O‘zbekiston | 19:38 / 28.07.2017
11303
7 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organi xodimining mol-mulkiga zarar yetkazilsa, uning o‘rni qanday qoplanadi?

Hamma ham uyi shinam, barcha qulayliklarga ega bo‘lishini, mashina sotib olishni orzu qilsa, o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ysa kerak. Ichki ishlar organlari xodimlari ham bundan mustasno emas. Shinam deganda xayolimizga moddiy vositalar kelmasligi mumkin. Ammo qulayliklarni zamonaviy maishiy texnika vositalarisiz, sifatli mebelsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, «yaxshigina» moliyaviy sarf-xarajatlarni talab etadi.

Bunday xonadon sohibi o‘zining turar joyini, mol-mulkini asrab-avaylashni xohlaydi, albatta. Faoliyati huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan huquq-tartibot posbonlari uchun ham ushbu masala nihoyatda muhimdir. Shu boisdan ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda zarar yetkazilsa, ushbu zararning o‘rni qay tarzda qoplanadi degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Mazkur savolga javob olish uchun O‘zbekiston Respublikasi IIV Moliya-iqtisod boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Sherzod Qurbonovga murojaat qilindi, deb yozadi IIV rasmiy sayti.

– Avvalambor, mol-mulk tushunchasiga aniqlik kiritib olish kerak. Ko‘pchilik mol-mulk deganda faqat uy yoki kvartirani tushunadi. Vaholanki, avtotransport vositasi, yer uchastkasi, muayyan korxona, mavjud pul jamg‘armalari, qimmatli qog‘ozlar ham mol-mulkka kiradi. Agar mol-mulkka zarar yetkazilgan bo‘lsa, qonun hujjatlarida ushbu zararni qoplash tartibi belgilab berilgan. Mabodo osoyishtalik posbonining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda zarar yetkazilsa, ushbu zarar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 apreldagi 234-son qaroriga muvofiq qoplanadi. Mazkur qaror bilan «Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida nizom» tasdiqlandi. Hukumatning ushbu qarori O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan. Shu o‘rinda «Xo‘sh, yaqin qarindoshlar toifasiga kimlar kiradi?» degan savol tug‘iladi. Mazkur toifaga shaxsning ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, farzandlari, xotini yoki eri, shuningdek, xotini yoki erining ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari kiradi.

– Xuddi shunday holatda zarar yetkazilgan bo‘lsa, ushbu zarar qay tartibda qoplanadi?

– Birinchi galda, ichki ishlar organlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda doimiy komissiyalar tuziladi. Ushbu komissiyalar xodimning yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Ichki ishlar organining tegishli xizmatlari xodimlaridan iborat komissiya tarkibi ichki ishlar organi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Zarar o‘rnini qoplash bo‘yicha tegishli hujjatlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan ichki ishlar organlarining kadr xizmatlari shug‘ullanadi. Yetkazilgan zarar qoplanishi uchun ichki ishlar organi rahbariga xodim bildirgi bilan yoki uning yaqin qarindoshlari ariza bilan murojaat qiladi.

Keyingi bosqichda kadrlar xizmati tomonidan komissiyaga mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqida xodimning bildirgisi yoki yaqin qarindoshlarining arizasi (uch ish kuni muddatda), zarar yetkazilgan holatlar bo‘yicha tekshiruv xulosasi, shuningdek, zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.

Hujjatlar taqdim etilganidan keyin o‘n besh ish kuni ichida komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, uning natijasiga ko‘ra zarar qoplanishi yoki rad etilishi haqida qaror qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror uch kun muddatda manfaatdor shaxslarga yetkaziladi.

– Sherzod Shuhratovich, zararni qoplash tartibi va muddati haqida ham to‘xtalsangiz.

– Yetkazilgan zararning haqiqiy summasi ichki ishlar organi tomonidan baholash tashkilotini jalb qilgan holda, mol-mulkiga zarar yetkazilgan shaxsning ishtirokida aniqlanadi. Hisob-kitob naqd yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin. Bundan tashqari, zararga teng mulkni berish, shikastlanganini ta'mirlash yoki boshqa shakllarda ham qoplanishi mumkin. Yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash haqida tegishli qaror qabul qilinganidan keyin ichki ishlar organlari tomonidan o‘n kun muddatda manfaatdor shaxslarga yetkazilgan zarar qoplanishi ta'minlanadi. Zararni qoplash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinadi.

– Zararni aybdor shaxslardan undirib olish tartibi haqida batafsilroq gapirib bersangiz.

– Ichki ishlar organlari zararni qoplagach, aybdor yuridik yoki jismoniy shaxslardan ushbu summani qonunchilikda belgilangan tartibda undirish choralarini ko‘radilar. Ichki ishlar organlari moliya xizmatlari tomonidan zarar qoplanganligini tasdiqlovchi hujjatlar (to‘lov topshiriqnomasi, chiqim kassa orderlari, to‘lov vedomostlari, hisob-faktura va boshqalar) nusxalari ikki kun muddatda ichki ishlar organining yuridik xizmatiga o‘n kun muddatda aybdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda da'vo kiritish uchun topshiriladi.

Aybdor shaxslar mavjud bo‘lganda, ichki ishlar organining yuridik xizmati ayblanuvchilarga da'vo va qarshi da'volar kiritish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda zarur hujjatlarni rasmiylashtiradi; sudlarda vakillikni ta'minlaydi; undirishga qaratilgan, lekin undirilmay qolgan mablag‘larni hisobdan chiqarish uchun sud qarorlari yoki boshqa tegishli hujjatlarni moliya xizmatiga taqdim etadi.

A. A'zamxo‘jayeva suhbatlashdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid