Sport | 10:48 / 19.07.2017
7394
2 daqiqa o‘qiladi

Arsen Venger Sanches ketishi haqidagi savollarga javob qaytardi

«Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger jamoa yarim himoyachisi Aleksis Sanchesning kelajagi borasidagi savollarga javob berdi. Chililik futbolchi biroz oldinroq Chempionlar ligasida o‘ynashni istashini bildirgandi. Fransiyalik mutaxassis bu masala hal qilinganini ma'lum qildi.

– Aytilgan gaplardan alohida parchaga katta e'tibor qaratishni istamasdim. Uning intervyusidan Chempionlar ligasida ishtirok etadigan klubda o‘ynash istagi haqidagi gaplari ajratib olingan.

Bizning birinchi galdagi maqsadimiz – premer-liga, menimcha, bu Chempionlar ligasidan muhimroq. Ba'zida biz Chempionlar ligasining guruh bosqichidagi o‘yinlar vaqtida asosiy tarkib futbolchilariga ular APL o‘yinlariga tayyorlanishi uchun dam beramiz. Chunki. APL muhimroq.

Biz Chempionlar ligasida 20 yil davomida uzluksiz o‘ynab keldik. Shundan 17 martasi – Sanches kelguniga qadar, u bilan faqat 3 mavsum. U bizni oldinda turgan mavsumda turnirga qaytarishi mumkin.

– Siz u qolishiga ishonch bildirasizmi?

– Avvalgi gaplarimni qaytarishim mumkin.

– Sanches bilan o‘sha intervyu haqida gaplashib oldingizmi?

– Yo‘q.

– Bu sizga van Persi bilan ro‘y bergan voqeani eslatmayaptimi?

– Umuman unday emas. Bu vaziyat boshqacha. Van Persi ketayotganida 31 yoshda edi, u shartnomasi muddati yakunlangandi. Aleksis hali yosh. Hozir bu vaziyatni muhokama qilish qiyin, ammo aytishim mumkinki, qaror qabul qilib bo‘lingan. Biz uni tarkibda saqlab qolamiz, – degan Venger klub rasmiy saytiga bergan intervyusida.

Mavzuga oid