01:04 / 07.07.2017
43291

Toshkent prokuraturasi lavozimini suiiste'mol qilgan mansabdorlar haqida ma'lumot berdi

Foto: "Kun"

Toshkent shahar prokuraturasi Kun.uz sayti so‘roviga ko‘ra, mansabdor shaxslarning o‘z lavozimini suiiste'mol qilishi va shu kabi jinoyatlar bo‘yicha olti oylik natijalar haqida ma'lumot taqdim etdi. Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Murodjon Sodiqovning ma'lum qilishicha, Toshkent shahar prokuraturasi organlari tomonidan joriy yilning olti oyi mobaynida 208 mansabdor shaxsga nisbatan 188ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shundan 201 shaxsga nisbatan 151ta jinoyat ishi sudga yuborilgan. 13ta jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksi 364-moddasi asosida to‘xtatilgan. 

Sudlarga yuborilgan 151ta jinoyat ishida qayd etilgan 201 shaxsdan 17 nafari mansab vakolatlarini suiiste'mol qilgan bo‘lsa, 1 kishi mansab vakolatidan chetga chiqqan. 8 nafar mansabdor o‘z mansabiga sovuqqonlik bilan yondashgan, 14 nafari mansab soxtakorligi, 30 nafari pora olish, 64 mansabdor o‘zganing mulkini talon-taroj qilish va 67 nafari boshqa moddalar bilan ayblangan. 

Mazkur jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida 4 mlrd 8 mln so‘mlik yetkazilgan zarar undirilishi ta'minlandi. Shundan, jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslardan 8 nafari respublika miqyosidagi, 30 nafari viloyat va 159 mansabdor shaxs shahar-tuman miqyosidagi tarmoqlar xodimlaridan iborat. 

Sodiqovning aniqlik kiritishicha, ayni vaqtda Davlat Bojxona, Soliq qo‘mitalari, Ichki ishlar vazirligi, Sud-ijro departamenti, Bank muassasalari, adliya organlari, qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, korxona va shirkat xo‘jaliklari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan jami 117ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda, ular yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Top