Light | 19:43 / 10.07.2017
53670
8 daqiqa o‘qiladi

Mo‘'jizaviy tabiat asari – “O‘rungoch” ko‘liga fotosayohat

Aytishlaricha, tabiat Yaratganning san'at asari ekan. Shaharlar hashamga qanchalar burkanmasin, inson doimo tabiat qo‘yniga shoshadi. Ehtimol, insonning beqaror ruhiyati zarur taskinni, ilhomni yoki quvvatni mudom harakatda bo‘lgan tabiat bag‘ridan olsa kerak. Shu sababli bo‘lsa kerak, yoz kelishi bilan shaharliklar hordiq chiqargani tog‘-toshlarga ravona bo‘lishadi. Shu kunlarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Xumson tog‘li hududi har qachongidan gavjum bo‘ladi.

Xumsonga safarimizdan foydalanib, hamrohlar bilan ko‘pchilik orasida mashhur “O‘rungoch” ko‘llari sari yo‘lga otlandik.

Toshkent shahridan 160 chaqirim uzoqlikda joylashgan "O‘rungoch" (mahalliy aholi tilida "yorqin zumrad tosh" ma'nosini beradi) ko‘llari Ugam-Chotqol Milliy parki hududida joylashgan va "O‘rungoch" soyi irmoqlaridan hosil bo‘lgan.

Bu ko‘lga qanday boriladi?

Chirchiq daryosining boshlanish qismida qurilgan Chorvoq suv omboriga yetib borgach, Nanay qishlog‘iga olib boradigan yo‘lga tushib oldik. 15 chaqirimcha yurgach, Qorabuloq postiga yetib keldik. Ma'lum bo‘lishicha, 2 kun  avval joriy qilingan tartibga ko‘ra, bundan keyin mazkur postdan o‘tish uchun Sijjak aholi punktida joylashgan Ichki ishlar bo‘linmasidan ruxsatnoma talab qilinar ekan. Ruxsatnoma olish uchun Sijjakka qaytdik. Ruxsatnoma blankasi G‘azalkentdan yetib kelishini kutishga to‘g‘ri keldi. Qisqa fursat ichida mazkur IIV bo‘linmasida katta navbat yuzaga keldi.

Ruxsatnoma fuqarolik pasporti bilan beriladi. Agar farzandlaringiz bilan birga bormoqchi bo‘lsangiz, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarini olishni yoddan chiqarmang. Hozircha xorijiy fuqarolarga postdan o‘tishga ruxsat berilmas ekan.

Maslahat: Qorabuloqqa borib, ruxsatnoma uchun yana ortga qaytib ovora bo‘lmaslik uchun avval Sijjakdagi mazkur militsiya punktiga kirib o‘ting.

Bizgacha o‘sha kuni 125 nafar kishiga ruxsatnoma berilgan ekan. Hujjat qo‘lga tekkach, sarguzasht ilinjida yo‘limizda davom etdik. Tabiat go‘zalligi inson bahri dilini ochadi.

Ammo ta'bingizni xira qiladigan holatlarga ham duch kelasiz. Quyidagi suratning o‘ziyoq odamlar toqqa nima maqsadda kelishlariga oydinlik kiritadi.

Har qancha urinmang, bu yaqin atrofda bunday idishlarni topa olmaysiz.

Ammo san'atkorona go‘zallik sizni yana tezda chalg‘itadi. Bekorga gullarni “tabiatning tabassumi” deyishmaydi.

Qorabuloq postida ruxsatnoma va fuqarolik pasportini nazoratdan o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Ichkarilagan sayin tabiat yanada maftunkorlik kasb eta boshlaydi. Samoga bo‘ylagan bobotog‘lar viqori qalbga ko‘chib, faxr hissini to‘ya boshlaysiz.

Ispay, Maydontol, Taka-yang‘oq, Chaqmoqlisoy, Tepar kabi qishloqlarda o‘zbek, tojik, qozoq va qirg‘iz millatiga mansub yurtdoshlarimiz ahil-inoqlikda kun kechiradilar. Mahalliy aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, tog‘ yon-bag‘irlari bo‘ylab gurkirab o‘sgan yong‘oq ham bu yerliklarning rizq-nasibasi. Haqiqiy tog‘ asalini shu yerdan topsa bo‘ladi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining qishloqlardagi elektr energiyasi taqchilligini kichik GESlar qurish orqali hal etish taklifiga ko‘ra, mazkur hududda qad rostlayotgan elektrostansiya aholi uchun quvonchli xabar bo‘ldi. Ishlar esa allaqachon boshlab yuborilgan.

Qishloqlar ortda qolgach, qachonlardir asfalt yotqizilgan yo‘llar tugaydi.

Maslahat: Imkon qadar bu yerga sayohatga kelganida kuzovi yuqoriroq bo‘lgan transportda kelgan ma'qul. Shuningdek, yo‘l-yo‘lakay mahalliy aholi tomonidan qoldirilgan telefon raqamlarga ko‘zingiz tushadi. Ular Niva, Jiguli yoki "uazik"larida sizni manzilgacha olib borib, yana olib kelib qo‘yadilar. Ammo, avtomobilni bu kimsasiz joylarda qoldirib ketishga har kimning ham haddi sig‘maydi.

Shuningdek, G‘azalkentdagi avtobekatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri “O‘rungoch” ko‘liga qatnaydigan taksilarni topish ham mumkin. Buning uchun bekatning “Turkiston” deb nomlangan qismiga kelish kerak bo‘ladi.

Kimdir sizga Damas avtomobilida buyurtma asosida bu yerga sayohat uyushtirib berishini taklif qilsa, buni rad eting. Mahalliy aholi bilan suhbatda ma'lum bo‘lishicha, bu daralarda bunday rusumli avtomobilda yurish hayotni garovga qo‘yish bilan barobar.

Darvoqe, garchi, olisda bo‘lsa ham, bu yerlar ham mobil aloqa signallari bilan qamrab olingan.

Aloqada qolishni istaganlar Uzmobile yoki UCELL kompaniyalari sim-kartalarini olishlari lozim.

Mana bu manzara esa bizni o‘ziga maftun qilib qo‘ydi.

Nihoyat, Chorvoq suv omboridan deyarli 60 chaqirim uzoqlikda joylashgan kichik “O‘rungoch” ko‘liga oz qoldi.

 Bu yer mashinada kelish mumkin bo‘lgan so‘nggi manzil. Undan keyin toshloq boshlanadi.

O‘ziga ishonganlar yarim chaqirimdan bir oz uzog‘roq masofani yayov bosib o‘tishlari mumkin.

Shuningdek, mahalliy aholi bu yerda ham yurishi mumkin bo‘lgan transport muqobilini taklif qilishadi.

Yashillik, toza havo hamda yozning musaffo salqinligi tanni yayratadi. Misoli ilk marotaba odam qadami yetgan manzillarda qadam tashlayotgandek bo‘lasiz. Ammo ko‘lga bir qadam qolganida bu yerga sizgacha ham odam qadami yetganiga aniq ishonch hosil qilasiz.

Zumrad ko‘lning go‘zalligi esa barcha mashaqqatlarni unutishga majbur qiladi.

Tog‘-tosh va qoyalar bilan o‘rab olingan kichik ko‘lning o‘rtacha chuqurligi 4,0 metrni tashkil qiladi. Uning markazidagi chuqurligi 10,4 metrgacha yetadi. Dengiz sathidan 1227 metr balandda joylashgan ko‘lning suvi shu qadar sovuqki, unda na balik, na biror hasharot yoki o‘simlik kun kechirmaydi.

Iyulning boshida egizak ko‘llarning faqat kichigi kristall tiniqligida mavjlanadi. Katta ko‘l esa avgust oyining o‘rtalarida tiniqlashar ekan. Shu bois, biz katta zumrad ko‘lga sayohatimizni keyingi oyga rejalashtirdik.

Yakun.

Vatanni sevish uni bilishdan boshlanadi. Yurtning olis manzillarida umrguzaronlik qilayotgan vatandoshning shukronalik kayfiyatiga to‘la samimiy suhbatiga quloq tutar ekansiz, yurakda chin hurmat uyg‘onadi. Purviqor tog‘lar, bog‘-rog‘lar, daryo-soylarda kezar ekansiz, qalbda sof g‘ururni his qilasiz. Vatan bo‘ylab sayohat shuuringizni boyitib, qalbingizni nafislashtiradi. Aslida mahalliy turizmni rivojlantirish vazifasining tub mohiyati ham vatanparvarlik bilan bog‘liq.

Mo‘'jizaviy tabiat hodisasi bo‘lgan “O‘rungoch” ko‘lidan qaytar ekanmiz, ich-ichimizdan Shveytsariya yoki dong‘i ketgan Shotlandiya tog‘larini, Irland daryosi etaklaridagi yashil vodiylarni, Kanadaning mangu qoyalaridagi kumush ko‘llarni rad etdik.

Shuhrat SATTOROV, jurnalist.

Fotosuratlar Sarvarbek Sa'dullayev bilan hammualliflikda olingan.   

Mavzuga oid