02:25 / 01.08.2017
13733

Tramp tayinlanganiga 10 kun bo‘lgan Skaramuchchini ishdan bo‘shatdi

RIA Novosti’ga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp moliyachi Entoni Skaramuchchini Oq uyning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori lavozimidan tayinlanganiga bor-yo‘g‘i 10 kun to‘lganda bo‘shatdi, deya xabar qilishmoqda Amerika yetakchisining ma'muriyatida.

«Janob Skaramuchchining hisoblashicha, apparatning (yangi) rahbariga o‘z jamoasini tuzish uchun to‘la erkinlik berilganida yaxshi bo‘lar edi», — degan AQSh ma'muriyati matbuot kotibi Sara Sanders.

Ilgariroq Skarmuchchining iste'foga chiqarilganini The New York Times nashri ma'lum qilgan edi. Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, u Oq uy apparatining yangi rahbari Jon Kellining talabi bilan ishdan bo‘shatilgan.

O‘tgan haftada Oq uy apparatining oldingi rahbari Rayns Pribas va Trampning matbuot kotibi Shon Spayser iste'foga chiqarilgan edi. Apparatning yangi rahbari etib, iste'fodagi general, shu vaqtgacha ichki xavfsizlik vaziri bo‘lib ishlagan Jon Kelli tayinlangan. Matbuot kotibi lavozimiga esa Sara Sanders tayinlangan.

Ular bilan birgalikda Oq uyga Pribas va Spayser iste'fosining sababchisi, deya atab kelinayotgan kommunikatsiyalar bo‘yicha yangi direktori Entoni Skaramuchchi ham kelgan. Azaldan boy moliyachi sifatidan tanilgan Skaramuchchi ishining dastlabki kunlaridanoq idoradagi hozirgi va sobiq xodimlar sha'niga qo‘pol so‘zlar ishlatgani bilan tillarga tushgan edi.

Kommunikatsiyalar bo‘yicha yangi direktor bilan telefon orqali so‘zlashishga musharraf bo‘lgan New Yorker jurnalisti Rayan Litstsning so‘zlariga ko‘ra, Skaramuchchi apparatning o‘sha paytdagi rahbari Rayns Pribasni «jin urgan paranoik va shizofrenik», deb atagan. Undan tashqari prezidentning strategik masalalar bo‘yicha yordamchisi Stiven Bennonni tanqid qilgan va u Vashingtonda faqat o‘z manfaatlarini himoya qilayotganini ta'kidlagan.

So‘ngroq Skaramuchchi «qizg‘in iboralar»dan foydalanganini tan olgan va kelgusida jurnalistlarga ishonmasligini ham ma'lum qilgan.

Mavzuga oid
Top