Jamiyat | 17:32 / 19.07.2017
5425
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida jurnalistlar va ijod ahli bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

«Dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagaymiz» kabi otashin so‘zlar viloyatimizda o‘tkazilgan madaniy-ma'rifiy tadbirlarda ko‘p bora yangradi, — deb yozadi Samarqand viloyatining «Zarafshon» gazetasi ushbu uchrashuvlar haqida.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlar, yozuvchi va shoirlar, musavvirlar, haykaltarosh va hunarmandlar ishtirok etgan tadbirlar viloyatning shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tdi.

Samarqand shahri, Urgut, Tayloq, Payariq va Past Darg‘om tumanlarida tashkil etilgan tadbirlarda el tanigan yozuvchi va shoirlar, respublika davriy nashrlari muharrirlari hamda viloyatimiz ijodkorlari aholi bilan muloqotda bo‘lib, mustaqillikning mazmun-mohiyati haqida so‘zlab, ijod namunalaridan o‘qib berishdi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvlarda nuroniylar, turli soha vakillari va faol yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topib, bu kabi tadbirlardan katta taassurot olishganini bildirdi.

— Tayloq tumani aholisi bilan ijodiy uchrashuvimiz juda maroqli o‘tdi, —  deydi Jahon shoirlari kongressi a'zosi Azim Suyun. — Ayniqsa, yoshlarimizning teran fikrlari meni quvontirdi. Bu yoshlarimizga yaratilgan va yaratilayotgan imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar samarasidir. Bu kabi shijoatli yoshlardan ertaga albatta, buyuk insonlar,  ijodkorlar, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari yetishib chiqishiga shubha yo‘q.

Ma'naviy-ma'rifiy tadbir Samarqand shahrining Ko‘ksaroy maydonida davom etdi. Unda so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari A.Umarov tadbir ishtirokchilarini Samarqandga tashrifi bilan qutladi.

Maydonda kitob, gazetalar, rang-tasvir asarlari va milliy hunarmandlik namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, tadbir davomida yaqinda chop etilgan «Samarqand adiblari» nomli bibliografik ma'lumotlar kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitobda XVII asrdan hozirgi kunlargacha bo‘lgan davrda Samarqand adabiy muhitida tarbiyalangan shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunos-publitsistlar, shuningdek, vohada tug‘ilib, kamolga yetgan, bugungi kunda mamlakatimizning boshqa hududlarida qalam tebratayotgan ijodkorlar haqida ma'lumotlar berilgan.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati tomonidan yaratilgan bibliografik ma'lumotnoma ijod ahli tomonidan iliq kutib olindi.

— Biz har yili Samarqandga, shunday ma'naviy-ma'rifiy tadbirga tashrif buyuramiz. Tan olib aytish kerak, buni boshqa viloyatlarda uchratmaymiz. Bu sizlarda an'anaga aylangan. Har tashrifimizda bir yangilikka duch kelamiz, — deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. — Bu kitobning yaratilishi juda ham xayrli ish bo‘libdi. Samarqandlik ijodkorlar har doim yangi tashabbuslari bilan ajralib turadi. Qo‘limdagi kitob bilan tanishar ekanman, bu tashabbusni boshqa viloyatlarga ham tavsiya etishni ko‘nglimga tugdim. Hali bu boshlanishi, kelgusida yanada kengroq ma'lumotga ega va qalamkashlarning ijod namunalaridan parchalar keltirgan holda bibliografik kitoblar yaratiladi, albatta.

Shuningdek, tadbir davomida samarqandlik ijodkorlar — Gulshan Shermatova,  Nafas Do‘sanov va G‘ayrat Boboqulovlarning yaqinda nashrdan chiqqan kitoblari ishtirokchilarga tanishtirildi.

Jomboy tumani Beshbola majmuasida davom etgan tadbirda ijod ahli o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi. Samimiy ruhda o‘tgan bahslar g‘oliblariga sovg‘alar taqdim etildi.

Majmuada tashkil etilgan uchrashuvda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev viloyatimizda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 26 yilligini munosib kutib olish borasida bajarilayotgan yumushlar, bunda ijodiy jamoalarning hissasi haqida batafsil to‘xtaldi. Bu borada faollik ko‘rsatayotgan ijodkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlariga minnatdorlik bildirdi. 

Tadbirda el tanigan san'atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

Mavzuga oid