Kattaqo‘rg‘onda yosh yigit tengdoshlari tomonidan kaltaklanishi tufayli hayotdan ko‘z yumdi
"Yoshlik – beboshlik" degan ibora xalqimiz orasida keng tarqalgan. Bu gapni kimlar erkalash ma'nosida aytsa, kimdir yoshlik qiziqqonligi tufayli sodir bo‘ladigan ba'zi noxush holatlarga nisbatan qo‘llaydi. Aslida bu beboshlik inson umriga zomin bo‘lishiga olib kelsa-chi? Kattaqo‘rg‘on shahrida yuz bergan ana shunday beboshlik ortidan sodir etilgan jinoyat bir yosh yigitning o‘limi bilan yakun topdi, deb yozmoqda “Zarafshon” gazetasi.
Ushbu janjal dastlab Kattaqo‘rg‘on shahar Ingichka qo‘rg‘onida tashkil etilgan arqon tortish musobaqasida boshlandi. Tortishuv musobaqa yakun topgandan keyin ham davom etadi va yoshlar guruhbozlik qilib, bir-biri bilan "hisob-kitob" qilishni o‘zlariga ma'qul ko‘rishadi.
R.Tursunov va A.Bobomurodov musobaqaning ertasiga D.Kenjayev va M.Abdunabiyevlarni avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi yonida haqoratlab, ularga tan jarohati yetkazadi. Shu bilan janjal yakuniga yetmaydi. Jabrdiydalar qasos olish uchun yoniga o‘rtoqlarini to‘playdi.
M.Abdunabiyev, J.Jumayev va F.Maxmadraimov bir guruh bo‘lib, A.Bobomurodovni do‘pposlaydi. Voqeaga guvoh bo‘lgan B.Berdirahmonov A.Bobomurodovni tanib, unga yordam berishga oshiqadi va u ham jahl otidagi kimsalar mushtidan benasib qolmaydi.
Mushtlashuv natijasida A.Bobomurodov hushini yo‘qotadi. Unga yordam bermoqchi bo‘lgan janjal ishtirokchilarining harakati besamar ketadi. Shifoxonaga olib borilgan A.Bobomurodov tan jarohatlari tufayli vafot etadi.
Voqea joyida olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari va guvohlar ko‘rsatmasi jinoyatga qo‘l urgan kimsalarning aybini tasdiqladi.
Sudning qora kursisida o‘tirgan, yoshlik zavqini zaharga aylantirgan yoshlar qilmishidan pushaymon bo‘ldi. Sud ularga nisbatan qonuniy jazo tayinladi.
Mavzuga oid
11:24 / 06.11.2024
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
21:29 / 27.09.2024
Chilonzorda “dom” qurmoqchi bo‘lgan firma mansabdorlari tergovga tortildi
18:26 / 16.09.2024