Jahon | 20:10
2976
10 daqiqa o‘qiladi

6 kun Everestda yolg‘iz: yo‘qolgan alpinist mo‘jiza tufayli tirik qoldi va o‘zi pastga tushib keldi

Everestda olti kun mobaynida bedarak ketib, halok bo‘lgan deb hisoblanayotgan nepallik Dava Sherpa tirik holda topildi: u deyarli asosiy bazagacha mustaqil tushib kela olgan.

Foto: Sagarmatha Pollution Control Committee (SPCC)

O‘z tajribasi tufayli mashhur alpinist Edmund Hillari sharafiga «Hillari» laqabini olgan 52 yoshli Dava Sherpa 30 may kuni ertalab ulkan tog‘lar cho‘qqisiga yaqin joyda yo‘qolib qolgandi.

Payshanba kuni uni Sagarmatha Pollution Control Committee (SPCC) jamoasi tayanch lageri yaqinida topishdi – bu nepalliklarning Everestda marshrutlar tuzish va chiqindilarni tozalashga yordam beradigan guruhi.

«SPCC jamoasi uni bugun tongda bazadan uzoq bo‘lmagan hududda topdi – u sudralib pastga tushgan», – deb xabar bergan AFP agentligiga qidiruv-qutqaruv ishlarini boshqargan 8K Expeditions kompaniyasi vakili Pemba Sherpa.

Vertolyot uni Katmanduga yetkazgan. «Shifokorlar bilan gaplashdim – uni sovuq urgan, lekin boshqa tomondan ahvoli yaxshiga o‘xshaydi», – deya qo‘shimcha qilgan Pemba Sherpa.

EPA/Shutterstock

Qiyin ko‘tarilish

29 may kuni, Nepalda bahorgi alpinizm mavsumining so‘nggi kunlaridan birida, Himalayan Traverse Adventure kompaniyasining yo‘lboshlovchisi Dava boshqa hamkasbi bilan birga polshalik mijoz (ismi oshkor etilmagan) va Buyuk Britaniya Qirollik dengiz flotining sobiq dengiz piyodasi Kris Trollga hamrohlik qilib boradi.

Ma’lum qilinishicha , Sherpa o‘z mijozlarini to‘rtinchi lagerdan bir kun oldin kechqurun soat 11 larda cho‘qqiga olib chiqqan, ya’ni ular Everestga chiqish uchun taxminan 18 soat vaqt sarflashgan. Bu shuni anglatadiki, cho‘qqiga ko‘tarilish juda qiyin kechgan: bu ish odatda tog‘da ko‘plab boshqa alpinistlar va katta navbatlar bo‘lgan kunlarda ham 10-12 soat vaqt oladi.

Chiqindilarni tozalash bilan shug‘ullangan Sagarmatha Pollution Control Committee jamoasi a’zolari Davani topib, uni asosiy lagerga olib tushishdi.
Sagarmatha Pollution Control Committee (SPCC)

Troll 29 may kuni soat 17:00 atrofida Sherpa bilan birga 8849 metr balandlikdagi cho‘qqiga muvaffaqiyatli ko‘tariladi. Alpinistlarning o‘lchovlari bo‘yicha bu juda kech: odatda alpinistlar cho‘qqiga ertalab soat 11 gacha, eng kechi tushgacha chiqishga harakat qilishadi, chunki ular hali 7950 m balandlikdagi 4-lagerga tushishi ham kerak, tog‘ning shundoq ham beqaror ob-havosi kunning ikkinchi yarmida yomonlashadi.

Polshalik alpinist esa cho‘qqigacha bora olmagan – uning barmoqlarini sovuq urgandi va mustaqil ravishda ortga qaytgan.

Uch kishi 4-lagergacha tusha olgan. 30 may tongida Troll 3-lager tomon yo‘lga chiqqan. Polshalik alpinist oldinroq, boshqa alpinistlar guruhiga qo‘shilib ketgandi.

Sariq kamar hududida, tog‘ning 7500 metrdan ortiq balandlikdagi tik qismida (qoya jinslarining oltin-sariq rangi tufayli shu nomni olgan) Dava nafas rostlash uchun to‘xtaydi. «U dam olishga o‘tirdi – bu yigitlarning yelkasida juda katta yuk bor edi. – deydi Troll. – Men o‘girilib so‘radim: „Hillari, yaxshimisan og‘ayni?“ U shunday javob berdi: „Ha, ha, hammasi joyida, Kris, bor, boraver!“ Bunda hech qanday yangilik yo‘q: men oldinga yuraman, u ham harakatlana boshlaydi».

Troll pastga tushayotganda kislorod zaxirasi tugab, sovuq urgan polshalik alpinistning ustidan chiqadi. Avvaliga Troll uni arqondan uzilib ketgan, yiqilib halok bo‘lgan yoki og‘ir jarohat olgan deb o‘ylaydi, lekin oldiga yetib kelganida, u kislorod tugab qolganini aytadi.

«Cho‘qqiga ko‘tarilish uzoq davom etdi. Odatda borib-kelishga besh kun ketishi kerak bo‘lgan holatda bizda bu 11 kun davom etdi – sharoit shunchalik murakkab edi, – deydi Troll. – Xo‘sh, nima qilishim kerak: Sherpa uchun ortga qaytishim kerakmi – oldin yuzlab marta bo‘lganidek, u o‘ziga kelishi va hammasi joyida bo‘lishi mumkin edi. Yoki kislorodsiz, barmoqlari muzlab qolgan, qotib qolishi mumkin bo‘lgan alpinistga yordam berishim to‘g‘ri bo‘larmidi?»

Troll 3-lagerga tushish davomida o‘z kislorod ballonini polshalik alpinist bilan baham ko‘radi, ular odatdagi ikki soat o‘rniga 11 soat davomida yurib tushishadi. Shu bilan birga, polshalik alpinistga hamrohlik qilgan ikkinchi gid bu vaqtda qayerda bo‘lgani hozirgacha noma’lum.

3-lagerda ular primus topishadi, bir necha soat dam olishadi va pastga tushishni davom ettirishadi. Troll uni qiyalikda qoldirganidan beri Davani hech kim ko‘rmagandi. 2-lagerga yetib kelgach, ular ratsiya orqali asosiy lager bilan bog‘lanib, yordam so‘rashadi. Ular Dava 3-lagerda tunab qolganini taxmin qiladi, lekin o‘sha paytdayoq buning ehtimoli pastligi aniq edi.

Qidiruv amaliyoti

Himalayan Traverse kompaniyasi Everestga chiqish uchun o‘z ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan. Buning o‘rniga u Nepaldagi sakkiz ming metrga ko‘tarila oladigan kompaniyalaridan biri bo‘lgan 8K Expeditions bilan umumiy ruxsatnomadan foydalangan. Bu Nepal alpinizm sanoatida xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan keng tarqalgan sxemadir.

Biroq, umumiy ruxsatnoma tufayli inqirozli holat yuzaga kelganida keyingi qidiruvlar uchun kim mas’ul ekani noma’lum bo‘lib qoldi. «Himalayan Traverse 8K Expedition orqali Everestga chiqishga ruxsat olgandi, ammo ekspeditsiyani to‘liq mustaqil ravishda tashkil etdi», – dedi 8K Expeditions boshqaruvchi direktori Lakpa Sherpa va uning kompaniyasi 29 may kuni Everest mavsumini rasman yakunlaganini ta’kidladi.

Davani Katmandudagi shifoxonaga yetkazishgan
EPA/Shutterstock

Himalayan Traverse qidiruv ishlarini tashkil eta olmasligi ma’lum bo‘lgach, 8K Expeditions baribir vaziyatga aralashdi: 3 iyun kuni Lakpa 7 300 metr balandlikka ko‘tarilib, vertolyot yordamida qidiruv ishlarini tashkil etdi. Ular hech kimni topa olishmadi.

«Hillari Dava Sherpa bizga ishlamagan, lekin biz oilasining iltimosiga ko‘ra vertolyot yubordik. Biz hamma joyda – sharshara cho‘qqisidan 3-lager atrofigacha, vertolyot ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan eng yuqori balandlikda qidiruv ishlarini olib bordik, ammo hech qanday iz topmadik», – dedi 8K Expeditions kompaniyasi asoschisi Pemba Sherpa.

Yolg‘iz tushish

Bu vaqtda Dava bir o‘zi – yegulik va kislorodsiz pastga tushayotgandi.

Toqqa chiqish mavsumi allaqachon yopilgani sababli, Kxumbu tog‘idagi muz sharsharasida joylashgan yoriqlarga o‘rnatiladigan alyuminiy zinapoyalar olib tashlangandi va Dava ularni mustaqil ravishda aylanib o‘tishga majbur bo‘ldi. «Davaning muzlikning zinapoya bo‘lmagan qismidagi chuqur yoriqdan o‘tishi ham qo‘rqinchli, ham hayratlanarli voqeadir», – deydi SPCC qutqaruvchisi Durga Ray.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Dava qutqaruvchilar vertolyotini ko‘rib, unga qarata qo‘l silkitgan, ammo uni payqashmagan: qutqaruvchilar uni ancha teparoq joylardan qidirish uchun ketayotgan, gid esa bu vaqtda allaqachon Kxumbu tog‘idan o‘tib, asosiy lagerga yaqinlashib qolgandi.

Nihoyat 4 may tongida, qidiruv ishlariga jalb etilmagan va shunchaki tozalash ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan SPCC kompaniyasi xodimlari uni «qanotli nuqta» (Crampon Point) deb ataladigan hududda asosiy lager tomon emaklab ketayotganida uchratib qolishadi – bu yo‘nalishning qoyali qismi yakunlanib, muzlik boshlanadigan qismi bo‘lib, bu yerda alpinistlar muzlikka o‘tishdan oldin maxsus oyoq kiyimlarni kiyib, bog‘ichlarni bog‘lab, arqonlarga ulanishi kerak bo‘ladi.

Davaning barmoqlarini sovuq urgan, bazo‘r gapirardi. Uni avvaliga asosiy lagerga, u yerdan vertolyotda Katmandudagi shifoxonaga olib borishadi.

Dava – bir necha kunlik qidiruvlardan so‘ng qutqarib qolingan birinchi alpinist emas. 2023 yil aprel oyida hindistonlik alpinist Anurag Mal-u Annapurna tog‘idagi 3-lagerdan tushayotganda muzlikning chuqur yorig‘iga taxminan 60 metrga tushib ketgan va u yerda uch kun davomida qutqaruvchilarni kutishga majbur bo‘lgandi.

2006 yil may oyida avstraliyalik alpinist Linkoln Holl Everest cho‘qqisiga ko‘tariladi, ammo miyasida shish paydo bo‘ladi. Yo‘l boshlovchilar uni o‘lgan deb topishadi va taxminan 8700 metr balandlikdagi «o‘lim zonasi»da qoldirishadi. Oradan o‘n ikki soat o‘tgach, uni yo‘lda ketayotgan ekspeditsiya a’zolari topib olishadi va yo‘l boshlovchilar uni ikki kun ichida asosiy lagerga olib tushishga muvaffaq bo‘lishadi.

Dava «Hillari» Sherpa mustaqil ravishda omon qoldi, lekin uning nomi bu mavsumda Everestda halok bo‘lganlar ro‘yxatiga qo‘shilishiga oz qolgandi. Norasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yil bahorida ko‘tarilishlar soni 1000 tadan oshgan – bu Everest tarixidagi bir mavsumdagi rekord ko‘rsatkichdir.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid