Jahon | 19:20 / 12.07.2017
32015
3 daqiqa o‘qiladi

OAV IShID jangarilari qancha pul olishganini aniqladi

Foto: AFP

Iroq federal politsiyasi Mo‘sulning g‘arbiy qismida IShID jangarilarining 2016 yildagi ish haqlari miqdori haqidagi ma'lumotlarga ega buxgalterlik qog‘ozlarini topdi. Ushbu hujjat Sputnik Arabic tahririyatida ham bor ekani aytilmoqda.

To‘lovlar summasi IShID jangarisining oilaviy maqomi hamda farzandlari bor yoki yo‘qligiga bog‘liq bo‘lgan. Eng kam maoshni uylanmaganlar olgan – 72 dollar, yoki 95 ming iroq dinori. Shu bilan birga, pullarning bir qismi (40 dollar) mahsulotlarga to‘lov uchun ketgan, jangarining qo‘liga esa 32 dollar berilgan, deyiladi hujjatda.

Imom at-Taramziy batalonidan bo‘lgan Abu Jana ismli jangari turmush o‘rtog‘i va uch farzandi bo‘lgani holda, 184 dollar olgan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i va olti farzandi bo‘lgan Abu Nosir ismli jangariga 256 dollar to‘lashgan. Shuningdek aniqlanishicha, barcha jangarilarga, ularning oilaviy holatidan qat'iy nazar, taxminan 40 dollarlik qiymatga barobar bo‘lgan mahsulotlar ajratilgan.

Mo‘suldagi manbaning agentlikka xabar berishicha, vaziyatlarga qarab to‘lovlar miqdori o‘zgarishi ham mumkin bo‘lgan, biroq umuman olganda xotin va farzandlar soniga qarab ish haqi miqdori ham oshib borgan. Shu bilan birga, summa 300 dollardan oshmagan. Shuningdek, uning aytishicha, xalqaro koalitsiya zarbalari yoki minalashtirilgan avtomobillardagi terrorchilik hujumlari vaqtida jabrlangan jangari nogironlarga ham oshirilgan to‘lovlar taqdim etilgan.

Agentlikning boshqa manbasi so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaga Naynavani ozod etish bo‘yicha amaliyot boshlanishidan avval jo‘nab ketgan jangarilar, tashkilotdagi iqtisodiy inqiroz tufayli barcha to‘lovlardan mahrum bo‘lishgan. Jangarilarda moliyaviy muammolar o‘tgan yilning oktabrida Al-Qayara shahridagi neft konlari ustidan nazorat qo‘ldan chiqarilgach boshlangan.

Rahbarlik lavozimlarini egallagan jangarilar, oddiy to‘lovlarga qo‘shimcha tarzda talon-toroj qilingan uylardagi mol-mulklarni sotishdan tushgan mablag‘larni ham olishgan. Agentlik manbasining xabar berishicha, IShIDdagi rahbariyatning ish haqi barcha to‘lovlar bilan qo‘shib hisoblaganda, 500 dollar va undan yuqorini tashkil etgan. Shuningdek ta'kidlanishicha, «IShID knyazlari» alohida oshxonada ovqatlanishgan, u yerda eng yaxshi taomlar tortilgan.

Avvalroq jangarilar Naynava va Anbar viloyatlarida nazorat o‘rnatilganining ilk yillarida qancha ishlab topgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘lgandi. Agentlikning Mo‘suldagi manbalariga ko‘ra, xorijlik jangariga 1300 dollar to‘langan, shuningdek, uy, mashina, xizmatkor ayol va yoqilg‘i taqdim etilgan. IShID jangarilariga aylangan mahalliy aholi vakillari esa 600 dollardan olishgan. 

Mavzuga oid