
Foto: Facebook/Hikmat Abdurahmanov
Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi kuzatuv kengashi raisi, ko‘plab biznes loyihalari hammuassisi, ishbilarmon Hikmat Abdurahmonov Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali qiziqarli takliflar bilan o‘rtoqlashib keladi. "Kun.uz" yangiliklar portali ishbilarmondan ruxsat olgan holda uning ba'zi takliflari bilan bo‘lishishga qaror qildi.
"Jamoamiz bilan har yili korporativ timbilding o‘tkazadigan Beldirsoy tomonlardan qaytishda Chorvoq suv omboridan zavqlanish uchun to‘xtadik. Suv ombori bo‘ylab 90-yillardan beri qurilishi tugatilmagan binolarni ko‘rish mumkin. Anchagina eskirgan infratuzilma, yamoq yo‘llar va muntazam uziluvchi elektr ta'minotiga qaramay, Chimyon qishin-yozin minglab toshkentliklarni o‘ziga jalb qilib keladi.

Foto: Facebook/Hikmat Abdurahmanov
25 yil ichida u yerda bir qator mehmonxonalar, "Park avenue", "Charos", "Archazor", "Krokus", "Sky village", "Layner", "Nebesa" kabi dam olish maskanlari paydo bo‘ldi, "Bochka" nisbatan rivojlandi, shuningdek "Happy Summer", "WestCamp" kabi bir necha oromgohlar va ijaraga beriluvchi qator dala hovlilarini ham qayd etish mumkin.
Bu obektlarning yarmi sovet davridan boshlab qurilgan, ularning ayrimlari esa shu hududlarda qaytadan qurilgan. Dor yo‘lining yonida Chimyon "arvoh"-sanatoriysi turibdi, uning yonida esa yana bir necha ochiq, qurilishi tugallanmagan temir-beton tuzilmalar...

Foto: Facebook/Hikmat Abdurahmanov
Yuqorida nomlari keltirilgan dam olish maskanlarining bari xususiy sektorlar tomonidan barpo etilgan, biroq bu mavjud salohiyatga nisbatan juda kam.
Bishkek yonidagi Qorako‘lning o‘zi 150dan ziyod mehmonga mo‘ljallangan uylarga ega, butun Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlarning tog‘ chang‘ichilari o‘sha yerda yig‘ilishadi. Olmaota yaqinidagi Shimbuloq ham Yevropa tog‘ kurortlaridan qolishmaydi va har yili o‘n minglab sayyoh va olmaotaliklarni jalb qilib keladi.
O‘tgan yillar mobaynida biror marta Chimyon, Chorvoq, Beldirsoy kabi maskanlarimizni qandaydir yagona strategiya doirasida rivojlantirishga doir urinishlar haqida eshitmadim. Tashkiliy ishlar haqida eshitganlarim - noqonuniy ijaraga berishga doir reyd va tekshiruvlar xolos, qolgan barcha xatti-harakatlar Chimyonning turistik salohiyatiga nisbatan juda chalkash.















