Dani Alves Gvardiolani ahmoq qildi. Tafsilotlar
Gvardiola Dani Alvesning harakatidan darg‘azab bo‘ldi va uni xoin deb atadi.
«Manchester Siti» rahbariyati Dani Alvesning «PSJ» klubini tanlagani uchun undan qattiq norozi bo‘ldi.
Braziliyalik futbolchi avvaliga «shaharliklar» jamoasi tarkibiga qo‘shilishga va'da bergan edi. Biroq, oxirgi kunda qarorini o‘zgartirib, «PSJ» bilan shartnoma imzoladi.
Marca xabariga ko‘ra, Alvesning bu harakatidan «Manchester Siti» bosh murabbiyi, uning «Barselona»dagi sobiq ustozi Xosep Gvardiola hamda «Barselona»ning sobiq vakili, hozirda manchesterliklar jamoasi sport direktori bo‘lib ishlayotgan Chiki Begiristayn qattiq norozi bo‘lgan.
O‘tgan haftaning juma kunida Gvardiola va Alves Barselonada uchrashib, birga tushlik qilishgandi. O‘shanda tomonlar Angliyada yana hamkorlikda ishlashga kelishishgan.
Ko‘p o‘tmasdan Dani Alves «Yuventus» bilan shartnomani uzdi va hamma uning «Manchester Siti»ga borib qo‘shilishini kuta boshladi.
Uning «shaharliklar» bilan kelishuvga erishgani haqida o‘tgan oydayoq yoza boshlashgandi. U o‘shandayoq shartnoma tuzishi mumkin bo‘lgan, ammo ta'tilni o‘tkazish uchun vataniga ketgan. U okean ortidan qaytgach, Barselonada Gvardiola bilan suhbatda bo‘ldi, 4 kun o‘tib esa Parij jamoasida tibbiy ko‘rikdan o‘tdi.
Bu to‘rt kun ichida u Ibitsada ispaniyalik Xoana Sans bilan turmush qurishga ham ulgurdi. Aynan shu ayol futbolchini Parij jamoasini tanlashga undagan bo‘lishi mumkin, Xoana Sans tez-tez Parijga tashrif buyurib turishi ma'lum.
Shartnoma imzolashi bilanoq L’Equipe nashriga bergan intervyusida Dani Alves Gvardiola bilan qo‘ng‘iroqlashgani haqida gapirgan: «Biz gaplashib oldik. Ishonavering, buni men sizga aytayapman. Men qarorim sabablarini tushuntirdim».
«PSJ»da Dani Alves bir qator vatandoshlari bilan birga to‘p suradi: Tiagu Silva, Markinos, Lukas, Tiagu Motta. Bundan tashqari Parij jamoasida uning ham vatandoshi, ham «Barselona»dagi sobiq sherigi Maksvell ishlamoqda, u 4 iyul kuni klubning yangi sport direktori, portugaliyalik Anter Enrikega birinchi o‘rinbosar bo‘ldi. Aynan Maksvell Dani Alvesning transferida muhim o‘rin tutgani aytilmoqda.
Transferning asosiy sababi esa pullar. L’Equipe ma'lumotiga ko‘ra, «PSJ» futbolchi erkin agent maqomida ekanidan foydalangan va unga yiliga 14 million yevro miqdorida (Le Parisien 12-14 million yevro deb yozgan, bu Manchester jamoasi taklif qilgan 6 million yevrodan kamida ikki baravar ko‘p) maosh taklif etgan. Bu miqdor – soliqlar chiqarib tashlanganida. Ammo futbolchiga bonuslar va'da qilinmagan.
Buni yoshi o‘tib qolgan futbolchi uchun kelajakka «oltin parashyut» deyish mumkin. Dani Alves endilikda Tiagu Silva va Kavani, bilan birga jamoaning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilari (ikki futbolchi ham oyiga million yevrodan ortiq ishlab topadi) qatorida.
Ma'lumot uchun, Alvesning moliyaviy ishlarini uning sobiq xotini Santa Anna Dinora (ular 2011 yilda ajrashgan, ikki farzand bor) yuritadi, bu xonim Flashforward agentlik kompaniyasi rahbari hisoblanadi.
Ushbu faxriy futbolchi yangi jamoada ivuarlik Orening o‘rnini egallaydi, bu bezori futbolchi «PSJ»ni tark etishga qaror qilgan, u «Yuventus», «Inter» yoki Angliya jamoalaridan biriga o‘tadi. Jamoaning o‘ng qanotida yana bir futbolchi - belgiyalik Mene bor, u ham Alves kabi hujumga o‘tishni xush ko‘ruvchi qanot futbolchisi, ammo Unai Emeri braziliyalik futbolchining salohiyatiga ko‘proq ishonch bildirishi aniq.
Mavzuga oid
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
12:33 / 03.11.2024
APLda sensatsiyalar kuni, Husanovda ilk qizil. Kun o‘yinlari
14:31 / 02.11.2024
«Arsenal»da yana jiddiy raqib, Husanov «PSJ»ga qarshi, «Chelsi» «Old Trafford»ga boradi - uikend anonsi
12:39 / 24.10.2024