00:23 / 07.07.2017
26069

Sergelida yangi uylarni noqonuniy o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan guruh faoliyati fosh etildi

Sergeli tumanida qurilayotgan yangi ko‘p qavatli uylarni taqsimlashda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarga barham berildi. Toshkent shahar prokuraturasi Kun.uz sayti so‘roviga ko‘ra, shu haqda axborot berdi. Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Murodjon Sodiqovning aytishicha, Sergeli tuman prokuraturasi tomonidan Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni taqsimlash yo‘nalishida surishtiruv ishlari olib borilgan. 

Foto: "Kun"

Unda aniqlanishicha, shu hududda doimiy yashovchi bir guruh shaxslar, “Qipchoq” MFY mansabdor shaxslari va profilaktika nozirlari o‘zaro oldindin til biriktirishgan hamda buziladigan uylar ro‘yxatiga kiritilgan 35, 49, 53a, 107a, 111b sonli uy-joylarda haqiqatda doimiy yashamaydigan fuqarolarni doimiy istiqomat qilishi haqida dalolatnomalar tuzishgan va tasdiqlashgan. Shundan so‘ng, ular rasmiy hujjatlarga soxta ma'lumotlar va yozuvlar kiritishgan. Ular davlat tomonidan buzilgan uy hisobiga kattaroq maydonli xonadonlarni ajratishgan va shu bilan davlat mablag‘lariga jiddiy ziyon yetkazishgan. 

Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani prokuraturasi tomonidan 2017 yil 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandi (soxta ma'lumotlarni taqdim etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Ushbu ish bo‘yicha Sergeli tumani yer resurslari va ko‘chmas mulk kadastr xizmatidan Qipchoq ko‘chasi 35, 49, 53a, 107a, 111b uylarning mulkdorlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar olib qo‘yilib, bir necha shaxslar guvoh tariqasida so‘roq qilingan. 

Hozirgi kunda, mazkur jinoyat ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Top