Jamiyat | 20:50 / 11.07.2017
44534
2 daqiqa o‘qiladi

Gangnam Style endi eng mashhur videoklip emas

Janubiy koreyalik Psy ijrosidagi Gangnam Style klipi YouTube portalidagi eng mashhur video maqomini yo‘qotdi. Endilikda «Forsaj 7» filmidagi See You Again qo‘shig‘i uchun ishlangan video undan oldinga chiqqan.

Ayni vaqtda Gangnam Style klipi ko‘rilishi ko‘rsatkichi 2 894 479 586 martani tashkil qilmoqda, Uiz Xalifa va Charli Put ijrosidagi qo‘shiq videosi esa 2 895 552 454 marta ko‘rilgan.

See You Again qo‘shig‘i «Forsaj 7» filmiga saundtrek sifatida, marhum aktyor, franshiza yulduzi Pol Uoker xotirasiga bag‘ishlab yozilgan edi. Aktyor 2013 yili avtohalokat oqibatida olamdan o‘tgandi.

«Bi-bi-si» xabariga ko‘ra, YouTube portalida eng ko‘p ko‘rilgan musiqiy kliplar qatorida Jastin Biber, Mark Ronson, Teylor Svift, Enrike Iglesias va boshqa artistlarning kliplari bor.

Billboard jurnali ma'lumotiga ko‘ra, ushbu qo‘shiq 12 hafta mobaynida eng yaxshi kompozitsiyalar yuztaligida yetakchilik qilgan. Videoklip rejissyori Mark Klasfeld. Klip YouTube portaliga 2015 yil 6 aprelida qo‘yilgandi.

Psy Gangnam Style klipi YouTube portalida 2012 yil 15 iyulida paydo bo‘lgandi. O‘sha yili klip MTV Europe Music Awards taqdimotida yilning eng yaxshi klipi mukofotini olgandi. Klip YouTube portalida eng ko‘p layk olgani evaziga Ginnes rekordlar kitobiga kirgandi.

 

Mavzuga oid