19:29 / 02.08.2017
21853

Milliy universitetda imtihon qanday o‘tdi?

Ma'lumki, 1 avgust kuni O‘zbekistondagi barcha oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Kun.uz ijodiy jamoasi O‘zbekiston Milliy universitetida ham bo‘ldi. Qabul komissiyasi va davlat test imtihoniga mas'ul vakillar o‘zlariga yuklatilgan vazifani sidqidildan ado etdi.

Ijodiy jamoa fursatdan foydalanib O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, texnika fanlar doktori, professor Avazjon Maraximov bilan suhbatlashdi.

“Bir kunlik test. Lekin bunga puxta tayyorgarlik ko‘rmasdan, talablar darajasida, abituriyentlar hamda ularning ota-onalari uchun qulay shart-sharoit yaratmasdan turib buni tashkil etib bo‘lmaydi. Qariyb bir oy davomida mana shu jarayonga tayyorgarlik ko‘rildi. O‘zbekiston Milliy universitetida bugun 12 ta obektda, 395 ta auditoriyada test sinovlari tashkil etildi. Bunda 13 ming 790 nafar abituriyent ishtirok etdi. 

Birinchidan, test jarayonini shaffof, halol, ishonchli o‘tkazish uchun ota-onalarning ko‘ngli bu yerdan to‘lib qaytishi kerak. Bu yil qabul jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga harakat qildik. Ulardan biri – arizalarni topshirishda hujjatlarni onlayn rejimda, masofadan turib topshirishga imkoniyat yaratdik. Ikkinchidan, test jarayonlarida qo‘llaganlarimizdan biri - zamonaviy intellektual texnologiyalar: barmoq izlari, yuz tasviri orqali shaxsni aniqlash texnologiyalarini joriy etdik. Bu kimningdir o‘rniga kirishning oldini oldi. Universitet hududidagi barcha auditoriyalarda videokuzatuv vositalari o‘rnatildi. Auditoriyada bo‘layotgan jarayonlarni onlayn translyatsiya qildik. Bu ham shaffoflikni beradi”, - deydi rektor.

Bu yil O‘zbekiston Miliy universitetga 1395 nafar abituriyent talabalar safiga kiritiladi. Imtihonlarning haqqoniy bo‘lishi millat kelajagiga qo‘yilayotgan poydevor. Garchi ko‘pchilik haqiqatga tik qarashga tayyor bo‘lmasa-da, ammo bugun bo‘lmasa ertaga bunga qo‘l urishimiz kerak. Zero, xalqni aldashga hech kimning haqi yo‘q. 

Top