Jahon | 20:38 / 27.08.2025
4110
2 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon» hukumati Afg‘onistonning besh yillik rivojlanish strategiyasini tasdiqladi

Strategiya uchta asosiy yo‘nalishda qurilgan: boshqaruv va xalqaro munosabatlar; xavfsizlik va jamoat tartibi; iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish.

Foto: rta.af

Toliblar Afg‘onistonning besh yillik rivojlanish strategiyasini tasdiqladi, bu davlat boshqaruvi, xavfsizlik va iqtisodiyot sohalarida kelgusi yillar uchun harakatlar rejasidir. Bu haqda Kobuldagi matbuot anjumanida «Tolibon» vakili Zabihullo Mujohid ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, hukumat tomonidan ma’qullangan hujjat «Tolibon» nazorati ostidagi barcha davlat institutlarini birlashtirishga qaratilgan, strategiyaning o‘zi esa mamlakatning ichki resurslari va imkoniyatlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Strategiya uchta asosiy yo‘nalishda qurilgan:

- boshqaruv va xalqaro munosabatlar;

- xavfsizlik va jamoat tartibi;

- iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish.

Kelgusi besh yilga mo‘ljallangan harakatlar rejasida qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslar va energetika, transport va aloqa, ta’lim, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi 10 ta soha belgilangan.

Hujjatda, shuningdek, 15 ta ustuvor dastur mavjud. Xususan, islom huquqiga rioya etilishini ta’minlash, davlat sektorini isloh qilish, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, jamoat tartibi va chegaralarni qo‘riqlashni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish institutlarini kuchaytirish, shahar va qishloqlarni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini va oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash, ta’limni kengaytirish, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalarini rivojlantirish shular jumlasidandir.

Strategiyaning maqsadi butun Afg‘onistonning muvozanatli rivojlanishini ta’minlash va «Tolibon» vazirlik va idoralari faoliyatini yaxshiroq muvofiqlashtirishdir, deb xulosa qildi Mujohid.

OAV vakillarining ta’kidlashicha, Mujohid strategiyada qizlarning maktabga borishiga ruxsat berilishi yo‘qligiga izoh bermagan va bu mavzuni «ikkinchi darajali masala» deb atagan. Shuningdek, Mujohid toliblar konstitutsiyani ishlab chiqishni davlat boshqaruvining muhim elementi deb hisoblaydimi, degan savolga aniq javob berishdan bosh tortgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid