«Ketmoq yo qolmoq, shudir masala»
«Barselona» hujumchisi Neymar mavsumlar oralig‘ida «PSJ»ga o‘tishi mumkinligi mavzusi keyingi kunlarda futbol jamoatchiligi tomonidan muhokama qilinmoqda. Ushbu braziliyalik futbolchi Barselonadan Parijga ko‘chishi mumkinligi haqidagi gaplar turli munosabatlarni keltirib chiqarmoqda. Bu vaziyatda yakuniy qaror qanday bo‘ladi?
Yozgi transferlar oynasida «Barselona» «PSJ» bilan duel qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Avvaliga «PSJ»dan Marko Verrattini sotib olish uchun harakat boshlagan «Barselona» endilikda o‘z yetakchisini «PSJ»ga boy berishi mumkin. «Barselona» tomon ayni vaqtda sharqdan shamol esmoqda – qatarlik shahzoda, «PSJ» xo‘jayini Nosir G‘anim al-Helayfiyning pullari Neymarning jamoada qolishiga xavf solmoqda. Ayni vaqtda bu boradagi gap-so‘zlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek gurkiragan.
Bir necha kun avval Ispaniyada braziliyalik yulduz futbolchining yaqinlari uni «Barselona»dan ketishga undayotgani, u bu jamoada argentinalik Lionel Messi soyasida qolib ketayotgani tufayli o‘zini to‘la namoyon eta olmayotgani, bu jamoada o‘ynab shaxsiy yutuqlarga erisha olmasligini aytishayotgani haqida xabar tarqaldi.
Braziliyadagi nashrlar esa Neymarga agentlik qiladigan otasining Parij klubi vakillari bilan yaqin aloqalarga ega ekani, futbolchi Parij klubi bilan dastlabki kelishuvga erishgani haqida yozib chiqdi.
2013 yili «Barselona»ga kelgan Neymar bu jamoada shu vaqtgacha 186 uchrashuv o‘tkazib, 105 gol urgan, 80 golga uzatma bergan va 10 sovrinni qo‘lga kiritgan.
«Barselona» avvaliga bu xabarlarga bepisandlik bilan qaradi. Jamoa vakillari Neymar sotilmasligi, qolaversa, uning shartnomasida belgilangan badal puli miqdori – 222 million yevro ekani va buncha mablag‘ni to‘lashga tayyor jamoa yo‘qligini aytishdi. Parijdan esa kabutar qanotiga bog‘langan maktub yo‘llandi - Al-Xelayfi har qancha mablag‘ni to‘lay oladi.
Futbolchining o‘zi ham intervyu bera qoldi. U qisqa intervyusida «Barselona»da baxtiyorligi»ni aytgan. Lekin bu «Men hech qayerga ketmayman» degani emas. U «O‘tgan mavsum yaxshi o‘tdi, keyingisi yanada yaxshiroq bo‘ladi, deb umid qilaman», qabilidagi gaplardan nariga o‘tmagan.
Neymar ketadimi, qoladimi? Quyida uning ketishi uchun sabablar va ketmasligi uchun sabablar ko‘rib chiqiladi.
Ketadi
1. Yangi chaqiriq. Neymar hozirgi jamoasi bilan mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutib bo‘lgan. O‘tgan 4 mavsum davomida «Barselona» bilan u Yevropa futboliga butunlay moslashdi va har qanday top-klubda yetakchi bo‘la olishini namoyish etdi. U Messi yo‘qligida «Barselona»da ham yetakchilikni qo‘lga olardi, shunday ekan u o‘z zimmasiga yanada kattaroq vazifa olishi mumkin.
2. Shaxsiy ambitsiya. «Neymar «Barselona»da Messi soyasida qolib ketayotgani»ni ta'kidlayotganlar Neymar va Messining u qadar yaqin emasligini iddao etishmoqda. «Barselona» uchligining do‘stligi tarixida bir jihat bor: uch kishi do‘st bo‘lsa, ulardan biri albatta bir tomonda turadi va bu Messi. Suares va Messi ta'tilni birga o‘tkazishdi, birga stadionga borishdi, birga ovqatlanishdi va hatto bir idishdan ovqatlanishdi. Bu ko‘p narsani anglatadi.
Robert Fernandes, «Barselona» sport direktori
– Biz Verrattini qo‘lga kiritish uchun futbolchimizni sotmaymiz. Aksincha, maqsadimiz tarkibni kuchaytirish. Neymarsiz «Barselona»? Bunday bo‘lmaydi – hech kim uning uchun pul to‘lay olmaydi. Ayni vaqtda bizga hech bir futbolchi bo‘yicha taklif kelmagan. O‘rta chiziqqa futbolchi olib kelish ustida ishlayapmiz, ham qanotlarda, ham markazda harakatlana oladigan futbolchi topsak yaxshi bo‘lardi. Bunday futbolchi doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi.
3. Brazillar karnavali. «PSJ»da ayni vaqtda Neymarning terma jamoadagi 4 safdoshi o‘ynamoqda – Markinyus, Lukas Moura, Tiagu Silva va biroz avvalroq «Yuventus»dan kelib qo‘shilgan Dani Alves. Bu «kuchli to‘rtlik» «kuchli beshlik»ka aylanishi mumkin.
4. Manfaatparastlik. Bir yildan buyon shartnomasini uzaytirmay kelgan Messi o‘tgan oyda juda qulay shartlar nazarda tutilgan shartnomani imzoladi va yana 5 yil jamoada qoladigan bo‘ldi. Bu esa Neymar uchun hal qiluvchi ta'sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Parijliklar esa unga katta maosh taklif etishmoqda va bu rad etish qiyin bo‘lgan taklif.
Qoladi
1. «Barselona»da yangi davr. Neymarning Kataloniyadagi birinchi yili Xerardo Martino davriga, jamoaning eng muvaffaqiyatsiz mavsumiga to‘g‘ri kelgandi. Keyin Luis Enrike boshchiligida fantastik mavsumlar o‘tkazildi, ko‘pdan-ko‘p sovrinlar qo‘lga kiritildi. Yangi murabbiy Ernesto Valverde bilan hammasini boshdan boshlash mumkin. Neymar qolib, bu yangi davrga o‘zi guvoh bo‘lishi mumkin.
Jordi Mestri, «Barselona» vitse-prezidenti
– Neymar hech qayerga ketmasligiga 200 foizga ishonchim komil. Men «PSJ» bu xabarlarni rad etgani haqida o‘qidim.
2. Yoshlik. Hujumdagi sheriklari Messi va Suaresning yoshi 30dan oshdi. Endilikda argentinalik futbolchi ichkariroqda harakat qilmoqda va oldinda boshqa futbolchilar uchun joy ochilmoqda. Ya'ni Neymar uchun ham. Suares o‘tgan mavsumni bir maromda o‘tkaza olmadi, bunday holatda braziliyalik futbolchida hujum chizig‘ida yetakchilik qilish imkoni paydo bo‘ladi. Buning ortidan u hali yosh va kuchga to‘laligi hisobga olinsa, «Oltin to‘p» ham keladi.
3. Jamoaviy ambitsiya. Chempionlar ligasi pley-off bosqichidagi muvaffaqiyatsizlik va Ispaniya chempionatini asosiy raqibga boy berish – Neymarga ham og‘riq bergani tayin. Mag‘lub holda ketishdan ko‘ra, g‘olib bo‘lib ketgan afzal. Jamoaga g‘alabalar keltirish va muxlislar bilan salyutlar ostida xayrlashish yaxshiroq emasmi?
222 million yevro – uning «Barselona» bilan shartnomasida ko‘rsatilgan tovon puli miqdori.
Uning ketishiga sabablar bittaga ko‘p bo‘lib chiqmoqda. Lekin bular hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmasligi ham mumkin. Neymarning yakuniy qaror bu sabablarga bog‘liq bo‘lib chiqmasligi ham mumkin. Lekin e'tibordan qochirmaslik kerakki, olovsiz tutun chiqmaydi, sharqdan esgan shamol esa braziliyalik futbolchi tomon bormoqda.
Biz yozda ikki holatdan birini ko‘ramiz: yoki «Barselona» dosh beradi, yoki «parchalanadi».
Mavzuga oid
12:52 / 27.10.2024
«Barsa» «Real»ni yakson etdi, Holandni to‘xtatib bo‘lmayapti. Kun o‘yinlari
12:39 / 24.10.2024
«Barsa» qasos oldi, Holanddan kosmik gol. YeChLda kun o‘yinlari
13:56 / 21.10.2024
Gvardiolada to‘purar himoyachilar, «Barsa» raqiblarga dahshat solmoqda. Kun o‘yinlari
17:00 / 19.10.2024