18:15 / 07.07.2017
16476

Putinning tanqidchisi Navalniy ozodlikka chiqdi

Foto: Vedomosti

Rossiyalik muxolifatchi, Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi rahbari Aleksey Navalniy 25 sutkalik qamoq jazosini o‘tab, ozodlikka chiqdi.

«Bugun Aleksey Navalniy Moskvadagi maxsus saqlash joyidan qo‘yib yuborildi», deyilgan «Interfaks» xabarida.

O‘tgan oy boshida sud uni ruxsat olinmagan norozilik namoyishini tashkil etishda aybdor deb topgandi. Navalniy bundan avval ham shu kabi huquqbuzarlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgandi.

Navalniy 13 iyun kuni Rossiya Federatsiyasi Ma'muriy huquqbuzarliklar kodeksi 20.2-moddasi 8-qismi (miting tashkil etish yoki uni o‘tkazishning belgilangan tartibini takroran buzish) bo‘yicha aybdor deb topilgan va 30 kunga qamalgandi. Keyinroq, 16 iyun kuni Moskva shahar sudi unga belgilangan jazo muddatini 5 sutkaga qisqartirdi.

11 iyun kuni Navalniy Moskva shahridagi Akademik Saxarov prospektida o‘tkazilishi rejalashtirilgan aksiyani bekor qilgan va tarafdorlarini hukumat bilan kelishmagan holda Rossiya kuni bayrami nishonlanayotgan Tverskaya ko‘chasiga chaqirgandi.

Navalniyning tarafdorlari shanba kuni siyosatchini qo‘llab-quvvatlab, bir qator tadbirlar uyushtirishni rejalashtirishgan, jumladan, uning ilk saylovoldi gazetasi chiqariladi.

Tergov xodimlari hafta boshida Navalniyning Moskvadagi shtabida tintuvlar o‘tkazishgan, politsiyachilar omborxonaga ham kirgan, faollarning so‘zlariga ko‘ra, ulardan saylovoldi varaqalari tortib olingan.

Navalniyning safdoshi bo‘lmish Leonid Volkovning aytishicha, politsiya reydlari keyingi kunlarda mamlakatning boshqa shaharlaridagi shtablarda ham davom etgan.

Top