchlar faoliyat ko‘rsatib keladi. Bu hudud harakatlanish qiyin bo‘lgani tufayli, jangarilarga qarshi amaliyotlarda qiyinchilikka duch kelinadi.

Mavzuga oid