Ko‘prik ustidagi avtohalokat: Bir oilani sarson qilayotgan ko‘rgulik
Tahririyatga mushtipar rafiqalardan biri eri va o‘z oilasi boshiga tushgan tashvishdan yozg‘irib, maktub yo‘llagan. Uning oilasi boshiga tushgan tashvish sababchisi aniq bo‘lsa-da, mutasaddi organlar uning qonuniy haqini undirib berish ishini 7 oydan buyon paysalga solib kelishmoqda.
Quyida O‘g‘iloy Abduxoliqovaning bizga yo‘llagan maktubini juz'iy tahrirlarsiz e'lon qilmoqdamiz. O‘ylaymizki, mutasaddi huquq tartiboti organlari muammolar qurshovida qolgan oilaga o‘z qonuniy haqini undirib berishda insof bilan yondashishadi.
«Assalom alaykum, hurmatli sayt ijodkorlari!
Men sizlarga dahshatli yo‘l transport hodisasi oqibatida oilam qiyin sharoitda qolganini so‘zlab bermoqchiman.
2016 yil 13 dekabr kuni ertalabki soat 7–8 orasida turmush o‘rtog‘im Bahodir Dadajonov bilan davlat raqami 10 C711AA, «Neksiya-2 DOHC» rusumli avtomashinamizda Toshkent shahriga, bojasining uyiga muhim ish bilan ketayotgan edik.
Erim yo‘l-yo‘lakay meni Quyi Chirchiq transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga ishga tashlab o‘tdi. So‘ng o‘zi yo‘lida davom etib, Quyi Chirchiq tumanining Yangiyo‘l tumani bilan bog‘lab turuvchi ko‘prik ustiga yaqinlashganda ko‘prik usti quyuq tumanligini ko‘rgan, tezlikni pasaytirgan va ko‘prik ustiga kelgan paytida tuman orasidan yuqori tezlikda «Neksiya» avtomobili qarama-qarshi yo‘liga chiqib ketgan, turmush o‘rtog‘im ko‘prik torligi sababli mashinasini olib qocha olmagan.
Shundan so‘ng, Yangiyo‘l tumani vakiliga qarashli «Neksiya» avtomashinasi egasi o‘z transportini boshqara olmay, yuqori tezlikda kelib, erim boshqarayotgan mashinani urib yuborgan.
Voqeadan so‘ng boshqa transport vositalari egalari to‘xtab, turmush o‘rtog‘imni eshiklari ochilmay qolgan mashinasining oynasidan tortib olishgan va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishgan. Yo‘l tirband bo‘lib ketganligi sababli odamlar YPX xodimlarini kutmasdan, qarshi yo‘ldan kelgan va YTHga sabab bo‘lgan avtomashinani yo‘lning narigi tomoniga surib qo‘yishgan, erimni esa yo‘lovchi transport vositasida Yangiyo‘l shahriga qarashli tibbiyot markaziga olib borishgan.
Tez tibbiy yordam bo‘limida turmush o‘rtog‘imning chap qo‘l tirsagi yopiq sinishi, o‘ng tomon 5 ta qovurg‘alarini yopiq sinishi va o‘pkasi yallig‘langanligi aniqlandi so‘ngra, ko‘ngli aynib, qon qusganligi sababli reanimatsiya bo‘limiga zudlik bilan olib o‘tiladi. Shifoxonada 5 kun yotdi, shu orada qarshi chiqib urgan avtomoshina egalari va tergov xodimlari umuman bizning holimizdan xabar olishmadi.
Shundan so‘ng men 17 dekabr kuni Yangiyo‘l shahar YPX xodimiga uchrashganimda, «ishingiz tergovga o‘tgan», deb ma'lum qildi va men ko‘rilayotgan ishimizni bilish uchun Yangiyo‘l shaxar IIBga borib, 13 dekabr kuni sodir bo‘lgan YTH ishini kim olib borayotganligini so‘radim va menga tergovchi Akmal Normatov ekanligini aytishdi.
Men A.Normatov bilan bog‘landim va u menga «sud ekspertiza va avto ekspertiza javobi chiqqandan so‘ng kim aybdorligi aniqlanadi», dedi. 4 yanvar kuni ekspertiza javoblari chiqmasdan avtomashinamizni jarima maydonidan olib chiqish uchun ruxsatnoma berdi. Men avtomoshinamizni olib chiqib ketish uchun jarima maydoni oldiga borganimda erimni yo‘lidan qarshi chiqqan mashina egasi o‘z moshinasini jarima maydonidan chiqarmasdan sotib yubordi. Men avtomoshinamizni 200.000 ming so‘m jarima maydoniga va 130.000 ming so‘mga evakuatorga to‘lab olib chiqdim.
Hammasidan ham achinarlisi — turmush o‘rtog‘im avtomashinasini bir umr peshona teri bilan to‘plagan puliga olgan, yetmaganiganiga qarz-havola qilgan edi, mashina qarzini hanuzgacha uzganimiz yo‘q. Oila boquvchimiz — turmush o‘rtog‘imning sog‘lig‘iga jiddiy shikast yetdi va 29 dekabr kuni Oqqo‘rg‘on tuman shifoxonasi jarrohlik bo‘limida chap qo‘l tirsagining suyagi maydalanib ketganligidan 4 soatlik jarrohlik operatsiyasini boshdan o‘tkazdi.
Erim bilan sodir bo‘lgan YTH 2017 yil 3 mart kuni jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman sudi binosida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sud hukmi Rixsibayev Aziz Ahmadjon o‘g‘lini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan aybdor, deb topdi. Uning hisobidan avtomashinaga yetkazilgan 14.869.562 so‘m hamda xo‘jayinim sog‘lig‘iga yetkazilgan 1.962.200 so‘m — jami 16.831.762 so‘m moddiy zarar undirilishi aytildi.
Shundan «Kafolat» sug‘urta kompaniyasi orqali 4.679.546 so‘m plastik kartaga tushirib berildi. Qolgan moddiy va ma'naviy zararni undirilishi bo‘yicha Gulbahor sud ijrochilar bo‘limiga murojaat qildim va u yerda Izzat Kuramatovni shu ish bilan shug‘ullanayotganini ma'lum qilishdi.
Men juda ko‘p marotaba iltimos bilan murojaat qildim, unga va uning Ulug‘bek ismli yordamchisiga barcha muammomni tushuntirib berdim. Ularga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni bilmoqchi bo‘lsam «Ishda emasdim, yordamchimga qo‘ng‘iroq qiling», yordamchisi esa «Boshqa joyda edim, boshliqqa qiling», deb go‘shakni o‘chirib qo‘yishardi.
2017 yil 25 may kuni Yangiyo‘l tuman sudiga ariza bilan murojaat qildim. U yerda menga «Arizangizni o‘rganib, sizga qo‘ng‘iroq qilamiz», deyishdi. Hech qanday natija bo‘lmadi. 2017 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokraturasiga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni tushuntirdim. Shu vaqt oralig‘ida ikki marotaba qo‘ng‘iroq qilib javobini olmoqchi bo‘ldim. Ular «sizga yozma ravishda javob keladi», deyishdi.
2017 yil 4 iyul kuni yana qo‘ng‘iroq qildim. Ular hech qanday natijaga erishmaganimni bilishib, murojaatimni qaytadan yozib olishdi. 2017 yil 12 iyul kuni Prezident virtual qabulxonasi (portal)ga murojaat qildim. Hozircha bor umidim shundan. Oilam va voyaga yetmagan 2 nafar farzandim (to‘ng‘ich o‘g‘lim 2014 yil va kichik o‘g‘lim 2015 yil) boquvchisi o‘rta tan jarohati (chap qo‘lida haligacha maxsus simlar bor) olganligi sababli og‘ir yumush qila olmay qoldi.
Erim yetti oydan beri ishsiz, uyda bolalarimizga qarab o‘tiribdi, bolalarimni bog‘chaga ham berishga sharoitim yo‘q. Eng achinarlisi avtomashinamizni 2010 yilda (10 ming AQSh dollariga) qarz-havola qilib olgan edik, hozir har kuni odamlar uyimizga qarzni holi-jonimizga qo‘ymay so‘rab kelishyapti. «Plastik kartaga tushirilgan pulni oling», desak, «men sizlarga dollarda berganmanmi, shu pulda qaytarasiz», deb plastik kartani otib yuborishdi, plastik kartani naqdlashtirish esa juda qiyin.
Hozirgi kunda dekret ta'tilida bo‘lsam xam ishlashga majburman, vaholanki, ishlab topgan pulim oziq-ovqat va gaz-svetdan ortmayapti. Qay eshikka bormay, pul topa olmayapman juda qiyin vaziyatdaman. Oilamiz boshiga tushgan ko‘rgulikda aybdor insondan sud orqali belgilangan pulni undirishda yordam beringizlar.
O‘g‘iloy Abduxoliqova,
Quyi Chirchiq tumani, Paxtachi QFY, "Jambirchi" mahallasi».
Mavzuga oid
15:52 / 25.10.2024
Malayziyada ayol kasal eriga 6 yil g‘amxo‘rlik qildi, ammo erkak sog‘aygach, uni tashlab ketdi
18:08 / 30.12.2023
Xulosa chiqarmayotgan odamlar: avtoavariyalar dahshatli “dushman”ga aylanmoqda
22:08 / 22.12.2023
Olmaotada avtobus yo‘lovchi va haydovchi o‘rtasidagi mojaro tufayli odamlarni urib yubordi
14:39 / 22.11.2023