«Bank siri to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar  kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi bo‘yicha tushuntirishlar.

Davlat rahbarining “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 29.05.2017 yildagi PF–5059-sonli Farmoniga  muvofiq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish vakolati davlat ijrochilari zimmasiga  yuklatilgan.

Shu munosabat bilan, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasi nomidagi va 12-moddasi matnidagi «sud» degan so‘z «davlat» degan so‘zga almashtirilishi zarur. Qarzdorlarning bankdagi aktivlarini aniqlash bo‘yicha tijorat banklari va Byuro o‘rtasida o‘zaro elektron almashinuv tayyor bo‘lgani holda, qonunchilikda davlat ijrochilari banklarga yozma ravishda murojaat qilishini qat'iy belgilab qo‘yuvchi «oq dog‘lar» mavjud bo‘lgani sababli amaliyotda mazkur masala hal etilmagan. So‘rov xatlarini yozma shaklda yuborish elektron so‘rovlarga nisbatan nafaqat ko‘proq xarajat, balki ko‘p vaqt ham talab etadi (so‘rov xati va uning javobini pochta aloqa xizmati orqali yuborishga 7-10 kundan ko‘proq vaqt ketadi). Ushbu vaqt ichida qarzdorlar o‘z aktivlarini uchinchi shaxslar foydasiga begonalashtirishga ulgurishmoqda. Buning oqibatida sud qarorlari va boshqa organlar qarorlarining ijrosi kechiktirilmoqda.

Xalqaro tajribaga nazar tashlasak (Avstriya, AQSh,  Daniya, Ispaniya, Portugaliya, Rossiya, Finlyandiyada) so‘rov xatlari va ularga javoblarni elektron tarzda olish imkoniyatining yaratilishi qarzdorlarning mol-mulkini aniqlash uchun sarflanayotgan vaqtni qisqartirib, undiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini tezlashtirishga xizmat qiladi, shuningdek sud tizimi obro‘sini mustahkamlaydi.

«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunda ijro hujjatlarining ijrosini ta'minlash qarzdorlarning pul-mablag‘lari va mol-mulkiga qaratish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq sud qarorlari asosida taqdim etilgan ijro varaqalari bilan birga notariusning ijro xati, ma'muriy javobgarlikka tortish vakolatiga ega bo‘lgan organlarning qarorlari ijro hujjatlari deb hisoblanadi.

«Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunning 10-moddasida belgilab qo‘yilgan shart, ya'ni qarzdorning hisobvarag‘iga band solish faqatgina sud qaroriga asosan taqdim etilgan ijro hujjati asosida amalga oshirilishi boshqa turdagi ijro hujjatlarini ijrosini ta'minlashda qarzdorning bankdagi pul mablag‘lariga qaratishga to‘sqinlik qilmoqda.