22:28 / 29.07.2017
42433

Matematika, tijorat va koinot: Faqatgina bir kun dunyoning eng boy kishisi bo‘lgan Jyeff Bezos haqida 

2017 yilning 27 iyul kuni Amazon kompaniyasi asoschisi Jyeff Bezos sayyoradagi eng badavlat insonga aylandi. Kompaniya aksiyalari narxi 2017 yilning ikkinchi choragi yakunlari e'lon qilinishidan biroz avval 1,8 foizga o‘sib, 1 071,31 dollarni tashkil etdi. Bu esa Bezosning davlatini 90,6 mlrd dollarga qadar oshirdi. 

Biroq ikkinchi chorak yakunlari e'lon qilinganidan bir kun o‘tib, aksiyalar 3 foizga arzonlashdi: Amazon’ning sof daromadi 77 foizga qisqardi hamda 197 mln dollarni tashkil etdi (bir yil avval 857 mln dollar). Kompaniya foydasi 25 foizga o‘sdi hamda 38 mlrd dollarga teng bo‘ldi. Bezosning davlati 88,7 mlrd dollarga tushib ketdi hamda u yana Geytsdan ortda qoldi. 

Keling, faqatgina bir kun dunyoning eng badavlat insoni maqomida bo‘lgan ushbu tadbirkorning hayot yo‘liga bir nazar solib ko‘ramiz.

Dastlabki yillar 

 

Jyeff Bezos 1964 yili Nyu-Meksika shtatidagi Albukerk shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi Jaklin Giz va Ted Yorgensen maktab paytida bir-birlari bilan tanishib qolishgan. Bezos bir yarim yoshda bo‘lganida uning onasi otasini tashlab ketgan. 1968 yilda esa Jaklin asli kelib chiqish kubalik bo‘lgan erkakka turmushga chiqadi hamda Migel Bezos to‘rt yoshli Jyeffrini o‘g‘il qilib oladi.

Bezosning biografi so‘zlariga ko‘ra, u maktabda a'lochi bo‘lgan. U ajoyib akademik layoqati tufayli Prinston universitetidan stipendiyani qo‘lga kiritadi va kelajakda fizik bo‘lishni orzu qilgandi.

Nyu-York hej-jamg‘armasidan Amazon’gacha

 

1986 yilda Bezos Prinstonni bitirib chiqdi. U Fitel kabel ishlab chiqarish kompaniyasiga ishga joylashadi. Oradan biroz vaqt o‘tib esa Bankers Trust bank tashkilotiga o‘tib ketadi. Shundan so‘ng uning D. E. Shaw hej-jamg‘armasidagi faoliyati boshlandi.

1993 yilda Bezos kompaniyaning vitse-prezidentiga aylandi. U endigina 29 yoshda edi. Keyinchalik u savdo maydonchasini yaratish bo‘yicha loyihaga rahbarlik qildi. U Nyu-York fond birjasining o‘ziga xos muqobili bo‘lishi kerak edi. Amazon’ning bo‘lajak asoschisi internet-texnologiyalar rivojini oldidan ko‘ra bildi hamda unda onlayn-do‘kon haqidagi g‘oya paydo bo‘ladi. U kitoblardan boshlashga qaror qiladi. 

“Ajoyib bir holatning guvohiga aylandim – AQShda internetdan foydalanish yiliga 2300 foizga o‘sib borayotgandi. Men kitob internet-do‘konini yaratish haqida o‘ylay boshladim, u yerda millionlab kitoblar bo‘lishi kerak edi”, - degandi Jyeff Bezos.

Jyeff 1993 yilda o‘zining qo‘li ostida ishlagan qiz Makkenzi Tattlga uylanadi hamda Tattl uning bu qarorini qo‘llab-quvvatlaydi.

Internet-gigantning ilk kunlari

Bezos kompaniyani ochishdan avval ro‘yxatdan o‘tish uchun qulay shaharni tanlashga qaror qiladi. U Nyu-York va Vashingtondan ko‘ra g‘arbiy sohilga ketishni ma'qul ko‘radi. O‘shanda bu yerda AT-kompaniyalar paydo bo‘lib, ko‘plab internet foydalanuvchilar bor edi. Bundan tashqari hududda yashovchi aholi soni haqida ham o‘ylashga to‘g‘ri keldi. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, shtat fuqarosi tovar xarid qilganda, sotuvchi ham o‘sha shtatda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, xaridor soliq to‘lashi lozim edi. Bezos esa butun mamlakat bo‘ylab mahsulot sotishni istardi. 1994 yilning 5 iyul kuni Bezos Siettlda Cadabra nomi ostidagi kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Biroq, keyinchalik bu nomdan ko‘ngli to‘lmay, lug‘atni ochib, u yerda «Amazonka» (Amazon) so‘zini uchratdi. Bu variant unga yoqdi, hamda u kompaniya nomini shunga o‘zgartirdi. Bezos Amazon foydalanuvchilari buyurtmasini pochtaga hattoki o‘zi yetkazib bergan paytlari ham bo‘lgan. Kompaniya pulni tejashga majbur edi – Bezosning boshlang‘ich biznes-rejasiga ko‘ra, Amazon faqatgina to‘rt-besh yildan so‘ng daromad olishi kerak edi. Aslida esa bunga yetti yil vaqt ketdi – 2001 yilning to‘rtinchi choragida 5 mln dollarlik foyda olindi.

1995 yilda Amazon Kleiner Perkins Caufield & Bers fondidan 8 mln dollarlik sarmoyani jalb qila oldi. 1997 yilda esa kompaniya NASDAQ birjasiga chiqdi: servis 54 mln dollarni jalb qildi.

Kompaniyadagi xodimlar soni o‘sib bordi, hamda Bezos ishga kiruvchi xodimlar uchun bir necha asosiy mezonlarni belgiladi. Ulardan biri – har bir yangi xodim bilan bo‘lajak da'vogarlar uchun talablar ro‘yxati ham oshib borishi kerak.

Amazon’ning rivojlanishi

Bezos servis ishga tushganidan biroz vaqt o‘tib, u yerga film va musiqa disklarini qo‘shdi. Hozirgi kunda Amazon kiyim-kechak, bolalar tovarlari, iste'mol elektronikasi, kosmetik vositalar, oziq-ovqat, tibbiy preparatlar, sanoat va ilmiy mahsulotlar, oshxona jihozlari hamda boshqa ko‘plab narsalarni sotadi. Bezos tajriba qilishdan qo‘rqmaydi. Masalan, kompaniyasi bolalar mahsulotlariga endi chiqib kelayotgan paytda, u talabgir bo‘lmagan o‘yinchoqlarni xarid qilib, 120 mln dollarni yo‘qotgandi. Biroq, ba'zi tajribalar omadli ham bo‘ldi. Masalan, xaridni bir klikda rasmiylashtirish mexanizmi – foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, bank kartasi ma'lumotlari va uy manzilini kiritishi talab etilmaydi. Keyinchalik bu texnologiyani Apple ilovalar do‘koni uchun litsenziyaladi. Bezosning kompaniyasi 2005 yilda Prime – mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha premial servisni ochdi. Foydalanuvchilar yiliga 79 dollar evaziga mahsulotni ikki sutka ichida bepul qabul qilib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bezos ma'lum bir vaqt kelib, raqobatchilari - Barnes & Noble kabi kitoblar sotuvchisi hamda Walmart kabi yirik riteylerlar esa, balki Google hamda Apple ekanini tushunib yetdi. Amazon Google bilan ikki sababga ko‘ra raqobat qildi. Birinchidan, qidiruv tizimida mahsulotlarni qidirgan foydalanuvchilar tufayli. Amazon muhim so‘zlar bo‘yicha reklamaga juda katta pullarni sarflashga majbur bo‘lgan. Ikkinchidan esa – iste'dodli dasturchilar uchun. Google’ga qidiruv algoritmini yaxshilash talab etilgan bo‘lsa, Amazon’ga – optimallashtirish va ma'lumotlarni qayta ishlash uslublari. Google’da ajoyib ofislar, bepul taom, massajchilar bor edi hamda uning bosh qarorgohi quyoshli Kaliforniyada joylashgandi. Amazon esa yomg‘irli Sietlda joylashib, o‘z xodimlarini avtoturargoh uchun pul to‘lashga majburlardi.

Apple bilan raqobat esa 2000-yillar boshida paydo bo‘ldi. O‘shanda Stiv Jobsning kompaniyasi iPod musiqa pleyeri va o‘zining musiqa do‘konini taqdim etdi. Bu Amazon’ning biznesiga zarba bo‘lib tushdi – o‘shanda musiqa, kitoblar va filmlar sotuvi kompaniya daromadining to‘rtdan uch qismiga teng edi. 

Bezos biznesni o‘zi «buzish» haqida qaror qabul qildi. Natijada kompaniya Kindle – kitoblarni xarid qilish va o‘qishga mo‘ljallangan elektron qurilmani taqdim etdi. 

Amazon Google bilan raqobat uchun dasturchilarni o‘ziga jalb qilishga qaror qildi va o‘z virtual serverlaridagi joyni ijaraga berishni boshladi. 2015 yilda AWS daromadi 7,8 mlrd dollardan oshdi, 2017 yilda esa kompaniya bozorning 47,1 foiziga egalik qilishda davom etmoqda.

Biroq, Bezosning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya raqobatchilar nima bilan shug‘ullanishiga katta e'tibor bermaydi. Amazon o‘z mijozlari talab va ehtiyojlariga e'tibor qaratadi. 

«Bizning falsafa kompaniyadagi barcha jarayonlarni bog‘lab turadi, hamda u – raqobatchilar haqida emas, balki mijozlar haqida o‘ylash. Biz rejalashtirish chog‘ida birinchi navbatda mijozning talablaridan kelib chiqamiz, jamoa ichidagi yangi ko‘nikmalarni rivojlantiramiz va kelajakda katta talabga ega bo‘ladigan mahsulotni yaratamiz», - deydi Bezos.

Tadbirkorning biografi so‘zlariga ko‘ra, Amazon – bu mijozlari uning g‘oyalariga tezkorlik bilan katta baho berishiga umid qilmaydigan kompaniya. Shuning uchun Bezos tajribalarni o‘tkazishda davom etmoqda – mahsulotlarni dronlar yoki dirijabllar yordamida yetkazib berishni taklif qilmoqda, ovozli yordamchilarni yaratmoqda hamda kassalarsiz do‘kon haqida orzu qilmoqda. Biroq tadbirkorning eng sevimli xobbilaridan biri bu – koinot.

Jyeff Bezosning yulduzli yo‘li

2000 yilda Bezos Blue Origin – fazoviy turizmni tashkil etuvchi kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazdi. «Bu mening bolalik orzum edi. Men besh yoshimda koinot va u yerdagi barcha narsani yaxshi ko‘rib qolganman. O‘shanda men astronavt Nil Armstrong Oyning yuzasiga qadam qo‘yganini ko‘rgandim. Sen ko‘nglingga yoqadigan narsani o‘zing tanlamaysan – ular seni o‘zi topadi», - deya eslaydi tadbirkor.

NASA sobiq muhandisi Rob Meyyerson kompaniyaning prezidentiga aylandi. Bezos Ilon Maskdan farqli ravishda, aerofazoviy kompaniyaning ishi haqida oshkora gapirmaydi. 2015-2016 yillar davomida uchuvchisiz fazoviy kema Yer yuzasidan 100 kilometr balandlikka ko‘tarilib, boshlang‘ich nuqtaga qaytib keldi hamda sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. 2018 yilda kompaniya bortida kishilar bo‘lgani holda birinchi sinov parvozlarini amalga oshirish niyatida. 

Hozirda Blue Origin orbitaga kishilar va yuklarni olib chiqishi mumkin bo‘lgan kema ustida ishlamoqda – Ilon Maskning SpaceX’i buning uddasidan chiqdi. «Ochig‘ini aytganda, hozirda Blue Origin’ga Amazon’ning muvaffaqiyatlaridan kelgan daromadni investitsiya qilayapman. Har gal o‘z aksiyalarimni sotganimda, men Blue Origin jamoasiga yanada ko‘proq pul berishim mumkin bo‘lmoqda», - deydi Bezos.

Ayni kunda kompaniyada taxminan 600-800 kishi ishlamoqda. Bezos har yillik «to‘lovlar» miqdorini oshkor etmaydi, biroq Fourtune nashri ma'lumotlariga ko‘ra, u yiliga 500 mln dollarni tashkil etadi. Bezosning davlati taxminan 90 mlrd dollar ekanini hisobga olsak, u o‘z fazoviy biznesini yana 180 yil davomida qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Mavzuga oid
Top