21:14 / 26.07.2017
13959

Moliya vaziri o‘rinbosari: Soliq stavkalarini tushirishga biznes vakillari ham tayyor bo‘lishi kerak

Xalqaro Press-klubning 26 iyulda bo‘lib o‘tgan sessiyasida kichik biznes vakillariga ham soliq stavkalarini pasaytirish masalasida ham fikr almashildi. Bu xususda Moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayevning aytishicha, bir vaqtlar ish o‘rinlari oshishi va konvertlarda maosh berish hollariga barham berish maqsadida kichik va mikrofirmalar uchun soliq stavkalari ham tushirilgan, biroq u aks natija bergan.
 
“Kichik korxonalarning ish haqi fondidan 15 foiz miqdorida pensiya jamg‘armasiga sakkiz foiz miqdorida sug‘urta badallari to‘lanadi. Singapur misolida bizdagi stavkalar yuqoriligi aytildi, bu borada bir narsani to‘g‘risini aytishimiz kerak, oldingi kichik korxonalar va kichik firmalarga qo‘llangan ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foiz edi. O‘shanda berilgan taklifga binoan soliq stavkasini pasaytiraylik, ish haqi fondi oshadi, shartnomasiz ishlayotganlar rasman ishlaydi, degan taklif berilgan edi. Moliya vazirligi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Lekin amalda nima bo‘ldi? Masalan, oxirgi 3 yil tahlil qilinadigan bo‘lsa, 25 foizdan 15 foizga tushurganimiz hisobiga davlat byudjyeti 400 mlrd so‘mga yaqin pensiya jamg‘armasi yo‘qotdi. Ish o‘rinlari deyarli barpo etilmadi”, - dedi Moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev. 

Moderator Qudratxo‘jayev, demak, biznes buni to‘g‘ri qabul qilmagani xususidagi fikriga Mirzayevning javob berishicha, tadbirkorlar bundan ko‘zlangan maqsadni qabul qilmagan. Uning alohida uqdirishicha, soliq stavkalarini yengillashtirish, pasaytirishga biznes vakillari ham tayyor bo‘lishi kerak. Ya'ni pensiya jamg‘armasi va byudjyetga tushumdagi yo‘qotishlarni yangi ish o‘rinlari yaratish bilan to‘ldirish zarur. Aks holda, hukumat boshqa soliqlarni ko‘paytirishga majbur bo‘ladi. Chunki, ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida amalga oshirish kerak bo‘ladi. Ammo, amalda yangi ish o‘rinlari sezilarli yaratilmagan. 

Sherzodxon Qudratxo‘jayev bu mavzuni yakunlar ekan, davlat va soliq to‘lovchi o‘rtasidagi munosabatda ikki tomonlama harakat samara berishini, bir tomonlama harakat noto‘g‘ri bo‘lishini ta'kidladi. Uning aytishicha, bu kabi narsalarga ayrim biznes vakillari hali tayyor emas. 

Top