23:25 / 26.07.2017
7712

Nepalga deportatsiya qilingan germaniyalik o‘quvchi qiz ortga qaytarildi

15 yoshli qiz sinfdoshlari va mahalliy amaldorlarning sa'y-harakatlari bilan talabalar vizasini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Duysburg migratsiya xizmati gimnaziya o‘quvchisi Bifsi Ranaga (Bivsi Rana) “ayirboshlash talabasi” vizasini topshirdi. Qizni may oyida darsdan olib chiqib, oilasi bilan Nepalga deportatsiya qilishgan edi. Ushbu qaror gimnaziya o‘quvchilari va amaldorlar, jumladan Duysburg meri qizni qo‘llab-quvvatlagandan so‘ng qayta ko‘rib chiqildi.

2017 yil 30 may kuni Ranani direktor xonasiga chiqirtirib, deportatsiya haqida unga xabar berishgan. Unga do‘stlari bilan xayrlashishga ruxsat berib, ota-onasining yoniga olib borib qo‘yishgan va Nepalga jo‘natishgan. Qizning oilasi Nepaldan 1998 yilda Germaniyaga ko‘chib kelgan edi. Hukumat deportatsiya to‘liq qonuniy bo‘lganini, chunki Rana va uning oilasiga ikki marotaba qochoq maqomini berish rad etilganini ma'lum qilgan. Biroq migratsiya xizmatining qarori Duysburgda norozilik aksiyalarini keltirib chiqargan. 

Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeri integratsiya departamenti rahbari Yoaxim Shtampning ta'kidlashicha, Rana Germaniyada tug‘ilgani sababli nemis hisoblanadi. Shtampning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatlarda bolaning huquqlari birinchi o‘rinda turadi.

Iyun oyida Duysburgda o‘quvchi qizni qo‘llab-quvvatlab bir qancha namoyishlar bo‘lib o‘tdi: ming nafar odam shahar ko‘chalariga “Bifsini uyga qaytarish” chaqirig‘i bilan chiqdi. O‘quvchilar va uning ota-onalarini mahalliy amaldorlar qo‘llab-quvvatlashdi: Ranani himoyalab Duysburg meri Zyoren Link (Sören Link) ham so‘zga chiqdi. U “qiz yana Germaniyada yashashi uchun” barcha ishni qilishga va'da berdi. 

Ikki oylik bahslashuvlardan so‘ng Ranaga berilgan talabalik vizasi unga mamlakatda o‘qishi tugagandan keyin ham qolishga ruxsat beradi. Bu viza bilan Rananing ota-onasi ham Germaniyaga kelishi mumkin. Shu bilan birga Shtamp ushbu qaror "individual" ekanligi va deportatsiyaning boshqa holatlari uchun qo‘llanmasligini ta'kidlab o‘tgan.

Top